Biznes reja bu sizning loyihangizning batafsil tavsifi bo‘lib, unda hisob-kitoblar va yaqin bir necha yilga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari aks ettiriladi. U potensial investorlar, kredit olish uchun murojaat qilinadigan banklar, hamkorlar, vositachilar, jamoa a’zolari hamda eng avvalo, loyiha muallifi uchun muhim hujjat hisoblanadi.
U maqsadiga qarab turlicha bo‘ladi. Ayrimlari tadbirkorning o‘zi uchun tuzilsa, boshqalari investorlarni jalb qilish, bankdan kredit yoki subsidiya olish uchun tayyorlanadi. Ular qisqa va sodda shaklda ham, batafsil ko‘rinishda ham bo‘lishi mumkin. Ba’zi biznes rejalar esa bir necha o‘nlab sahifalarni tashkil etadi.
Internetda ko‘plab bepul namunalari mavjud. Biroq ulardan tayyor hujjat sifatida emas, balki shablon yoki siz yaxshi bilmaydigan biznes yo‘nalishini o‘rganish uchun foydalanish maqsadga muvofiq.
Spot avvalroq YTT, MChJ yoki o‘zini o‘zi band qilish — qaysi biri ma’qul ekani, ularning farqlari, afzalliklari va kamchiliklari haqida ma’lumot bergandi. Bu gal esa Yaran Consulting hammuassisi Yevgeniya Son Spot’ga biznes rejani mustaqil tuzish, unda nimalarga e’tibor berish va u qanday bo‘limlardan iborat bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

Yevgeniya Son,
auditor, Yaran Consulting buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.
Biznes reja nafaqat biznes g‘oyasini yaxshiroq tushunishga, balki ishlarni tartibli va tizimli yo‘lga qo‘yishga ham yordam beradi. U tadbirkorni maqsadlarni aniq belgilash va harakatlarni rejalashtirishga undaydi.
Bu bo‘lmaganda esa tadbirkorlar ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifaga kirishib ketib, izchil harakat qila olmaydi. Natijada ko‘plab kompaniyalar faoliyatining ilk yilidayoq qiyinchiliklarga duch keladi.
Biznes rejada odatda quyidagilar bo‘ladi:
- mahsulot tavsifi va biznes modeli;
- bozor va raqobatchilar tahlili;
- mijozlarni tahlil qilish, maqsadli auditoriya;
- targ‘ib va sotish;
- xodimlar;
- moliyaviy hisob-kitoblar;
- tashkiliy ish rejasi.
Mahsulot tavsifi va biznes modeli
Bu qismda siz ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan mahsulot yoki xizmatni sodda va aniq qilib tasvirlaysiz. Uning asosiy xususiyatlari, tarkibi, o‘rami va boshqa muhim jihatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, biznes modelining o‘zi, ya’ni siz mahsulotni qanday ishlab chiqarishingiz va undan qanday daromad olishingizni tavsiflashingiz kerak.
Misol uchun, agar men buxgalter bo‘lsam, bir necha usulda pul ishlashim mumkin:
- boshqa kompaniyalar uchun buxgalteriya xizmatlarini ko‘rsatish;
- buxgalteriya hisobini o‘rgatish;
- soliq masalalari bo‘yicha buxgalterlarga maslahat berish.
Har bir faoliyat turi o‘ziga xos maqsadli auditoriya, sotish usullari va xodimlar tarkibini talab qiladi. Agar aniq yo‘nalish bo‘yicha shubha bo‘lsa, har bir variant uchun alohida biznes reja tuzish ham mumkin.
Bozor va raqobatchilar tahlili
Avvalo, mahsulotingiz uchun bozor mavjudligini va raqobatchilar bor-yo‘qligini aniqlash kerak. Shuningdek, mijozlar siz taklif qilayotgan narxda uni sotib olishga tayyormi, buni ham tahlil qilish muhim. Ba’zan tadbirkorlikni endi boshlayotganlar o‘xshash mahsulotlar yoki raqobatchilar yo‘qdek tuyuladigan holatlarga duch kelishadi.
Ammo bu ham signaldir: ehtimol mahsulot bozorga kerak emasdir. Va agar mahsulot bozorda yangi bo‘lsa, kelajakdagi mijozlarni mahsulot bilan tanishtirish uchun marketing xarajatlariga ko‘proq pul sarflash kerak bo‘ladi.
Ikkinchidan, raqobatchilaringiz bilan tanishing: ular kim, biznes modeli qanday, ularning o‘ziga xos jihati nimada va siz ulardan qanday yoki nima bilan farq qilasiz. Ehtimol, bu yetkazib berish, buyurtma berish uchun qulay dastur, maxsus xizmat va boshqalardir.
