May oyi oxirida qabul qilingan prezident farmoni bilan kichik biznes uchun soliq nazorati yengillashtirildi.
Asosiy o‘zgarishlardan biri joriy yil 1-iyundan umumbelgilangan soliq rejimiga o‘tish uchun belgilangan yillik aylanma chegarasining miqdori qariyb 5 mlrd so‘m etib belgilandi. Shu paytga qadar bu 1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Xuddi shu sanadan boshlab mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol hamda tamaki mahsulotlari uchun naqd pul qabul qilishga ruxsat beriladi. Endi kafe va restoranlar ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tartibda shu kunning o‘zida va belgilangan muddatga ishga qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ular to‘langan QQSning 40%igacha bo‘lgan qismini qaytarib olishlari mumkin.
Bundan tashqari, 1-iyundan boshlab 2030-yilgacha savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlarga QQSni soddalashtirilgan tartibda to‘lash imkoniyati yaratiladi. Bu tartibda QQS stavkasi 6% etib belgilanadi, foyda solig‘i esa 0% bo‘ladi va hisobotni topshirish majburiyati bekor qilinadi.
Farmon QQS ma’muriyatchiligini ham soddalashtiradi. Xususan, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi, 10 mln so‘mgacha bo‘lgan salbiy QQS qoldiqlari tadbirkor arizasisiz avtomatik qaytariladi hamda 2027-yildan past xavfli holatlarda QQSni qaytarish jarayoni inson omilisiz amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2028-yilgacha kichik biznes subyektlariga aniqlangan soliq xatolarini mustaqil tuzatish imkoniyati beriladi. Soliq xavfi summasi ma’lum chegaradan oshmagan hollarda soliq auditi va sayyor tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Bank hisobvaraqlarini blokdan chiqarish jarayoni ham to‘liq avtomatlashtiriladi.
Bu o‘zgarishlar tadbirkorlar tomonidan ijobiy kutib olinmoqda. Chunki biznes shu vaqtga qadar QQS to‘lashga o‘tish chegarasini oshirish masalasini bir necha marotaba ko‘tarib kelgan. Xususan, bundan bir yil oldin xizmatlar sohasi uchun QQSni hisobga olmasdan 6% gacha pasaytirish va foyda solig‘ini vaqtincha nolga tenglashtirish taklif qilingan edi.
Soliq maslahatchisi Nodirbek Xo‘jabekovning ta’kidlashicha, xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar uchun umumiy soliq rejimi katta yuk bo‘lib qolmoqda, chunki ularning xarajatlari va kiruvchi QQS hajmi kam. Shuning uchun imtiyozli stavkani joriy etish zarur.
O‘sha vaqtda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bu mexanizm biznesni sun’iy ravishda bo‘lib yuborish holatlarini kamaytirishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Spot soliq maslahatchisi Umidbek Safarov bilan soliq tizimidagi ushbu o‘zgarishlar borasida suhbatlashib, tadbirkorlar nimalarga tayyor bo‘lishi, endi nima qilishlari kerakligini ko‘rib chiqdi.
Yangi limit qanday ishlaydi va qanday xatolardan ehtiyot bo‘lish kerak?

Avval amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari qatoriga o‘tishi kerak edi. Endilikda ushbu chegara bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari (hozirda 4,94 mlrd so‘m) etib belgilandi, bu esa soliq to‘lovchilarga ushbu aylanmada qolish imkonini beradi.
Ma’lumki, 2020-yilda joriy etilgan 1 mlrd so‘mlik chegara inflyatsiya va narxlar o‘sishiga qaramay o‘zgarmagan edi. Chegaraning BHMga bog‘lanishi esa kelgusida uning avtomatik ravishda oshib borishini ta’minlaydi.
Yangi tartibdan maqsad kichik biznesga ishlash uchun qulay shart-sharoit yaratish va ularni qoradan oqqa olib chiqishdan iborat.
Avval ko‘plab tadbirkorlar QQS hamda foyda solig‘i yukidan qochish maqsadida aylanmasini 1 mlrd so‘mdan oshirmaslikka harakat qilishardi. Endilikda esa ular yillik tushumi 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan taqdirda faoliyatini erkin yuritishi va tushumlarni to‘liq rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Tadbirkorlar ko‘pincha QQSga o‘tish bilan bog‘liq muhim jihatlarga e’tibor bermaydi. Yillik aylanma uchun belgilangan 5 mlrd so‘mlik chegara to‘liq 12 oy faoliyat yuritgan subyektlarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar tadbirkor faoliyatini yil boshidan emas, masalan, yilning ikkinchi yarmida boshlagan bo‘lsa, ushbu chegara faoliyat yuritilgan davrga mutanosib ravishda hisoblanadi.
Masalan, korxona yarim yil ishlagan bo‘lsa, uning yarim yillik aylanmasi 2,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ko‘pchilik bunga e’tibor qaratmaydi hamda noto‘g‘ri hisob-kitoblar sabab faoliyatida qiyinchiliklarga uchraydi, hatto bankrotlik holatlari ham uchrashi mumkin.
Shu sababli yangi tashkil etilgan korxonalar aylanma hajmini hisoblashda faoliyat boshlangan sanani inobatga olishi zarur. Shundagina ushbu chegarada qolish mumkin bo‘ladi.
