O‘zbekiston va Rossiya qariyb $6 mlrdlik 200 dan ortiq qo‘shma loyihadan iborat hamkorlik portfeliga ega. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev kotibiyati Spot’ga ma’lum qildi.

6-oktabr kuni Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning barcha hududlari, Rossiyaning 17 ta hududi va ikki mamlakatdan 400 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Yig‘ilishda hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, savdo, investitsiya va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonning barcha 14 ta hududi Rossiya Federatsiyasining 50 dan ortiq subyektlari bilan aloqa o‘rnatgan. Qo‘shma kooperatsiya portfeli qariyb $6 mlrd lik 200 dan ortiq loyihani o‘z ichiga oladi, deya qayd etdi bosh vazir o‘rinbosari.

“Bularning barchasi hududlar strategik vazifalarni amalga oshirishda sherikligimizning mustahkam asoslaridan biri ekanini tasdiqlaydi”, — dedi Jamshid Xodjayev.

Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon Rossiya va O‘zbekiston hududlari 100 ga yaqin qo‘shma tadbir o‘tkazgan. Aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Innoprom. Markaziy Osiyo ko‘rgazmasida Rossiyaning 60 dan ortiq va O‘zbekistonning barcha 14 ta hududi ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida tomonlar to‘rtta hujjat — uchta hududlararo va bitta tijoriy hujjatni almashdi. Xususan, Farg‘ona va Omsk viloyatlari sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida kelishuv tuzdi. Namangan viloyati va Dog‘iston esa savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi.

Bundan tashqari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Wildberries o‘rtasida investitsiya shartnomasi almashildi. Hujjat doirasida A toifali logistika majmuasini qurish rejalashtirilgan.

Kengash doirasida Rossiya-O‘zbekiston va O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishi, sanoat va investitsiyalar, madaniy-gumanitar hamkorlik va energetika bo‘yicha uchta tematik sessiya hamda Rossiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat hududlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi Omskda o‘tkaziladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston propan, elektronika, avtomobillar, rangli metallar va don importini oshirgani haqida yozgan edi.