Vazirlar Mahkamasi 21 may kuni xorijiy fuqarolarga maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish reglamentini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

Ushbu rejim doirasida O‘zbekistondagi chet elliklar chet el manbalaridan olgan daromadlari uchun soliqlardan ozod qilinadi. Imtiyozlardan foydalanish uchun ular maxsus soliq rejimi soliq rezidenti mezonlariga javob berishlari, shuningdek, Soliq qo‘mitasiga ariza topshirishlari kerak.

Mamlakat hududida mulk yoki ijara huquqi asosida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan, shuningdek, mamlakatda 12 oy davomida kamida 30 kun bo‘lgan chet elliklar soliq rezidentlari hisoblanadi.

Maxsus rejimni taqdim etish to‘g‘risidagi arizalar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal yoki Elektron soliq xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Ularga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

  • chet el pasporti nusxasi;
  • O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjat (viza yoki boshqa hujjatlar).

Ariza topshirishda xorijlik uni tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Buni biometriya, elektron raqamli imzo, Mobile ID yoki boshqa usul bilan amalga oshirish mumkin.

Soliq qo‘mitasi 1 ish kuni ichida arizani tekshiradi, shundan so‘ng uni Maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha komissiyaga yuboradi.

Komissiya arizani 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi, biroq boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha ma’lumot olish zarur bo‘lganda ko‘rib chiqish muddati uzaytirilishi mumkin.

Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ariza beruvchi maxsus soliq rejimini taqdim etish uchun yig‘im to‘lashi kerak — o‘zi uchun $50 ming va rejimda ishtirok etuvchi har bir voyaga yetmagan qarindoshi uchun $10 mingdan.

Pullar maxsus vakolatli bankdagi hisob raqami yoki vakolatli kriptobirjadagi elektron hamyon orqali qabul qilinadi. Ularning ro‘yxatlari tegishincha Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan belgilanadi.

Mablag‘lar noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish doirasidagi komplayens tartib-taomillari, shuningdek, xavf-xatar tahlili natijalariga ko‘ra o‘tkaziladi. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng ariza beruvchi Soliq qo‘mitasiga yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat (kvitansiya) nusxasini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Maxsus soliq rejimining eng ko‘p muddati 5 yilni tashkil etadi. Bunda u sud qaroriga ko‘ra yoki ariza beruvchining noqonuniy daromadlarni legallashtirishda ishtirok etganligi to‘g‘risida ma’lumot paydo bo‘lganda yoki u nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritilganda muddatidan oldin tugatilishi mumkin.

Shuningdek, maxsus rejim ishtirokchilari uchun yashash guvohnomasini berish tezlashtiriladi. O‘zbekiston bilan vizasiz rejimga ega bo‘lgan MDH davlatlari fuqarolari 6 oyga, boshqa mamlakatlardan kelganlar esa viza amal qiladigan muddatga yashash guvohnomasini oladilar.

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil oktyabr oyida xorijliklar uchun maxsus soliq rejimini joriy etish to‘g‘risida farmon chiqardi. Hujjat 2026-yil boshidan boshlab yangi tartibni joriy etishni nazarda tutgan, dekabr oyi oxirigacha esa hukumat uni taqdim etish tartibini tasdiqlashi kerak edi.


Avvalroq Spot soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.