O‘zbekistonda biznes yuritish uchun bir nechta tashkiliy-huquqiy shakllar mavjud. Ular orasida eng keng tarqalganlari — o‘zini o‘zi band qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlik (YTT) va mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) hisoblanadi.
O‘zini o‘zi band qilish biznes faoliyatini qonuniy boshlashning eng sodda shakllaridan biri bo‘lib, ayniqsa yangi g‘oyani sinab ko‘rish yoki kichik hajmdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik esa biznesni tez va nisbatan sodda tartibda boshlash imkonini beradi. MChJ esa tadbirkorlikning eng ommaviy shakllaridan biri bo‘lib, kichik savdo faoliyatidan tortib ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki IT sohasidagi loyihalargacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar uchun mos keladi.
Spot Yevgeniya Son bilan birgalikda O‘zbekistonda mavjud biznes shakllari, ularning o‘zaro farqlari hamda tadbirkorlik faoliyati uchun eng maqbul variantni tanlashda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlarni ko‘rib chiqdi.

Yevgeniya Son,
auditor, Yaran Consulting buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.
Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda eng muhim masalalardan biri uning tashkiliy-huquqiy shaklini to‘g‘ri tanlashdir. Chunki, bu tanlov biznesni qanday yuritishingizga, kelajakda uni kengaytirish, investor jalb qilish va javobgarlik masalalariga bevosita ta’sir qiladi. O‘zbekistonda buning bir nechta tashkiliy-huquqiy shakllar mavjud. Ularga:
- o‘zini o‘zi band qilish;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik;
- oilaviy tadbirkorlik;
- xususiy korxona;
- mas’uliyati cheklangan jamiyat;
- aksiyadorlik jamiyati kiradi.
O‘zini o‘zi band qilish
Bu biznes qilishning eng yangi usuli.
Odatda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan shaxslarga avvalo o‘zini o‘zi band qilish shaklidan foydalanishni tavsiya qilamiz. Agar biznes rivojlanib, faoliyat ko‘lami kengaysa, keyinchalik yanada murakkabroq tashkiliy-huquqiy shakllarga o‘tish mumkin.
Afzalliklari:
- ro‘yxatdan o‘tish oson, yuridik shaxs tashkil etish shart emas;
- mutaxassislarga to‘g‘ri keladi;
- ilk biznesni boshlash uchun mos.
Kamchiliklari:
- faqat ruxsat etilgan faoliyat turlari bilangina shug‘ullanish mumkin;
- sheriklar bilan to‘laqonli biznes yuritib bo‘lmaydi;
- investor jalb qilish imkonsiz;
- biznesning bir qismini sotish mumkin emas;
- faoliyat to‘lig‘icha ijrochining shaxsi bilan bog‘liq bo‘ladi;
- faqat ayrim hollardagina asosiy ish bilan birga olib borish mumkin.
Shu sababli, o‘zini o‘zi band qilish biznesni boshlash va g‘oyani sinab ko‘rish uchun qulay shakl hisoblanadi. Biroq biznes rivojlanib, faoliyat ko‘lami kengaygani sari ko‘pincha yanada barqaror va keng imkoniyat beradigan shaklga o‘tish zarurati yuzaga keladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor
Yakka tartibdagi tadbirkor bu shaxsiy mulkka asoslangan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxs.
Shu narsaga alohida e’tibor qaratmoqchimanki, yakka tartibdagi tadbirkor o‘z majburiyatlari bo‘yicha to‘liq shaxsiy moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni, agar biznes o‘xshamasa, qarzlar paydo bo‘ladi — YTT ularni shaxsiy mulki bilan to‘laydi.
YTTning afzalliklarini sarhisob qilamiz:
- oddiy ro‘yxatdan o‘tish, yuridik shaxs tashkil etish talab etilmaydi;
- tadbirkor barcha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi;
- 5 nafargacha xodimni ishga olishi mumkin;
- ko‘proq ruxsat etilgan faoliyat turlari.
