Avvalroq prezidentning Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Qarorga ko‘ra, metropoliten boshqaruviga ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida rahbarlik lavozimlariga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil avgustdan xalqaro xedxanter tashkilotlari va nufuzli qidiruv platformalari orqali chet ellik mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha ochiq tanlovlar eʼlon qilinadi.
2027-yil yanvardan esa xorijiy ekspertlarni Toshkent metropoliteni tarkibiga ishga qabul qilish boshlanadi.
Shuningdek, 2028-yilgacha jamiyat boshqaruvidagi kamida ikki nafar rahbarlik lavozimi xalqaro darajadagi malakali mutaxassislar hisobidan to‘ldirilishi majburiy etib belgilandi.
Qaror bilan metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Xususan, yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofa yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydigan tartib, aholining ayrim toifalari uchun imtiyozlar hamda kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, xorijiy tajriba asosida yo‘lkira haqini to‘lashning mutlaqo yangi modelini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Uni 2027-yildan amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
13-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda metroda abonement va masofaviy to‘lov tizimi joriy etilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, Pushkin bekatidan TTZgacha bo‘lgan metro yo‘nalishida tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani haqida yozgandi.