Qonunchilik palatasi kiberjinoyatlarga oid ikkita qonun loyihasini Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasiga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanadi.

Vazirlik ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosatini muvofiqlashtirish, profilaktika ishlarini tashkil etish, huquqbuzarliklarni fosh etish hamda vakolatli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni ta‘minlash vakolatiga ega bo‘ladi.

Qonun loyihasi bilan banklar, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari va internet-provayderlariga shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlash, kiberxavflar haqida vakolatli organlarni zudlik bilan xabardor qilish, raqamli dalillarni saqlash hamda axborot xavfsizligini ta‘minlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklanmoqda.

Shuningdek, hujjatda kiberjinoyatlardan jabrlanganlarga huquqiy, psixologik va zaruratga ko‘ra tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan normalar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, moliyaviy piramidalarni barvaqt aniqlash, aholini kibertahdidlar haqida ogohlantirish hamda kibermadaniyat va kibergigiyena ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha huquqiy mexanizmlar mustahkamlanmoqda.

Shu bilan birga, deputatlar kiberxavfsizlikni ta‘minlash hamda raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ma‘qulladi.

Hujjatga ko‘ra, kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani yoki shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish choralari ko‘rilmagani oqibatida fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, mazkur zararni banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari qoplashi belgilanmoqda.

Bu moliyaviy xizmatlar bozori ishtirokchilarining axborot xavfsizligi sohasidagi mas‘uliyatini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, masofadan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari tizimidagi shaxsiy akkauntlarni yoki abonent qurilmasining identifikatsiya modullarini g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish, shuningdek, o‘zga shaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ma‘muriy javobgarlik joriy etilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan kiberjinoyatlar doirasida ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma‘lumotlar, hujjatlar va boshqa ashyoviy dalillarni belgilangan tartibda olib qo‘yishning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda.

Yana bir muhim yangilik sifatida bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kriptoaktivlar bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish protsessual majburlov chorasi sifatida joriy etilmoqda.

Bu noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larning boshqa shaxslarga o‘tkazilishining oldini olishga xizmat qiladi, mazkur tartib esa Konstitutsiyada kafolatlangan mulkiy huquqlarni ta‘minlash maqsadida sud nazorati mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.

Joriy yilning mart oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda banklar va to‘lov tashkilotlari kiberjinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lishi taʼkidlangandi.

Aprel oyidagi qonunchilik palatasi majlisida ikkita qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.

Spot, avvalroq, soxta Yagona portal orqali 1 mlrd so‘mdan ortiq pul o‘g‘irlagan guruh ushlangani haqida yozgandi.