Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 9-sentabr kuni “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunni imzolagani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha belgilangan me’yordan ortiq shovqin qilish taqiqlanadi.

Qonunda maishiy va xo‘jalik faoliyati, qurilish hamda transport vositalari sabab yuzaga keladigan shovqin uchun ma’muriy jarimalarni oshirish ham nazarda tutilgan. Buning uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ikki moddasiga o‘zgartirish kiritiladi.

Avtotransportdan shovqin me’yoridan ortiq darajada foydalanish (125-modda) tormozlari va rullari nosoz yoxud ruxsatsiz qayta jihozlangan transportni boshqarishga tenglashtiriladi. Buning uchun jarima ikki baravarga — BHMning 1 baravarigacha (440 000 so‘m) oshiriladi.

Shuningdek, avtomobil boshqarishda shovqin me’yoridan oshganlik uchun endi ma’muriy ogohlantirish qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini buzganlik uchun jarimalar oshiriladi (192-modda). Birinchi qoidabuzarlikda fuqarolar uchun jarima BHMning 1/3 qismi o‘rniga 3 dan 5 baravarigacha (1,32−2,2 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa hozirgi BHMning 1/3 qismidan 1⁄2 qismigacha (146 660 — 220 000 so‘m) oralig‘ida emas, balki 10 dan 15 baravarigacha (4,4−6,6 mln so‘m) bo‘ladi.

Xuddi shunday qoidabuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, fuqarolarga hozirgi BHMning ½ baravari o‘rniga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (2,2 mlndan 3,08 mln so‘mgacha) jarima solinadi.

Mansabdor shaxslarga esa amaldagi BHMning ½ baravaridan 1 baravarigacha bo‘lgan miqdor o‘rniga, BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (6,6 mlndan 8,8 mln so‘mgacha) jarima qo‘llanadi.

Shovqin me’yorlari buzilgani bo‘yicha bayonnomalarni ichki ishlar organlari rasmiylashtiradi. Shuningdek, ular texnik ko‘rik vaqtida transport vositalarining shovqin me’yorlariga muvofiqligini tekshiradi.

O‘zgartirishlar qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib — 2026-yil 11-dekabrdan kuchga kiradi.


Avvalroq Spot erta nikoh va boshqa huquqbuzarliklarni yashirganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.