Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Ulardan biri Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Ton tumanida joylashgan Bo‘ston pansionati bo‘yicha shartnoma bo‘ldi. Mazkur majmua 2024-yilda o‘zbekistonlik investorlarga ijaraga berilgan to‘rtta dam olish maskanidan biri hisoblanadi.

Shu jumladan:

  • O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegarasining uchastkalari to‘g‘risida shartnoma;
  • Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida bitim;
  • Davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya taʼminoti to‘g‘risida bitim;
  • Oliy taʼlim sohasidagi kreditlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida bitim;
  • Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida bayonnoma;
  • Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga bayonnoma;
  • Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-rekreatsiya xo‘jaligi obyektlari to‘g‘risidagi bitimga bayonnoma;
  • 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi tadbirlar rejasi;
  • 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi qo‘shma harakatlar rejasi;
  • Qirg‘iz Respublikasi Issiqko‘l viloyati Ton tumanida joylashgan Bo‘ston pansionati to‘g‘risida shartnoma;
  • 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan agrosanoat majmuasi sohasidagi amaliy chora-tadbirlar rejasi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.