Shavkat Mirziyoyev Belarusga tashrif davomida hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbaring 8−9-iyul kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish, shuningdek, turli sohalarda umumiy qiymati $2 mlrdlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Prezident ularni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta‘kidladi.
Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat obyektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40% ini yoki 8 mln gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi.
Bu imkoniyatlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish hamda fuqarolarni tashkiliy asosda ish bilan ta‘minlash mumkinligi taʼkidlandi.
Bunda Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarus tomoni bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi.
Ikki hudud o‘rtasida “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, aniq tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish boshlangan. Jumladan, 255 nafar Andijon viloyati fuqarosining tashkiliy asosda Vitebskka borishi va bandligi ta‘minlandi.
Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning har biri 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol parvarishlash imkoniyatiga hamda yetarli ozuqa maydonlariga ega.
Andijon invest kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy tashabbuslarni boshlash choralari ko‘rilmoqda.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati $100 mlndan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi.



Xususan, Vitebsk viloyatida 3 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik sutchilik majmuasi, bir qator o‘rta hajmdagi chorvachilik xo‘jaliklari, yog‘ochni chuqur qayta ishlash va uning chiqindilaridan pellet ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida shakllangan hamkorlik modelini boshqa hududlar kesimida ham rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlariga biriktiriladi.
Sanoat va agrar obyektlar negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish hamda aholi bandligini ta‘minlash bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” tasdiqlanadi.
Har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy sheriklar bilan qo‘shma tashabbuslarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Spot, avvalroq, Belarus O‘zbekistondan yana 5 ming nafar mehnat migrantini jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.