Kamchiliklari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- hamkorlar bilan biznes yuritishning iloji bo‘lmaydi;
- investor ulushni sotib ololmaydi;
- tadbirkor majburiyatlar bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulk bilan javob beradi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat
Bugungi kunda MChJ biznes yuritishning eng ommaviy va universal shakllaridan biri hisoblanadi. U tadbirkorlik faoliyatining turli yo‘nalishlari uchun mos kelib, biznesni rivojlantirish, hamkorlar va hatto xorijiy investorlarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Afzalliklari:
- ta’sischilar soni 1 nafardan 50 nafargacha bo‘lishi;
- ulushlarni teng yoki turli nisbatlarda taqsimlash imkoniyati;
- investorlarni jalb qilish;
- boshqaruv uchun xodimlar yollash imkoniyati;
- deyarli barcha faoliyat yo‘nalishlari uchun mos keladi.
Kamchiliklari:
- boshqaruv jarayonida ko‘proq hujjatlar va belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish talab etiladi;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish bilan solishtirganda, yuritish xarajatlari yuqoriroq bo‘ladi;
- dividendlarni taqsimlash odatda har chorakda bir marta amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun esa bunday cheklov mavjud emas.
Xususiy korxona
Xususiy korxona ko‘p jihatdan yagona ta’sischiga ega bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga o‘xshaydi. Uning asosiy afzalliklari — yagona mulkdor tomonidan boshqarilishi va boshqaruv jarayonining nisbatan sodda ekanidir.
Bundan tashqari, ushbu shaklda biznesga yangi hamkor yoki investor jalb qilish, shuningdek, korxonadagi ulushni boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyatlari cheklangan. Aynan shu omillar sababli so‘nggi yillarda xususiy korxona shakli tadbirkorlar orasida avvalgidek keng qo‘llanilmayapti.
Oilaviy korxona
Oilaviy korxona yaqin qarindoshlar tomonidan birgalikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan tashkiliy-huquqiy shakldir. Bunday korxona er-xotin, ularning farzandlari va nabiralari, ota-onalari, shuningdek qonunchilikda belgilangan boshqa yaqin qarindoshlar tomonidan tashkil etilishi mumkin.
Ushbu shaklning asosiy afzalligi — oila a’zolarining biznesdagi ishtirokini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish imkonini berishi hisoblanadi. Shuningdek, agar tadbirkorlik faoliyati shaxsiy turar joyda amalga oshirilsa, ushbu joyni noturar joy toifasiga o‘tkazish talab etilmaydi.
Biroq ushbu shaklning ayrim cheklovlari ham mavjud. Jumladan, oilaviy korxonada faqat oila a’zolari ishtirok etishi mumkin, shu sababli tashqi investor yoki boshqa hamkorlarni jalb qilish imkoniyati mavjud emas.
Bundan tashqari, korxonaning mol-mulki majburiyatlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, mulkdorlar o‘zlariga tegishli shaxsiy mol-mulk bilan javob beradilar.
Aksiyadorlik jamiyati
Aksiyadorlik jamiyati (AJ), asosan, yirik biznes va katta investitsiya talab qiladigan loyihalar uchun tanlanadi. Uning asosiy afzalligi, ko‘plab investorlarni jalb qilish, kapitalni samarali shakllantirish va biznesni keng ko‘lamda rivojlantirish imkoniyatidir.
Afzalliklari:
- investorlarni jalb qilish;
- ustav kapitali aksiyalarga bo‘lingani sababli ulushlarni sotish va sotib olish qulayligi;
- qo‘shimcha kapital jalb qilish va biznesni kengaytirish imkoniyatining yuqoriligi;
- yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mosligi;
- aksiyadorlar manfaatlarini himoya qiluvchi nisbatan shaffof korporativ boshqaruv tizimining mavjudligi.
