Xiaomi rahbari smartfonlar kamida yana ikki yil davomida qimmatlashishda davom etishi haqida ogohlantirdi, deya xabar bermoqda Kod Durova nashri.

Bosh direktor Ley Szyunning so‘zlariga ko‘ra, komponentlar narxining oshishi kamida keyingi ikki yil davomida davom etadi va bu smartfonlar narxiga ta’sir qilishi muqarrar.

Szyunning eslatishicha, Xiaomi o‘tgan yili xotira narxi oshishi haqida birinchilardan bo‘lib ochiq ogohlantirgan.

Asosiy omil — operativ xotira va to‘plagichlar narxidir. Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ularning o‘sishi allaqachon smartfonlar va boshqa maishiy elektronika ishlab chiqarish tannarxiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xiaomi qo‘shimcha xarajatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorlarga yuklamaslikka harakat qiladi, ularni ta’minot zanjirini optimallashtirish va ichki texnologik yechimlar orqali qoplaydi.

Biroq, Ley Szyunning e’tirof etishicha, agar xotira hozirgi sur’atda qimmatlashishda davom etsa, narxlarni barqaror ushlab turish tobora qiyinlashadi.

Xiaomi Group prezidenti Lu Veybin avvalroq xotira narxining oshishi kamida 2027-yil oxirigacha, ehtimol 2028-yilgacha davom etishi mumkinligini aytgan edi.

Uning bashoratiga ko‘ra, Xitoy brendlarining ba’zi flagman smartfonlari narxi shu yil oxirigacha rasman 10 ming yuandan oshadi — bu taxminan $1470 ni tashkil etadi.

Bozor allaqachon oqibatlarni his qilmoqda. 2026-yil mart oyidan boshlab Xitoyda ko‘plab smartfon modellari narxi 200−400 yuanga — taxminan $29−59 ga oshdi.

Bu tendensiya nafaqat Xiaomi’ga ta’sir ko‘rsatmoqda: xotira va to‘plagichlarning qimmatlashishi butun soha uchun umumiy muammodir, shuning uchun yaqin yillarda narxlarning oshishi aksariyat ishlab chiqaruvchilarning qurilmalariga ta’sir ko‘rsatadi.


Avvalroq 2026-yilda xotira tanqisligi smartfonlar ta’minoti pasayishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.