Toshkent shahrining uchta hududi renovatsiya loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi bosqichda aholini, tashabbuskor guruhlarni va loyiha tarafdorlarini uning tafsilotlari, amalga oshirish tartibi, taklif etilayotgan hududlar, ko‘chirish shartlari hamda boshqa muhim masalalar bilan bevosita tanishtirish ko‘zda tutilgan.
Renovatsiya loyihalarini Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi belgilangan hududlarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Jarqo‘rg‘on, Abdurauf Fitrat va Xonobodtepa mahallalarida joylashgan shtablar faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Bunday shtablar har bir renovatsiya hududida faoliyat yuritadi. Ularning tarkibiga barcha mutasaddi tashkilot va xizmatlar: hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, soliq idoralari, Majburiy ijro byurosi, kommunal xizmatlar, kadastr, adliya, qurilish idoralari, mahalla tuzilmalari vakillari, shuningdek, gaz, elektr, suv va issiqlik ta’minoti masalalari bo‘yicha mutaxassislar, banklar, notariat va boshqa mas’ul tashkilotlar kiradi.
“Shtablarning asosiy vazifasi — bevosita joylarda bo‘lib, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, renovatsiya mexanizmini tushuntirish, savollarga javob berish, har bir oilaning takliflari, xavotirlari va o‘ziga xos holatlarini qayd etib borishdan iborat”, — deyiladi xabarda.



Aholi bilan uchrashuvlarda loyihalarni amalga oshirish tartibi, ko‘chirish, hujjatlarni rasmiylashtirish, kompensatsiya to‘lash, muddatlar, kafolatlar kabi masalalar hamda aholini joylashtirishning eng qulay va maqbul variantlari bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shavkat Umurzoqov renovatsiya jarayonida fuqarolarni tayyor yangi uylardagi teng qiymatli xonadonlar bilan ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Bu odamlarga qurilishning tugashini yillar davomida kutib o‘tirmasdan, imkon qadar qisqa muddatlarda — iloji bo‘lsa, o‘sha tumanning o‘zida yoki o‘zlari uchun odatiy shahar muhitida joylashgan shinam xonadonlarga ko‘chib o‘tish imkonini beradi”, — deya qayd etdi hokimlik.
10-iyun kuni prezident shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat eskirgan va avariya holatidagi uy-joylarni yangilash, ularni qayta qurish hamda yashil hududlar tashkil etishni nazarda tutadi.
Renovatsiya uchun uy egalarining kamida 80% roziligi talab etiladi. Uy egalari yangi uy olish, boshqa hududdan ko‘chmas mulk bilan ta’minlanish yoki pul kompensatsiyasini tanlash huquqiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot Samarqanddagi Kimyogarlar qo‘rg‘oni renovatsiya qilinishi haqida yozgan edi.


