Nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar barcha turdagi soliqlardan ozod qilinadi. Tegishli qonun bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Soliq kodeksi ga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan farzandi xususiy maktab yoki bog‘chaga qatnaydigan ota-onalar kunduzgi parvarish xizmatlari uchun to‘laydigan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan xarajatlar daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Mazkur imtiyoz har bir farzand uchun alohida qo‘llanadi.
Shuningdek, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Bunda ijtimoiy soliq mustasno hisoblanadi.
Shu bilan birga, “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonun ga ham qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, Inson markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan hamda zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlar ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin.
Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan e‘tiboran kuchga kiradi.
O‘tgan yilning noyabrida parvarishga muhtojlar uchun ijtimoiy xizmat vaucherlari onlayn berilishi belgilangandi. Fuqarolar portaldan ijtimoiy-maishiy, tibbiy yoki kunduzgi parvarish xizmatlari uchun vaucherlarni olishlari mumkiligi aytilgan edi.
17-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda nogiron bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etilishi taʼkidlangandi.
Bunda 3−18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalarning 3 mln so‘mgacha oylik xarajatlari uchun daromad solig‘i bekor qilinishi aytib o‘tilgan edi.
Avvalroq joriy yilda nogironligi bo‘lganlar uchun DXSH asosida yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.