Respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroning jami 336 mln so‘mini kiberfiribgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi fuqaroning bank kartasidan 230 mln so‘m mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan.
Tekshiruvda fuqaroga noma‘lum shaxs tomonidan zararli APK ilovasi yuborilgani, uni o‘rnatgach esa shaxsiy ma‘lumotlari qo‘lga kiritilgani ma‘lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng gumondorlar fuqaroning E-auksion platformasidagi akkauntidan foydalanib, uning bank kartasidagi 230 mln so‘mni o‘zlashtirgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu jinoyatda gumon qilinayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olingan.
Ularning faoliyatini o‘rganish jarayonida yana 21 nafar fuqaroning jami 336 mln so‘m mablag‘i shu usulda o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (O‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq shubhali kartalar bloklangani, bu orqali 1,72 trln so‘m saqlab qolingani haqida yozgandi.