Kamchiliklari:
- boshqaruvning murakkabligi;
- korporativ qonunchilik talablari yuqori;
- korporativ boshqaruv va hisobot yuritish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning mavjudligi;
- tashkil etish, boshqarish va yuritish murakkabligi sababli kichik va o‘rta biznes uchun har doim ham maqbul emas.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlar biznesini rivojlantirar ekan, odatda tashkiliy-huquqiy shaklni ham bosqichma-bosqich o‘zgartirib boradilar. Shartli ravishda bu jarayonni quyidagicha tasvirlash mumkin: o‘zini o‘zi band qilgan — YTT — MChJ — AJ.
Har bir keyingi bosqich biznes hajmining o‘sishi, boshqaruvning murakkablashishi va ko‘proq kapital jalb qilish ehtiyojining ortib borishini anglatadi.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
Biznes shaklini tanlashda quyidagi mezonlar asosiy ahamiyatga ega:
- faoliyat turi;
- ta’sischilar soni;
- biznesning kutilayotgan ko‘lami;
- investitsiyalarni jalb qilish zarurati;
- mulkdorlarning javobgarligi;
- kengaytirish rejalari;
- yirik kompaniyalar va davlat tashkilotlari bilan ishlash istiqbollari.
“Qaysi biznes shakli yaxshiroq?”, degan savolga yagona javob yo‘q. Bir loyiha uchun eng maqbul bo‘lgan shakl boshqasi uchun mutlaqo mos kelmasligi mumkin. Shuning uchun tanlovni biznesning bugungi holatiga emas, balki uni 3−5 yildan keyin qanday tasavvur qilayotganingizga qarab amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Faoliyat turi — biznes shaklini tanlashda, avvalo, amalga oshiriladigan faoliyat turini baholash lozim.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) faqat qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Shu sababli, avval tanlangan faoliyat ushbu shakllar uchun ruxsat etilganmi yoki yo‘qligini aniqlash zarur.
Bundan tashqari, ayrim faoliyat turlari litsenziya, ruxsatnoma yoki boshqa maxsus hujjatlarni talab qilishini ham oldindan hisobga olish kerak.
Agar biznesning egasi bitta bo‘lsa va kelajakda sheriklarni jalb qilish rejalashtirilmagan bo‘lsa, o‘zini o‘zi band qilish, YTT yoki yagona ishtirokchiga ega MChJni tanlash mumkin. Agar biznes ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan tashkil etilayotgan bo‘lsa, odatda MChJ eng maqbul variant hisoblanadi.
Ko‘p sonli investorlar yoki aksiyadorlarni jalb qilish rejalashtirilgan yirik loyihalar uchun esa aksiyadorlik jamiyati ko‘proq mos keladi.
Uni keyinchalik o‘zgartirish mumkinmi?
Ha, bo‘ladi. Amaliyotda biznesning rivojlanishi va ehtiyojlari o‘zgarishi bilan tashkiliy-huquqiy shaklni almashtirish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Masalan:
- yangi hamkor paydo bo‘lsa yoki ta’sischilar tarkibi o‘zgarsa;
- investor jalb etish rejalashtirilsa;
- biznes sezilarli darajada o‘sib, hozirgi shakli mos kelmay qolsa;
- biznesni birlashtirish, bo‘lish, ajratib chiqarish yoki o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
- qonunchilik talablari yoki faoliyat yuritish shartlari o‘zgargan bo‘lsa.
Agar kompaniya faoliyat yuritayotgan, xodimlari, amaldagi shartnomalari va litsenziyalari mavjud bo‘lsa, tashkiliy-huquqiy shaklni o‘zgartirish muayyan vaqt va puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Biroq bu odatiy yuridik jarayon bo‘lib, to‘g‘ri tashkil etilgan taqdirda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmaydi.
