Yangi Buxoro aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va boshqarish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi xalqaro aeroportni qurish va boshqaruvga berish loyihasi doirasida xususiy sherikni tanlash bo‘yicha dastlabki malaka bosqichi (RFQ) 11-martdan 21-maygacha davom etdi. Dastlabki malaka arizalari ko‘rib chiqilgach, Idoralararo tender komissiyasi tomonidan birinchi bosqichdan o‘tgan talabgorlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Loyihaga Buyuk Britaniya, Irlandiya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Shveysariya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Baxrayn, BAA, Qatar kabi mamlakatlar va mahalliy kompaniyalardan jami 51 tasi qiziqish bildirdi.
Texnik, huquqiy va moliyaviy qismlardan iborat uch bosqichli baholash yakunlari bo‘yicha Idoralararo tender komissiyasi tomonidan malaka bosqichidan o‘tgan 6 nafar xalqaro kompaniyalar qisqa ro‘yxati shakllantirildi. Ularga tenderning ikkinchi bosqichi — takliflar so‘rovida (RFP) qatnashishlariga ruxsat berildi.
Joriy yilning mart oyida yangi Buxoro aeroportini qurish va boshqarish bo‘yicha tender e‘lon qilindi. Loyiha Uzbekistan Airports tomonidan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Uning doirasida Buxoro tumanidagi Qumsulton massivi hududida yangi aeroport majmuasi qurilib, 48,5 ming kv.metrlik yo‘lovchi terminali, keytering binosi, avtoturargohlar va yoqilg‘i majmuasi barpo etiladi.
Aprel oyida prezident yangi aeroport qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Havo bandargohi va unga yondosh infratuzilma uchun shahar tashqarisidan 370 gektar yer ajratildi. Aeroportgacha 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yerosti o‘tish yo‘li va 8 ta ko‘prikni o‘z ichiga olgan 23,8 km uzunlikdagi yo‘l quriladi.
Uzunligi 3,3 km bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishga qodir bo‘ladi. Aerovokzal terminali esa soatiga 1200 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.
May oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev loyihaga 50 dan ortiq kompaniya qiziqish bildirganini Spot’ga ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Spot prezident Uzbekistan Airways’ni IPOga tayyorlash ishlarini tezlashtirishni topshirgani haqida yozgan edi.