“Do‘stlik” chegara bojxona postida qiymati 1,1 mlrd so‘mdan ortiq deklaratsiyalanmagan tovarlar aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari mamlakatga kirib kelgan avtotransport vositalarining yuk kuzatuv hujjatlari va bojxonaga taqdim etilgan elektron deklaratsiyalarini o‘rganish jarayonida shubha paydo bo‘lgan.
Shundan so‘ng transport vositalari “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilib, bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Natijada elektron deklaratsiyalar va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 23 ming dona velosiped shinasi hamda elektromotorollerlar uchun 2,2 ming dona qo‘rg‘oshinli akkumulyator aniqlangan.



Tovarlarning dastlabki qiymati 1,13 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Aniqlangan tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Spot avvalroq Toshkent aeroportida 1,3 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga urinish aniqlangani haqida yozgandi.


