Avvalroq prezident tomonidan O‘zbekistonda xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi bo‘yicha farmon imzolangani haqida xabar berilgandi. Ular maxsus yig‘imni to‘lagandan so‘ng, mamlakat tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlaridan soliq to‘lashdan ozod etiladi.

Hujjatga ko‘ra, ushbu rejim chet el fuqarolarining voyaga yetgan har bir yaqin qarindoshi uchun $10 ming miqdorida maxsus yig‘im to‘langanda ham tatbiq etiladi.

Xorij fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasi tuziladi. Unda ishtirok etish uchun komissiyaga Soliq qo‘mitasi orqali murojaat qilinadi.

Arizalar 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng komissiya maxsus rejimni taqdim etish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.

Ijobiy qarorni olgan chet el fuqarolari maxsus vakolatli bankga bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjaga kripto-hamyon ochish bo‘yicha murojaat qiladi va maxsus yig‘imni to‘laydi.

Mablag‘larni kirim qilish maxsus vakolatli banklar yoki kripto-birjalar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar va xavf-xatarlarni baholash natijalari asosida amalga oshiriladi.

Hukumatga ikki oy ichida maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibini tasdiqlash vazifasi yuklatildi. Ushbu tartib daʼvogarlarga qo‘yiladigan talablar, arizalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibi, imtiyozlarning amal qilish muddati, ularni uzaytirish yoki bekor qilish asoslarini o‘z ichiga olishi lozim.

Soliq qo‘mitasi 2026-yil boshiga qadar maxsus soliq rejimida ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish tizimini ishga tushirishi kerak. Maxsus vakolatli banklar va kripto-birjalar to‘g‘risidagi maʼlumotlar va yig‘imni to‘lash bo‘yicha to‘lov rekvizitlari veb-sayti hamda axborot resurslarida eʼlon qilinadi.

Avvalroq mahalliy elektrotexnika ishlab chiqaruvchilar QQS to‘lashda importchilarga tenglashtirilishi haqida xabar berilgandi.