Avvalroq Spot 13-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta‘minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxt metropolitenini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan prezident qarori loyihasi haqida gapirdi. Hujjatda korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, xarajatlarni optimallashtirish va mavjud metro yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda ikkita yerosti bekati va ikkita yerusti metro liniyasi qurilishi hisobiga Toshkent metropolitenining uzunligi ikki baravarga oshdi. Bundan tashqari, qurilishi 1970-yillarda boshlangan metropolitenning eski qismini to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilingan.

“Bundan tashqari, prezidentimiz kelajakda Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha yo‘nalishlarni tayyorlash, loyihaviy ishlarni tayyorlab borish bo‘yicha topshiriq berdi. Tayyorgarlik ko‘rib, loyiha institutlari bilan biz kengaytirish rejalarini amalga oshirib kelyapmiz. Pushkin bekatidan TTZ (sobiq Toshkent traktor zavodi — tahr.) yo‘nalishida metropoliten qurilishi bo‘yicha topshiriq ham berganlar, unga tayyorgarlik va loyihaviy ishlarni amalga oshiryapmiz”, — dedi Mahkamov.

Transport vaziri prezident Toshkent jamoat transporti tizimida metropolitenning ulushini 50% dan oshirish va metro tarmog‘ini kengaytirishni davom ettirish vazifasini qo‘yganini qo‘shimcha qildi.

Yerosti tarmog‘ini kengaytirish

2021-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyevga Chilonzor metro yo‘nalishini TTZgacha uzaytirishning ikkita varianti — Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi va Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi ostidan o‘tkazish bo‘yicha takliflar taqdim etilgan edi. Yangi qism besh yildan so‘ng foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi.

Liniyaning avvalgi taqdimoti joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda 30 ta mahallani qamrab olib, 148 ming aholini transport bilan ta‘minlaydigan 10 ta bekat ochish rejalashtirilgani ma‘lum qilingan edi. Yangi liniyaning uzunligi 10,8 km, bir tomonga qatnov vaqti esa 17 daqiqa deb baholanmoqda.

Ilhom Mahkamovning ta‘kidlashicha, loyiha ko‘chalar, yashil hududlar va yo‘lovchi oqimi nuqtayi nazaridan batafsil o‘rganilgan. Uni ishlab chiqishga xalqaro maslahatchilar, metro sohasi mutaxassislari va tegishli idoralar ekspertlari jalb etilgan.

“Loyiha Pushkin (Salar) metro bekatidan TTZgacha metro liniyasini yotqizishni nazarda tutadi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi TTZni yirik transport habiga aylantirish, G‘azalkent, Chirchiq yo‘nalishlarida qatnovchi yo‘lovchilar oqimini yaxshilash imkonini beradi. Axir bu kuniga 150 ming kishi degani. Mazkur loyiha poytaxtning transport arteriyalarini yengillashtirishga xizmat qiladi”, — dedi vazir.

2025-yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenini rivojlantirish rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Pushkin bekatidan TTZgacha bo‘lgan metro liniyasini ikki bosqichda qurish rejalashtirilgan.

O‘shanda Transport vazirligi rahbari Chilonzor metro yo‘nalishini Buyuk ipak yo‘li bekatidan TTZ massivigacha uzaytirish loyihasi tahlilidan so‘ng, boshlang‘ich nuqta sifatida Pushkin (Salar) bekatini tanlashga qaror qilinganini ma‘lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TTZning oxirgi bekat sifatida tanlanishiga Chirchiq, Qibray va G‘azalkentdan har kuni 140 mingdan ortiq odam ishga kelishi sabab bo‘lgan. Natijada bu Buyuk ipak yo‘li metro bekati yaqinida tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda.

“Loyiha bo‘yicha qurilish ishlarini 15-iyundan boshlash topshirildi. Qurilishga xalqaro tajribaga ega pudratchi tashkilotlarni jalb etish vazifasi yuklandi. Biz ushbu loyihani 2026-yil oxirigacha yakunlashni maqsad qilib qo‘yganmiz”, — deya so‘zlarini yakunladi Ilhom Mahkamov.

Spot, avvalroq, Toshkent metrosida abonement va masofaviy to‘lov tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.