15-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways aviakompaniyasini transformatsiya qilish va IPOga tayyorlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Franklin Templeton kompaniyasi boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) portfelidagi 13 ta yirik kompaniyada transformatsiya jarayonlarini tezlashtirib, ularni IPOga tayyorlash zarurligi qayd etildi. Jumladan, Uzbekistan Airways, O‘zsanoatqurilishbank, O‘zbekgidroenergo, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari va O‘zbektelekom bo‘yicha ishlarni shu yilning o‘zida yakunlash maqsad qilingan.

Taqdimotda Uzbekistan Airways misolida mazkur jarayonlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Franklin Templeton milliy aviakompaniyaning faoliyatini diagnostikadan o‘tkazib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturini ishlab chiqdi. Dastur to‘liq amalga oshirilsa, kompaniyaning operatsion daromadlarini bir yilda $120 mlnga oshirish mumkin.

Jumladan, marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni oshirish va mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, reyslarni bekor qilish holatlari va kechikishlarni kamaytirish, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish kabi tizim korxonalari samaradorligini oshirish, bozordagi vaziyatga tezkor moslashish va malakali mutaxassislarni jalb qilish hisobidan qo‘shimcha daromad olish mumkinligi qayd etildi.

Natijada aviakompaniyaning bozor qiymatini $1,6 mlrddan $2,3 mlrdgacha oshirish imkoni mavjud.

Shu bilan birga, dastur ishlab chiqilganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, uni amalga oshirish ishlari sust borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari kompaniyani xalqaro kapital bozoriga tayyorlash uchun birinchi navbatda boshqaruv sifatini tubdan oshirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.

Yil yakunigacha Uzbekistan Airways’ning 15−20% aksiyasini xalqaro IPO orqali sotish rejalashtirilgan. Buning uchun kompaniya faoliyatini xolis baholash, uning investitsion jozibadorligini oshirish, maxsus havo kemalarini kompaniya balansidan chiqarish, davlat buyurtmasi asosida bajarilgan xizmatlarni qoplash mexanizmini joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi belgilandi.

Yil boshidan mamlakatga turistlar oqimi 27,5% ga oshib, qariyb 5,5 mln nafarga yetdi. Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQSHdan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli ko‘paygan. Biroq, aviakompaniya bu o‘sishga yetarlicha tez moslasha olmayapti. Samolyotlar parkini kengaytirish ishlarida kechikishlar mavjud.

Shu bois, aviakompaniyada xaridlar tizimini alohida tartib asosida tashkil etish, samolyotlar parkini kengaytirish bo‘yicha qarorlarni tezkor qabul qilish va bu jarayonlarda xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviaxabiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Buning uchun Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports va Yangi Toshkent aeroporti o‘rtasidagi hamkorlikni yagona tizim asosida muvofiqlashtirish, infratuzilma, yo‘nalishlar va tranzit tarmog‘ini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga UzNIF portfelidagi korxonalar transformatsiyasini tizimli tashkil etish uchun alohida loyiha ofisini ishga tushirish, kompaniyalar boshqaruv organlariga xalqaro moliya bozorlari talablarini yaxshi biladigan, tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish, har bir korxona bo‘yicha IPOga tayyorgarlikning aniq grafigini ishlab chiqish va ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.

Avvalroq Spot UzAirways Rossiyaga, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgga reyslarni qisqartirishi haqida yozgan edi.