Prezidentning ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash hamda ularni o‘z vaqtida kompleks ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish maqsadida 2026-yil 1-iyungacha bosqichma-bosqich Erta aralashuv xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur xizmat doirasida nogironlik belgilangan yoki jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlari mavjud 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan maxsus elektron reyestrga kiritilgan nodavlat tashkilotlar xizmat ko‘rsatadi.

Bolalarga maxsus pedagoglar tomonidan korreksion (rivojlantiruvchi) pedagogik yordam ko‘rsatiladi, davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari esa kompleks reabilitatsion mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

Nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarni qo‘shimcha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Farmonga ko‘ra, mo‘tadil, og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oilaviy muhitga yaqin yangi ijtimoiy xizmatlar ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Xususan, 2026-yil 1-iyungacha Yangi kun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati, 1-sentabrgacha uy sharoitida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 1-oktabrgacha kichik hajmli Madad uyi xizmati, 1-noyabrgacha esa Ijtimoiy ta‘til qisqa muddatli joylashtirish xizmati ishga tushiriladi.

Mazkur xizmat kichik hajmli Madad uylarida tashkil etiladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning qonuniy vakili bilan tuziladigan shartnomaga muvofiq yiliga bir marta, biroq ko‘pi bilan ikki hafta muddatga ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyundan tuman hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiyalar tarkibiga Inson markazlari xodimlari kiritiladi.

Shu sanadan boshlab ruhiy holati buzilgan shaxslarga vasiy yoki homiy etib tayinlangan shaxslarning majburiyatlari bajarilishi ham Inson markazlari tomonidan monitoring qilinadi.

Spot, avvalroq, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlariga imtiyozlar joriy etilishi haqida yozgandi.