O‘zbekistonda “Aholini shovqinning zararli ta‘siridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, odamni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, inson organizmining funksional tizimlari va shovqinga sezgir a‘zolarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmaydigan hamda sanitariya qoidalari va normalarida belgilanadigan shovqin darajasi yo‘l qo‘yiladigan daraja hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi aholini shovqinning zararli ta‘siridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Yo‘l qo‘yiladigan darajadan yuqori bo‘lib, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqinlarga quyidagilar kiradi:
- turar joy binolari hududida maishiy va uy-xo‘jalik faoliyati natijasida yuzaga keladigan shovqin;
- qurilish maydonlaridagi mehnat faoliyati, qurilish texnikasi va transport vositalaridan yuzaga keladigan shovqin;
- turli transport vositalarining ishlashi va harakatlanishi natijasida yuzaga keladigan shovqin.
Qonunga ko‘ra, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha yo‘l qo‘yiladigan darajadan ortiq shovqin chiqarish orqali fuqarolar osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shovqinning zararli ta‘siri natijasida yetkazilgan zarar uchun sud tartibida kompensatsiya undirilishi mumkin.
Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
2025-yilning oktabrida deputatlar aholini shovqindan himoya qilish bo‘yicha qonunni tasdiqlagandi.
Joriy yilning iyun oyida esa Senat loyihani ma’qullagan edi.
Spot, avvalroq, 440 mln so‘mgacha bo‘lgan nizosiz talablar bo‘yicha notariusga murojaat qilish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.