Bugungi kunda bozor tadqiqotlariga katta mablag‘ sarflamasdan ham talabni tekshirish mumkin. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlardagi reklama kampaniyalari, lending-peyjlari yoki oldindan buyurtmalar orqali gipotezalarni sinab ko‘rish kifoya. Masalan, biz Charley onlayn uy hayvonlari do‘konini ishga tushirayotganimizda, Toshkentdagi xaridorlar noyob mahsulotlarni yuqoriroq narxda onlayn xarid qilishga tayyormi-yo‘qmi, degan aniq gipotezani sinovdan o‘tkazganmiz.
Natijada kutilmagan xulosalarga keldik. Mijozlar eksklyuziv assortiment uchun to‘lashga tayyorligi, shu bilan birga do‘konning o‘ziga ham kelishni istashi va bunday mahsulotlarga viloyatlarda ham talab mavjudligi ayon bo‘ldi. Bu esa startaplar uchun risklarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Mijozlarni tahlil qilish va maqsadli auditoriya
Bu bo‘limda siz kimning muammosini hal qilayotganingizni va ular sizga haq to‘lash imkoniga ega ekanini aniqlashingiz kerak. Masalan, buxgalteriya kurslari ochilgan bo‘lsa:
| Mijoz | To‘lov qobiliyati | Qamrov darajasi | Yondashuv va marketing xususiyatlari |
| Talabalar va bitiruvchilar | Past / o‘rta | Keng | Kurs narxi nisbatan arzon bo‘ladi. Asosiy urg‘u kasb o‘rganish va qisqa muddatda daromad topish imkoniyatiga qaratiladi. |
| Kompaniya rahbarlari | Yuqori | Nisbatan tor | Kurs mazmuni chuqurroq bo‘ladi. Asosiy urg‘u samarali boshqaruv qarorlari qabul qilish va daromadni oshirishga qaratiladi. |
Har ikki auditoriya uchun yondashuv sezilarli darajada farq qiladi. Shunga mos ravishda kurs dasturi, o‘qituvchilar malakasi, narx siyosati va marketing vositalari ham alohida shakllantiriladi.
Targ‘ib va sotuv
Loyihani rivojlantirish rejasini tuzish bosqichida siz nima qilishingiz, qanday daromad olishingiz va mijozlaringiz kim ekanini aniqlab olasiz.
Shunga qarab, reklama qayerga joylashtirilishi hamda uning shakli va mazmuni qanday bo‘lishi haqida qaror qabul qilinadi.
Masalan, agar maqsadli auditoriya talabalar bo‘lsa, reklama jamoat transportida joylashtirilishi mumkin va unda kasb-hunar egallash imkoniyati ta’kidlanadi. Agar auditoriya rahbarlardan iborat bo‘lsa, biznes markazlari va biznes-klublarda faolroq bo‘lish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda asosiy urg‘u puxta boshqaruv qarorlari orqali daromadni oshirishga qaratiladi.
Shuningdek, ushbu bo‘limda qachon va qancha mijoz jalb qilish ko‘zda tutilayotgani ham muhim. Savdo jarayonini tartibga solish nafaqat ishlarni tizimlashtiradi, balki moliyaviy hisob-kitoblar uchun ham asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xodimlar
Xodimlar qismida quyidagilar haqida o‘ylash kerak:
- sizga aynan kim kerak: lavozimlar, ish vazifalari, malaka darajasi;
- kim doimiy asosda ishlaydi va kerak bo‘lganda kimni jalb qilasiz yoki ishning bir qismini autsorsingga topshirasiz;
- ish haqi, soliqlar, ish joylarini tartibga solish xarajatlari.
Agar biznes hamkorlar bilan boshlansa, mas’uliyatni ham aniq taqsimlash muhim: kim qaysi yo‘nalish uchun javobgar, kutilgan natijalar va bajarilgan ish uchun to‘lov shartlari oldindan kelishib olinadi.
Moliyaviy reja
Har bir bosqichda qancha mablag‘ sarflash rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot to‘plash kerak. Masalan, o‘quv markazi biznes modelini tanlagan bo‘lsak, avval hisob-kitob qilish lozim:
- bino, mebel, jihozlarni sotib olamizmi yoki ijaraga olamizmi;
- bizga qanday tarqatma materiallar kerak va ular qancha turadi.
Moliyaviy reja tuzishda eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri prognozlarda haddan tashqari optimizmga berilish va tannarxni yetarlicha baholamaslikdir. Ko‘pincha tadbirkorlar biznes o‘sayotgan bo‘lsa-da, foyda ko‘rinmayotganidan shikoyat qiladilar.
Buning sababi esa ijara, soliqlar, reklama va qadoqlash kabi barcha xarajatlar dastlabki tannarxga to‘liq kiritilmaganida bo‘ladi. Shuningdek, barqarorlikni ta’minlash uchun nafaqat optimistik, balki bazaviy va ehtiyotkorona ssenariylarni ham alohida hisoblab chiqish foydalidir. Shundagina tashqi sharoitlar o‘zgarganda biznes qanchalik chidamli bo‘lishini oldindan baholash mumkin.
