Buxoroda respublika bo‘ylab fuqarolarning pullarini zararli APK fayllar orqali o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Dastlabki tergov davomida jinoyat sxemasi ortida Samarqand viloyatida yashovchi 20 yoshga to‘lmagan yigit va uning turli hududlardagi sheriklari turgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar Telegram‘dagi yashirin boshqariladigan akkauntlar orqali fuqarolarning telefonlariga zararli APK fayllarni yuborgan.

Ular mobil qurilmalarga o‘rnatilgach, bank ma‘lumotlari hamda pul o‘tkazmalarini tasdiqlash uchun yuboriladigan SMS kodlar jinoyatchilar nazoratiga o‘tgan.

O‘g‘irlangan mablag‘lar izini yashirish va tergovni chalg‘itish maqsadida pullar begona shaxslar nomiga ochilgan tranzit kartalar hamda soxta akkauntlarga o‘tkazib yuborilgan.

IIV ma‘lumotiga ko‘ra, mazkur sxema oqibatida respublika bo‘ylab 60 nafardan ortiq fuqaro zarar ko‘rgan.

Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (O‘g‘rilik qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda jinoiy guruhga aloqador barcha shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish, shuningdek, jabrlanganlarning huquqlarini tiklash choralari ko‘rilmoqda.

Spot avvalroq zararli ilovalar orqali 21 kishidan 336 mln so‘m o‘g‘irlagan kiberfiribgarlar ushlangani haqida yozgandi.