Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
O‘zeltexsanoat uyushmasi boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida tanqidiy o‘tgan yig‘ilishda dunyoda yuzaga kelayotgan tebranishlarning elektrotexnika sanoatiga ta’sirini o‘rganib, tayyorgarlik ishlarini olib borish muhokama qilinganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdimotda misni qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar taqdim etilgan.
Birinchi navbatda import o‘rnini bosuvchi — 110−220 kV quvvatga ega kabel mahsulotlarini o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun yirik xorijiy kompaniyalar, jumladan, Saudiya Arabistonining Riyadh Cables kompaniyasini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Ohangarondagi Eltech Industrial texnoparkidagi misni qayta ishlash klasterida amalga oshirilayotgan qiymati $400 mlnlik loyihalar taqdim etildi. Prezident takliflarni ma’qullab, yirik loyihalar doirasida mahalliy kontent ulushini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
O‘zeltexsanoat raisining ta’kidlashicha, kabel mahsulotlarining kamida 70%ini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan olish talabi o‘z natijasini bergan. Shundan kelib chiqib, ushbu tajribani transformator, shit va boshqa mahsulotlarga ham kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
“Prezident yirik loyihalar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashda importyorlar bilan tenglashtirish taklifini qo‘llab-quvvatladilar. Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, buning natijasida $120 mlnlik mahsulotlarni qo‘shimcha ravishda mahalliy kontent orqali yetkazib berish imkoni yaratiladi”, — dedi u.
Uyushmaning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, yirik loyihalarni amalga oshirishda xorijdan keltirilgan uskunalar hozirda QQSdan ozod qilingan. Shu bois mahalliy yetkazib beruvchilarga ham xuddi shunday imtiyozlar berish yoki import qiluvchilar uchun soliq imtiyozini bekor qilish taklif qilinmoqda.
Mirziyod Yunusov davlat rahbari berilgan vazifalarning bajarilishini qat’i nazoratga olish yuzasidan topshiriq berilganini qayd etdi.
Avvalroq O‘zbekistonda mis sim eksportiga boj joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. OKMKdan mis mahsulotlariga 4% lik chegirma yana uch yilga uzaytiriladi hamda birja orqali mis xaridi uchun $100 mln ajratiladi.
