Moskva transport departamenti kuryerlar uchun elektron test sinovlarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda departamentning Telegram-kanalida xabar berildi.
Rossiya poytaxtida faoliyat yurituvchi yetkazib berish xizmatlari xodimlari 30-sentabrdan boshlab yo‘l harakati qoidalari va ish standartlarini bilish bo‘yicha imtihon topshirmoqda. Testlar “APT” axborot tizimi orqali o‘tkazilmoqda.
Birinchi bosqichda — 14-oktabrgacha — testlar ixtiyoriy. Biroq 15-oktabrdan boshlab xizmatlar imtihondan o‘tmagan kuryerlarni buyurtmalarga qo‘ya olmaydi.
Test ikki yo‘nalishni qamrab oladi:
- xavfsiz harakatlanish qoidalari — tezlik me’yorlari, velosiped, skuter va elektrosamokatlarda harakatlanish, piyodalar o‘tish joylarida transportdan tushib o‘tish talabi;
- kuryerlar uchun ish talablari — tashqi ko‘rinish, sumka, transport vositasi, smenani boshlash tartibi, yetkazib berish qoidalari va xizmat ko‘rsatish etikasi.
Testdan o‘tish uchun kuryer savollarning kamida 80 foiziga to‘g‘ri javob berishi kerak. Natija kuryerning shaxsiy kabinetida aks etadi va bir yil davomida amal qiladi.
Moskva transport departamenti rahbari Maksim Liksutovning so‘zlariga ko‘ra, testdan o‘tish har bir xodim yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilishi va piyodalar oldidagi mas’uliyatini tushunishini tasdiqlash imkonini beradi.
Shuningdek, departament Davlat avtomobil inspeksiyasi va Moskva avtomobil-yo‘l instituti bilan birgalikda kuryerlarning yo‘l harakati qoidalarini buzishini aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar o‘tkazmoqda.
Liksutovning ta’kidlashicha, yetkazib berish xizmatlari xavfsizligini oshirish ishlari Moskva meri Sergey Sobyaninning topshirig‘i asosida olib borilmoqda.
“APT” kompleks axborot tizimi (Taksilar faoliyati tahlili) Moskvada 2021-yilda ishga tushirilgan. Dastlab u taksi haydovchilari haqidagi ma’lumotlarni hisobga olish, ish jadvalini monitoring qilish va jarimalar to‘lanishini nazorat qilish uchun ishlatilgan.
2025-yil martidan boshlab Moskva taksi haydovchilari shahar ko‘chalari va muhim manzillar, shuningdek, yo‘lovchi va yuklarni tashish qoidalarini bilish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tishi kerak. Test natijalari ikki yil davomida amal qiladi.
Avvalrpq Spot O‘zbekistonda skuterlarga bo‘lgan talab tufayli kuryerlarga qarshi reydlar ko‘paygani haqida yozgandi.