Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subyektlari o‘sishi uchun yana-da qulay iqtisodiy va maʼmuriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kichik biznes subyektlari tushumi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tadi.
Mazkur chegara 2019-yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar 1 mlrd so‘mlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subyektga bo‘lish amaliyotiga o‘tmoqda.
Taqdimotda 2026-yil 1-iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mga oshirish taklif qilindi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi bildirildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6% stavkada QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
QQS maʼmuriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga o‘tgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda. 2025-yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq to‘lovchilarning 77% i QQS to‘lovchilarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bois, past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini bekor qilish, import bo‘yicha majburiy QQSga o‘tish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.


Kichik biznes subyektlariga nisbatan ma‘muriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish hamda soliq xavfi 500 mln so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 mln so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.
Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi doir talabni bekor qilish, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilindi.
Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyekti uchun qonuniy o‘sish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga budjetga yiliga kamida 2 trln so‘m qo‘shimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.
Davlat rahbari ushbu takliflarni maʼqullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga rag‘batlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi haqida yozgandi.

