Avvalroq prezidentning Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Poytaxt metropolitenini transformatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yo‘lovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ga ko‘ra, Toshkent shahrini rivojlantirish bosh rejasi va dasturlariga muvofiq, Mingo‘rik — Chilonzor buyum bozori (Ippodrom) metro liniyasini qurish loyihasi uchun loyiha-baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan:
- birinchi bosqichda “Mingo‘rik” bekatidan Janubiy vokzalgacha bo‘lgan 6,5 km uzunlikdagi uchastka quriladi;
- ikkinchisida — Janubiy vokzaldan Chilonzor buyum bozorigacha bo‘lgan 5,5 km uzunlikdagi uchastka.

Toshkent metropolitenining yangi yo‘nalishi. Foto: Yandeks Xarita
Yil yakuniga qadar Mingo‘rik bekatidan Chilonzor buyum bozorigacha bo‘lgan metro liniyasini qurish bo‘yicha loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish topshirildi.
2027-yil fevraliga qadar hujjatlar zarur ekspertizalardan o‘tkazilishi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak.
Loyihani amalga oshirish uchun Toshkent metropoliteni, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi mas’ul etib belgilandi.
Mingo‘rik bekatidan Chilonzor buyum bozorigacha bo‘lgan yangi metro liniyasi loyihasi prezidentga ilk bor 13-may kuni taqdim etildi.
Avvalroq Spot Toshkent metrosida yo‘lkira tizimi o‘zgarishi, rahbarlikka xorijliklar jalb etilishi haqida yozgandi.
2027-yildan yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofa yoki bekatlar soniga qarab haq to‘lashi mumkin.