Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati O‘zbekistonda kuryerlarga nisbatan kuchaytirilgan reydlarga munosabat bildirdi. Ma‘lum qilinishicha, moped, skuter va kichik gabaritli mototransport vositalarini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasini talab qilish yo‘l harakati xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq. 2026-yilning to‘qqiz oyida ular ishtirokida 563 ta YTH qayd etilib, oqibatda 89 kishi halok bo‘lgan va 488 kishi jarohatlangan.

YHXX, shuningdek, ushbu davr mobaynida moped va skuter haydovchilari tomonidan sodir etilgan 4312 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlanganini bildirdi. Bu ko‘rsatkich qariyb 300 ta shunday qoidabuzarlik qayd etilgan butun 2025-yildagiga nisbatan deyarli 20 baravar ko‘pdir. 162 ta holatda haydovchilarning hujjati bo‘lmagani ustiga, ular transport vositasini mast holda boshqargan.

YHXX moped va skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasi hamda davlat raqami talabi birinchi yil joriy etilmayotganini eslatib o‘tdi. Shu bilan birga, maksimal konstruktiv tezligi soatiga 25 km gacha, ichki yonuv dvigateli hajmi 25 sm³ gacha yoki nominal quvvati 0,25 kVt gacha bo‘lgan kichik gabaritli mototransportlar uchun davlat raqami talab etilmaydi — A1 toifasidagi haydovchilik guvohnomasining o‘zi kifoya.

Idora A1 toifasini avtomaktabda majburiy o‘qimasdan ham olish mumkinligini alohida ta‘kidladi. A, B, C yoki D toifasidagi haydovchilik guvohnomasi bor shaxslar bu kichik toifani olishi shart emas. Nazariy imtihon topshirish uchun ham ancha yengil talablar belgilangan: 20 ta savoldan 16 tasiga to‘g‘ri javob berish yetarli.

“Huquqqa, bilimga ega bo‘lmaganlarni mototransportlardan foydalanishlarini cheklayapmiz”, — deya ta‘kidladi YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev haydovchilarni zarur bilim va guvohnomani olishga chaqirib.

Kontekst

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda YHXX xodimlarining kuryerlarga qarshi reydlari haqidagi xabarlar ko‘paydi. Avvalroq Yandex Uzbekistan vitse-prezidenti Sardor Qodirov 2026-yil boshidan buyon mototsikl, skuter va moped haydovchilari tomonidan 23 785 ta qoidabuzarlik aniqlangani, kuryerlarga yozilgan jarimalarning umumiy summasi esa jarima maydonchasi xarajatlarisiz qariyb 4,7 mlrd so‘mga yetganini ma‘lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qoidabuzarliklarning atigi 1890 tasi yoki qariyb 8% i hujjat yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Qolgan 92% i boshqa qoidabuzarliklar, jumladan, nur qaytargichlar yoki faralarning yo‘qligi, qoraytirilgan oynalar (tonirovka) va yo‘lovchi tashish kabilarga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, yil boshidan buyon mamlakatda 3493 ta YTH qayd etilgan bo‘lsa, ularning 6% idan kamrog‘i mopedlar ishtirokida sodir bo‘lgan. O‘lim bilan yakunlangan 1286 ta YTHning 3,8% igina mopedlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov yuz berayotgan hodisalarni “kuryerlarga qarshi navbatdagi jazolash kampaniyasi” deb atadi va elektr velosipedlarga qo‘yilayotgan talablarga alohida to‘xtalib o‘tdi. U bir kuryerning murojaatini keltirdi: kuryer o‘zining elektr velosipedi tezligi soatiga 25 km dan oshmasligi va yo‘lning qatnov qismida haydalmasligini, biroq ishlashi uchun undan baribir A1 toifasidagi guvohnoma talab qilinayotganini aytgan.

Spot kuryerlarga qarshi reydlar nima sababdan o‘tkazilayotgani, skuter haydovchilari aynan nima asosida jarimaga tortilayotgani va ular endi nima qilishi kerakligini bilish maqsadida YHXX matbuot xizmatiga so‘rov yubordi. Maqola e‘lon qilingan vaqtga qadar idoradan javob kelmadi.

2025-yil 1-oktabrdan boshlab mopedlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi va davlat raqam belgilariga ega bo‘lishi shart qilib belgilangan. 2026-yil mart oyi oxirida A1 toifasi bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, bu toifa moped, skuter hamda dvigatel hajmi 25 sm³ gacha bo‘lgan ichki yonuv dvigatelli yoki quvvati 0,25 kVt gacha va eng yuqori tezligi soatiga 25 km gacha bo‘lgan kichik gabaritli mototransport vositalariga ham taalluqlidir.

Spot avvalroq Moskvada 15-oktabrdan kuryerlar uchun majburiy testlar joriy etilishi haqida yozgandi.