Barcha ma’lumotlar yig‘ilgach, bir nechta muhim hisob-kitoblar qilinadi:
- kurs, soat, konsultatsiya, mahsulot narxini hisoblash — bizga narxlarni belgilashda yordam beradi;
- moliyaviy natijalar — biz birinchi foydani qachon kutayotganimizni ko‘rsatadi;
- pul oqimi — oylar va haftalar kesimida bizga qancha pul kerakligini ko‘rsatadi.
Biznes rejadagi raqamlar nafaqat sizga, balki tashqi moliyalashtirish uchun ham kerak. Banklar birinchi navbatda kredit va uning foizlarini o‘z vaqtida qaytara olish qobiliyatingizni baholaydi. Investorlar esa bozorning o‘sish potensiali va eng muhimi kuchli jamoaga e’tibor qaratishadi. Ko‘pincha investorlar odamlari va ijrochilari yo‘q chiroyli g‘oyadan ko‘ra, aniq modeli va kuchli jamoasi bor loyihalarga pul tikishni afzal ko‘rishadi. Hamkorlar uchun esa ushbu sheriklikdan keladigan o‘zaro manfaat birinchi o‘rinda turadi.
Tashkiliy ish rejasi
Ushbu bosqichda siz barcha kerakli ma’lumotlarni to‘pladingiz, biznesingiz qanday va qayerga rivojlanishini, loyihaga qancha pul sarmoya qilish kerakligini tushunasiz. Bu, ehtimol, eng qiyin va shu bilan birga eng qiziqarli bosqichdir, chunki aynan shu yerda siz nazariyadan amaliy harakatga o‘tasiz.
Tashkiliy ish rejasi biznesni boshlash va rivojlantirish uchun kun, oy, chorak va yil kesimida bajariladigan ishlarning bosqichma-bosqich belgilashni anglatadi. Bu muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, lekin biznesning barqaror ishlashi va omon qolish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi.
Agar vaqtingiz cheklangan bo‘lsa, 4 ta savolga javob toping: mijoz kim? u qanday jalb qilinadi? qancha pul kerak? loyiha qachon o‘zini qoplaydi?. Agar birortasiga javob bo‘lmasa, ishni to‘xtatib turgan ma’qul.
2020-yilgi karantin vaqtida Tvoy start loyihasi doirasida 600 ga yaqin kishi biznesni yo‘lga qo‘yishni o‘rgandi. Ko‘pchilik o‘z mahsulotini juda sifatli va arzon qilib, u “o‘zini o‘zi sotadi”, deb o‘ylagan edi. Biroq 4 haftalik hisob-kitoblardan so‘ng, ular reklama va tannarx xarajatlarini ko‘rib, o‘z g‘oyalaridan voz kechishdi. Bu muvaffaqiyatsizlik emas, balki katta yutuqdir. Biznes rejaning asosiy vazifasi albatta muvaffaqiyatga erishishingizni isbotlash emas, balki xavf-xatarlarni oldindan ko‘rsatib, pulingiz kuyib ketishidan saqlab qolishdir.
Biznes rejada sun’iy intellekt
Sun’iy intellekt bugungi kunda biznes rejani tayyorlashda haqiqatan ham yaxshi yordamchiga aylanishi mumkin. U ma’lumotlarni tezroq yig‘ish, g‘oyalarni tizimlashtirish, turli ssenariylarni tahlil qilish va qo‘shimcha fikrlash nuqtalarini topishga ko‘maklashadi.
Biroq shuni tushunish muhimki, SI samaradorligi ko‘p jihatdan foydalanuvchining o‘ziga bog‘liq. Sifatli natijaga erishish uchun tadbirkorning o‘zi mavzuni tushunishi, so‘rovlarni to‘g‘ri shakllantirishi va olingan javoblarga tanqidiy baho bera olishi kerak.
Bundan tashqari, biznes bu doimiy o‘zgarib turadigan tirik organizm. Unga mijozlar, xodimlar, raqobatchilar, bozordagi o‘zgarishlar va boshqa ko‘plab omillar ta’sir qiladi. Sun’iy intellekt ma’lumotlarni tahlil qilib, yechim variantlarini taklif qilishi mumkin, biroq u har kuni o‘z biznesi ichida ishlayotgan tadbirkor kabi qaror qabul qila olmaydi.
Shuning sababli men SIni ishni tezlashtiradigan va vaziyatga kengroq qarashga yordam beradigan juda foydali vosita deb bilaman. Ammo xulosalar, qarorlar va biznesni rivojlantirish strategiyasi uchun mas’uliyat baribir insonning o‘zida qoladi.