Prezident 17-aprel kuni soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.

Qonun 2025-yil aprelda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, may oyida esa Senat tomonidan ma‘qullangandi. Hujjat huquqbuzarliklar uchun sanksiyalarni kuchaytirishni, shuningdek, javobgarlik chegaralarini aniqroq belgilashni nazarda tutadi.

Xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jarimalar oshirilmoqda (Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ning 174-moddasi). Bu, jumladan, daromadlarni (foydani) va soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirishga yoki ularni hisobotda kamaytirib ko‘rsatishga urinishlarni anglatadi.

Fuqarolar uchun jarima BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (6,18−10,3 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa 25 baravaridan 30 baravarigacha (10,3−12,36 mln so‘m) miqdorni tashkil etadi. Hozirda ushbu miqdorlar mos ravishda BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) va 15 baravarini (6,18 mln so‘m) tashkil qiladi.

Huquqbuzarlik ko‘p miqdorda sodir etilsa, fuqarolar uchun jarima miqdori amaldagi BHMning 20 baravari (8,24 mln so‘m) o‘rniga 30 baravaridan 50 baravarigacha (12,36−20,6 mln so‘m) oshiriladi. Mansabdor shaxslar uchun jarima BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m) o‘rniga 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6−41,2 mln so‘m) miqdorni tashkil etadi.

Tuzatishlarga ko‘ra, “ko‘p miqdor” to‘lanmagan soliqlar va yig‘imlarning BHMning 100 baravaridan 600 baravarigacha (41,2−247,2 mln so‘m) bo‘lgan summasini anglatadi. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha ishlarni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ko‘rib chiqadi.

Daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirishdan bo‘yin tovlaganlik yoki unda ataylab yolg‘on ma‘lumotlar ko‘rsatganlik uchun ham jarimalar oshirilmoqda. Yangi tahrirda ular amaldagi BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming − 1,236 mln so‘m) bo‘lgan miqdor o‘rniga 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06−4,12 mln so‘m) miqdorni tashkil etadi.

Jinoyat kodeksiga ham soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash (184-modda) bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ko‘p miqdorda sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ma‘muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (41,2−61,8 mln so‘m) miqdorda jarima va 2 yilgacha axloq tuzatish ishlaridan tashqari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham tayinlanishi mumkin.

Agar huquqbuzar soliq to‘lashdan takroran yoki ancha miqdorda bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka tortilsa, u quyidagilarga hukm qilinishi mumkin:

  • BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha yoki 82,4−123,6 mln so‘m miqdorida jarima (hozir — BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha yoki 61,8−123,6 mln so‘m);
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash (hozir — 1 yildan 3 yilgacha);
  • 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (hozir — 3 yilgacha).

Juda ancha miqdorda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash quyidagilarga olib keladi:

  • BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha yoki 123,6−247,2 mln so‘m miqdorida jarima (o‘zgarishsiz);
  • 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (hozir — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish).

Ko‘p miqdor deganda BHMning 600 baravaridan 1000 baravarigacha (247,2−412 mln so‘m), juda ko‘p miqdor deganda esa 1000 baravaridan yuqori summa tushuniladi.

Jinoiy javobgarlikka birinchi marta tortilayotgan huquqbuzar, agar u tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov yoki sud bosqichida sudya maslahatxonaga kirguniga qadar soliqlar, yig‘imlar, shuningdek, penya va boshqa moliyaviy sanksiyalarni to‘lasa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Hozirda zararni qoplash uchun soliq organlarining qarori yoki IJQKD xabarnomasi olingan kundan boshlab 30 kun muddat berilgan.

Biznes-ombudsman devoni yoki Savdo-sanoat palatasi jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida ishtirok etayotgan tadbirkorlar uchun jamoat himoyachilarini tayinlashi mumkin bo‘ladi. Jinoyat-protsessual kodeksida surishtiruvchi, tergovchi va sudyalarning ular haqida bunday ishlardan xabardor qilish majburiyati belgilanmoqda.

Qonun rasman e‘lon qilingan kundan e‘tiboran uch oy o‘tgach — 19-iyuldan kuchga kiradi.

Avvalroq 1-oktabrdan biznes jarimaning 50%ini bir oyda to‘lasa, qolganidan ozod etilishi haqida xabar berilgandi.