Senatning 19-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun maʼqullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida“gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ularda nizosiz talablar bo‘yicha sud buyrug‘ini chiqarish doirasini qisqartirish, notariat faoliyatini raqamlashtirish va notarial harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlarni maqbullashtirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati ustidan shikoyat qilinganda uning ijrosini yuqori instansiya sudida to‘xtatib turish mexanizmi takomillashtirilmoqda.

Yangi normalarga ko‘ra qonunda belgilangan mezonlarga mos, BHMning 1000 baravarigacha (440 mln so‘m) bo‘lgan nizosiz talablar bo‘yicha notariusga murojaat qilish imkoniyati kengaymoqda.

Bu orqali bunday talablarni sud tartibiga murojaat qilmasdan, notarius orqali rasmiylashtirish va ijroga qaratish mexanizmi soddalashtiriladi.

Shuningdek, notariuslar tomonidan rasmiylashtiriladigan QR-kodli ijro xatlarini elektron shaklda ijro organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati yaratilmoqda.

Bu hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etish bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turish asoslari aniqlashtirilmoqda.

Bunda ijroni to‘xtatib turishni so‘ragan shaxs bunday chora ko‘rilmasa, qaytarma ijroni qiyinlashtirishi yoki uni bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkinligini asoslashi lozim bo‘ladi.

Spot, avvalroq, Senat o‘zbek alifbosini o‘zgartirish haqidagi qonunni ma‘qullagani haqida yozgandi.