Avvalroq prezidentning Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Poytaxt metropolitenini transformatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yo‘lovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ga ko‘ra, yer osti tonnellarining texnik va gidrogeologik holatini o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga avgust oyigacha Toshkent metropoliteniga yer osti tunnellarining texnik va gidrogeologik holatidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun mablag‘ ajratish topshirildi.
2027-yil fevralgacha Toshkent metropoliteni Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishi va ekspertizadan o‘tkazishi kerak.
2027-yil bahorida hukumat tasdiqlangan hujjatlar asosida ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun mablag‘ ajratadi. O‘sha yilning avgust oyiga qadar metropoliten tender o‘tkazib, pudratchi tashkilotni aniqlaydi.
Kelasi yil yakuniga qadar metroning uchta bekat oralig‘idagi kamchiliklarni bartaraf etish rejalashtirilmoqda:
- Mustaqillik maydoni-Amir Temur xiyoboni bekatlari oralig‘ida (1200 m, muddat — 2027-yil avgust);
- Pushkin-Buyuk ipak yo‘li bekatlari oralig‘ida (800 m, muddat — 2027-yil oktabr);
- Minor-Bodomzor bekatlari oralig‘ida (1200 m, muddat — 2027-yil dekabr).
13-may kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident huzuridagi yig‘ilish yakunida qurilishi 1970-yillarda boshlangan metropolitenning eski qismini to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinganini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot yangi metro liniyasi Mingo‘rik bekatidan “Ippodrom"gacha 12 km masofaga cho‘zilishi haqida yozgandi.