Amaliyotda ko‘p uchraydigan xatolardan biri, tadbirkorlar aylanmasi 5 mlrd so‘mga yetsa, o‘sha oyda aylanmani yanada oshirishga harakat qiladi. Lekin bu xato. Soliq kodeksiga ko‘ra, 5 mlrd so‘mlik chegara oshgan sana emas, balki ushbu chegaradan ortiq aylanmani shakllantirgan operatsiya muhim hisoblanadi. Masalan, korxona aylanmasi 4,9 mlrd so‘mga yetganidan so‘ng rasmiylashtirilgan navbatdagi 2 mlrd so‘mlik hisobvaraq-faktura natijasida umumiy aylanma 5 mlrd so‘mdan oshsa, aynan shu hisobvaraq-faktura bo‘yicha operatsiya QQS hisoblash uchun asos bo‘ladi.
Shu bois tadbirkorlarga aylanma hajmini muntazam nazorat qilib borish, 5 mlrd so‘mgacha rasmiylashtirilayotgan hisobvaraq-fakturalarga e’tiborli bo‘lish tavsiya etiladi.
Prezident farmoni (PF-100-son) bilan 5 mlrd so‘mlik chegara 1-iyundan kuchga kirganligi sababli, ushbu davr uchun aylanma limiti yilning qolgan oylariga mutanosib ravishda hisoblanadi.
Ya’ni, 5 mlrd so‘mni 12 oyga bo‘lib hisoblaydigan bo‘lsak, iyundan dekabrgacha bo‘lgan yetti oy uchun chegaraviy aylanma taxminan 2,9 mlrd so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Aylanma ushbu miqdor atrofida bo‘lsa, tadbirkor QQS to‘lovchisi bo‘lmasligi mumkin.
Savdo, xizmat va umumiy ovqatlanish sohasi uchun yangi QQS rejimi qanday ishlaydi?
Ushbu farmon bilan O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ining soddalashtirilgan tartibi joriy etilmoqda. Mazkur tartib 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvargacha amal qiladi hamda umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi.
Bunda ushbu rejim barcha korxonalarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Xususan, ustav kapitalidagi davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalar hamda yirik soliq to‘lovchilar mazkur tartibdan foydalanish huquqiga ega emas. Ya’ni, agar yillik aylanmangiz 100 mlrd so‘mdan oshadigan yirik soliq to‘lovchi bo‘lsangiz, ushbu tartib tatbiq etilmaydi.
Soddalashtirilgan QQS rejimi amaldagi 12% lik QQS tizimiga muqobil mexanizm sifatida joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6% lik QQS stavkasini qo‘llashni tanlashi mumkin.
Unga o‘tish uchun tadbirkorlar Soliq qo‘mitasining elektron tizimi orqali maxsus xabarnoma yuboradi. Ariza taqdim etilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab soddalashtirilgan QQS tartibi qo‘llaniladi. Masalan, ariza iyun oyida yuborilgan taqdirda, tadbirkor 1-iyuldan boshlab 6% lik QQS to‘lovchisi maqomiga ega bo‘ladi.
Ushbu tartibning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, soddalashtirilgan QQS rejimini tanlagan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i stavkasi 0% etib belgilanadi hamda foyda solig‘i bo‘yicha hisobot topshirish majburiyati bekor qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur rejim ayrim cheklovlarni ham nazarda tutadi. Xususan, tadbirkorlar xaridlar bo‘yicha to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘lmaydi. Bundan tashqari, amaldagi 12% lik QQS rejimi doirasida taqdim etilgan ayrim imtiyozlar, preferensiyalar va QQSni qaytarish mexanizmlaridan ham foydalana olmaydi.
Bundan tashqari, korxonaning soliq yuki aylanmaning 6%idan kam bo‘lsa, 6% lik rejimni tanlash maqsadga muvofiq bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun QQS va foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlarini tahlil qilib, ularning aylanmaga nisbatan ulushini hisoblash tavsiya etiladi. Agar jami soliq yuki 6% dan yuqori bo‘lsa, soddalashtirilgan QQS rejimi foydaliroq bo‘lishi mumkin.
Masalan, tadbirkor 100 mln so‘mlik mebel xarid qilib, uning ustiga 50 mln so‘m qo‘yib 150 mln so‘mga sotdi deylik.
Masalan, tadbirkor 100 mln so‘mlik mebel xarid qilib, 150 mln so‘mga sotdi.
| Ko‘rsatkich | 6%lik soddalashtirilgan QQS | Amaldagi QQS (kiruvchi QQS hisobga olinmaydi) | Amaldagi QQS (kiruvchi QQS hisobga olinadi) |
| QQS | 9 mln so‘m | 18 mln so‘m | 6 mln so‘m |
| Foyda solig‘i | 0 so‘m | 7 mln so‘m | 3 mln so‘m |
| Jami soliq yuki | 9 mln so‘m | 25 mln so‘m | 9 mln so‘m |
Izoh: yakuniy soliq yuki korxonaning xaridlar bo‘yicha QQSni hisobga olish imkoniyati va xarajatlar tarkibiga qarab o‘zgaradi.
Ko‘plab biznes vakillari yuqori marjinallikda foydasini yashirishga harakat qilardi. Mazkur mexanizmning asosiy afzalligi shundaki, soliq stavkasining pasayishi va foyda solig‘ining bekor qilinishi tadbirkorlarga tushumni to‘liq rasmiylashtirish hamda faoliyatini erkin yuritish imkonini beradi.

