O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘iziston hududida majburiy ro‘yxatdan o‘tmasdan 15 kungacha bo‘lishi mumkin bo‘ladi. Hozirda bu muddat 5 sutkani tashkil etadi. Bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasidagi 2006-yil 3-oktabrda qabul qilingan fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomada nazarda tutilgan.

Hujjat 30-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi muzokaralar yakunida imzolangan. Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi davlat rahbarlari huzurida bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, bayonnoma ikki davlat hududida bo‘lish qoidalarini soddalashtirish orqali ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlari rejimini yanada liberallashtirishga qaratilgan. Hujjat 2006-yilgi bitimni to‘ldiradi va fuqarolarning erkin harakatlanishi, chegaraoldi hamkorlik, turizm, savdo va gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.

Xususan, bayonnomada O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlarida doimiy va (yoki) vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qilish nazarda tutilgan.

TIVning eslatishicha, hozirda Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirgandan keyin besh sutka ichida ichki ishlar organlarida shaxsan ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bayonnoma kuchga kirgandan so‘ng bu muddat 15 kungacha uzaytiriladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Qirg‘iziston tovar ayirboshlash hajmini $2 mlrdga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.