Deputatlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini xalqaro standartlar asosida yana-da mustahkamlash, ularning odil sudlovdan to‘liq va teng foydalanishini taʼminlash hamda ijtimoiy himoya tizimini manzilli va samarali tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, qonun loyihasida Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestri negizida shakllantirilgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmini joriy etish taklif qilingan.

Unga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlar, nafaqalar, imtiyozlar va boshqa kafolatlar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga taqdim etiladi.

Shuningdek, Soliq kodeksiga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta‘minlashni rag‘batlantirishga qaratilgan qator imtiyozlar kiritilmoqda.

Jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanishi taklif etilgan.

Nogironligi bo‘lgan xodimlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni soliq bazasidan chegirish, shuningdek, nodavlat bog‘cha va maktab ta‘limi uchun beriladigan daromad solig‘i imtiyozlarini o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetmagan shaxslar oilalariga ham tatbiq etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilayotgan korxonalar uchun mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar berish taklif qilingan.

Qonun loyihasi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalarini ortiqcha to‘langan nafaqalarni undirish bo‘yicha sudga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish ham belgilanmoqda.

O‘tgan yilning iyulida nogironligi bo‘lganlar bandligini ta‘minlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilangandi. Bitta tashkilot nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun jami 500 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya olishi qayd etilgandi.

Spot, avvalroq, nogironligi bo‘lgan ayrim shaxslar uchun yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etilishi haqida yozgandi.