Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Spot’ga tadbirkorlarning qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi uchun belgilangan chegaraning oshirilishi yuzasidan izoh berdi.
BHMning 12 ming baravari (4,944 mlrd so‘m) miqdoridagi yangi chegara prezidentning 26-maydagi kichik biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi farmoni bilan joriy etildi. Qaror joriy yilning 1-iyunidan o‘zgartirishlar kuchga kirgunga qadar va undan keyin QQS to‘lashga o‘tish uchun tushum chegarasini belgilash tartibi borasida savollarni yuzaga keltirdi.
Soliq qo‘mitasida ta’kidlanishicha, yanvar-may oylarida aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan kompaniyalar QQS to‘lashga eski tartib bo‘yicha o‘tadi. Iyun oyidan boshlab esa unga aylanma faqat 4,944 mlrd so‘mlik yangi chegaradan oshgandagina o‘tish mumkin.
Shuningdek, idora o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun o‘zgarishlarning qanday amal qilishini tushuntirdi. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, QQSga o‘tishning yangi chegarasi ularga ham avvalgisi kabi qo‘llanadi.
Umumbelgilangan soliq rejimiga o‘tish chegarasining oshirilishi 26-may kuni prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimot yakunida e’lon qilindi. Unda Shavkat Mirziyoyev kichik biznesning o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy sharoitlar va tartibga solish muhitini yaratish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqqan edi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, 2019-yilda 1 mlrd so‘mlik limit belgilangandan buyon narxlar sezilarli darajada oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar bu chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bo‘lishga o‘tayotgan edi.
“Bu masala anchadan buyon tadbirkorlar uchun og‘riqli bo‘lib kelayotgan edi. Hududlarga safarlar chog‘ida ular QQS to‘lashga o‘tish bo‘yicha 1 mlrd so‘mlik chegara juda pastligi, soliq ma’muriyatchiligi murakkabligi, tekshiruv va hisobotlar esa haddan tashqari ko‘pligini ta’kidlab kelishardi. Natijada biznes xotirjam rivojlanish o‘rniga sun’iy ravishda bo‘linishga majbur bo‘layotgan edi”, — dedi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.
Yig‘ilishda kichik biznes uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan boshqa takliflar ham bildirildi. Umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun 6% stavkada QQS to‘lash, restoran va mehmonxonalarga alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berish hamda soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish shular jumlasidandir.
Spot soliq maslahatchisi Umidbek Safarov bilan soliq tizimidagi ushbu o‘zgarishlar borasida suhbatlashib, tadbirkorlar nimalarga tayyor bo‘lishi, endi nima qilishlari kerakligini ko‘rib chiqdi.
Avvalroq Spot top-6 bloger budjetga qariyb 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani haqida yozgan edi.