Bektemir tumanida Chirchiq daryosining 16 kilometrlik qismi bo‘ylab hududni rivojlantirish bo‘yicha Daryo bo‘yi business city loyihasi taqdim etildi.
Konsepsiya qirg‘oq chizig‘ini obodonlashtirish va yashash, ishlash va dam olish uchun yangi hududlar yaratishni nazarda tutadi, deya xabar berdi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Taqdimotda aytilishicha, umumiy maydon 958,7 gektarni tashkil etadi, shundan 307 gektari investorlar uchun mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 1,416 trln so‘mga baholanmoqda. Hududni to‘rtta zonaga bo‘lish taklif qilinmoqda: uzunligi 3 km bo‘lgan River City va Lake City, uzunligi 5 km bo‘lgan Villa City va Tech City.




Loyihaning birinchi bosqichi 144,3 gektar maydonni egallagan Tech City bo‘ladi, shundan 40 gektari investorlar uchun hudud sifatida belgilangan.
Sanoat obyektlari, savdo maydonlari va yashil hududlar uchun 15 gektardan, uy-joy va ijtimoiy infratuzilma uchun 10 gektardan yer ajratiladi. Bundan tashqari, 15 km avtomobil yo‘llari, piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurish rejalashtirilgan.
Tech City qiymati 390 mlrd so‘mga baholanmoqda. Taqdimotga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 187,4 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan, ishlarni yakunlash uchun yana 168 mlrd so‘m talab etiladi.
12 ta sun’iy suv havzasi barpo etish masalasi alohida muhokama qilindi. Ularning umumiy maydoni 108 gektar, suv hajmi 2,3 mln kub metrni tashkil etadi. Loyihada qirg‘oqlarni mustahkamlash va suv sathini tartibga solish bo‘yicha yechimlar ham ko‘zda tutilgan.
Hokimlikning ta’kidlashicha, loyiha qirg‘oqbo‘yi hududlarini rivojlantirish, poytaxt aholisi va mehmonlari uchun yangi diqqatga sazovor joylarni yaratish, transport qulayligi va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, u xizmat ko‘rsatish, turizm, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Taqdimot yakunida mutasaddilarga loyihaning aholi qulayligi, xavfsizligi, ekologik barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini inobatga olgan holda konsepsiyani takomillashtirish topshirildi.
Avvalroq Spot Toshkentning uchta hududida uy-joy renovatsiyasi loyihalari boshlangani haqida yozgandi.
Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida tashkil etilgan shtablar aholiga loyihaning tartibi, ko‘chirish shartlari va kompensatsiya mexanizmlarini tushuntirmoqda.



