Nogironlik belgilangan bolalarga Erta aralashuv xizmati ko‘rsatiladi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat bilan erta aralashuv xizmati ko‘rsatiladigan bolalar toifasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, belgilangan tashxislar asosida nogironlik belgilangan tug‘ilgandan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar mazkur xizmatdan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, oilaviy shifokor tomonidan rivojlanishida orqada qolish xavfi mavjudligi haqida xulosa berilgan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ham qamrab olinadi.
Rivojlanishida orqada qolish xavfi aniqlangan 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ham ushbu xizmatlar ko‘rsatiladi.
Erta aralashuv xizmatini ko‘rsatish istagini bildirgan nodavlat tashkilotlar elektron reyestrga kiritiladi.
Bolaning otasi yoki onasi xizmatdan foydalanish uchun Inson markazi, Davlat xizmatlari markaziga yoxud Yagona portal yoki Ijtimoiy karta ilovasi orqali murojaat qilishi mumkin.
So‘rovnoma tasdiqlangandan so‘ng 1 ish kunida bola Erta aralashuv xizmatidan foydalanishi uchun elektron vaucher shakllanadi.
Vaucher shakllangan sanadan boshlab bolaning ota-onasi 30 kun ichida vaucherdan foydalanishni boshlashi lozim.
Buyurtma nodavlat tashkilot tomonidan qabul qilingandan so‘ng 10 ish kuni ichida bolaning ota-onasi bilan birgalikda bolaning erta aralashuv rejasi ishlab chiqiladi.
Erta aralashuv xizmati vaucherning amal qilish muddati davomida 6 kunlik ish haftasida 08:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ko‘rsatiladi.
Nodavlat tashkilotga ko‘rsatilgan xizmat xarajatlari vaucherning haqiqatda foydalanilgan qismi bo‘yicha subsidiya shaklida to‘lanadi.
Aprel oyida qabul qilingan prezident farmonida bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash maqsadida 2026-yil 1-iyungacha bosqichma-bosqich Erta aralashuv xizmati yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1% bo‘lishi haqida yozgandi.