Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga ko‘paytirishga kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 30-iyul kuni Cho‘lponotada Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ma‘lum qildi.

Bu kelishuv Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida 2004-yil 24-iyulda imzolangan Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Protokolda mustahkamlandi. Hujjat O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan ikki tomonlama bitimlar to‘plamidan o‘rin oldi.

chegara, o‘tkazish punktlari, prezident, qirg‘iziston, sadir japarov, shavkat mirziyoyev

Shuningdek, Japarov tomonlar fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tmasdan o‘zaro yurish muddatini 15 kungacha uzaytirgani va Qirg‘izistonning Andijon shahrida Bosh konsulxonasini tashkil etish masalasini qo‘llab-quvvatlaganini ma‘lum qildi.

“Chegaradosh hududlar hamkorligi masalalariga alohida e‘tibor qaratildi. Sizning ishtirokingizda Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma, O‘tkazish punktlari hamda Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimlarga doir Protokollar imzolandi. Biz chegara masalalarini to‘liq yakunladik, o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga yetkazdik, ikki davlat fuqarolarining o‘zaro yurish muddatini 15 kungacha uzaytirdik”, — dedi u.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazish punktlari sonining ko‘paytirilishi va boshqa erishilgan kelishuvlar fuqarolarning sayohatlari, savdo, tranzit, logistika, turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, chegaradosh hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun yana-da qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.

chegara, o‘tkazish punktlari, prezident, qirg‘iziston, sadir japarov, shavkat mirziyoyev

Bundan tashqari, tomonlar yirik mintaqaviy loyihalar, jumladan, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘li va Qambarota-1 GESi qurilishini amalga oshirishga sodiqligini tasdiqladi, shuningdek, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatiga qo‘shimcha sur‘at bag‘ishlashga kelishib oldi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishlari mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.