Shuning uchun tashkiliy-huquqiy shaklni o‘zgarmas tanlov deb qaramaslik kerak. Biznes rivojlanishi bilan ehtiyojlar ham o‘zgaradi va zarurat tug‘ilganda boshqa shaklga o‘tish mumkin. Eng muhimi hozirgi bosqich uchun eng mos variantni tanlashdir.
Qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak?
Ko‘plab tadbirkorlar biznes g‘oyasini yetarlicha sinovdan o‘tkazmasdan turib, kompaniya tashkil etishga shoshiladilar. Natijada eng muhim savollarga javob topilmasdan qolishi mumkin: mahsulot yoki xizmatga bozorda talab bormi, uni yo‘lga qo‘yish uchun qancha mablag‘ va vaqt kerak bo‘ladi, biznes barqaror daromad keltira oladimi?
Biznes modeli hali o‘zini oqlamagan bo‘lsa ham, ro‘yxatdan o‘tish, buxgalteriya hisobi va hisobot yuritish bilan bog‘liq doimiy xarajatlar yuzaga keladi. Agar bu yangi loyiha bo‘lsa, avvalo g‘oyani sinovdan o‘tkazish, biznes modelini hisoblash va shundan keyingina mos tashkiliy-huquqiy shaklni tanlash maqsadga muvofiq.
Ba’zi tadbirkorlar biznes shakli qanchalik murakkab yoki kompaniya qanchalik yirik ko‘rinsa, shunchalik yaxshi deb hisoblaydilar. Biroq amaliyotda bu har doim ham to‘g‘ri emas.
Yangi tashkil etilayotgan yoki hali sinov bosqichidagi biznes uchun faoliyat ko‘lamiga mos, sodda va qulay shaklni tanlash ma’qul. Biznes rivojlanib, yangi ehtiyojlar paydo bo‘lgani sari tashkiliy-huquqiy shaklni o‘zgartirish mumkin.
Tashkiliy-huquqiy shakl faqat biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan cheklanmaydi. Har bir shakl biznesni yuritish bo‘yicha o‘ziga xos talab va majburiyatlarga ega. Ular qatoriga buxgalteriya hisobini yuritish, hisobotlarni topshirish, korporativ hujjatlarni rasmiylashtirish, bank xizmatlaridan foydalanish, ayrim hollarda esa auditdan o‘tish va boshqa qonuniy talablarni bajarish kiradi.
Shu sababli, biznes shaklini faqat uning nufuzi yoki tashqi ko‘rinishiga qarab emas, balki biznes ko‘lami, faoliyat ehtiyojlari va uni yuritish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash imkoniyatidan kelib chiqib tanlash kerak.
Hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni oldindan rasmiylashtirmaslik amaliyotda eng ko‘p muammolarga sabab bo‘ladigan xatolardan biridir.
Do‘stlar yoki qarindoshlar bilan biznes boshlaganda ko‘pchilik yozma kelishuvlarni ortiqcha deb hisoblab, faqat og‘zaki kelishuv bilan cheklanadi. Biroq nizolar ko‘pincha biznes rivojlanib, daromad keltira boshlaganda yoki aksincha, qiyinchiliklar yuzaga kelganda paydo bo‘ladi. Chunki har bir hamkor o‘z hissasi, kiritgan mablag‘i va qilgan mehnatini turlicha baholashi mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish uchun biznesni boshlashdan oldin quyidagi masalalarni yozma ravishda kelishib olish tavsiya etiladi:
- kim va qancha mablag‘ kiritadi;
- biznesdagi ulushlar qanday taqsimlanadi;
- har bir hamkorning vazifalari va mas’uliyati qanday bo‘ladi;
- muhim qarorlar qanday qabul qilinadi;
- foyda qanday taqsimlanadi;
- hamkorlardan biri biznesdan chiqmoqchi bo‘lsa, qanday tartib qo‘llaniladi.
Agar biznes MCHJ shaklida tashkil etilsa, ushbu masalalarning aksariyatini ustav bilan bir qatorda ta’sis shartnomasi orqali ham tartibga solish mumkin.

