Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti davlat kompensatsiyasi va yordam puli va‘dasi bilan fuqarolarni aldab kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilganini ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, 1993-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs my.gov.uz portaliga o‘xshash soxta sayt yaratib, Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali “davlat tomonidan kompensatsiya” va “muhtojlarga yordam puli” haqidagi reklamalarni tarqatgan.
Fuqarolar soxta platformaga kirib, anketa va bank karta ma‘lumotlarini kiritganidan so‘ng, ularning hisobidagi mablag‘lar yechib olingan.
Tergovga ko‘ra, gumonlanuvchi jinoiy sxemaga 2002 va 2006-yillarda tug‘ilgan yana ikki nafar shaxsni jalb qilgan. Ular 26 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta drop bank kartasi orqali mablag‘larni qabul qilib, keyinchalik Telegram‘dagi kriptobotlar yordamida ularni kriptoaktivlarga aylantirgan.
IIV ma‘lumotiga ko‘ra, ushbu sxema orqali respublika bo‘ylab 456 nafar fuqarodan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 278−6-moddasi (Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) bilan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlik fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan kompensatsiya, yordam puli va boshqa moliyaviy to‘lovlar haqidagi shubhali reklamalar hamda havolalarga ishonmaslikka, bank karta ma‘lumotlarini begonalarga bermaslikka chaqirdi.
Spot, avvalroq, zararli ilovalar orqali 21 kishidan 336 mln so‘m o‘g‘irlagan kiberfiribgarlar ushlangani haqida yozgandi.