Telegram’da odatiy dumaloq videoxabarlarni turli shakllarda yuborish imkonini beruvchi yangi konsept namoyish etildi.

Loyiha Telegram Designers hamjamiyatida e’lon qilingan bo‘lib, unda videoxabarlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish taklif etilgan.

Konseptga ko‘ra, foydalanuvchilar videoxabarlarni nafaqat dumaloq, balki yurakcha, yulduz, mushuk boshi, gul, bulut va sharpa shaklida ham yuborishi mumkin.

Shaklni videoni yozib olish vaqtida ekranga bosish yoki surish orqali almashtirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu imkoniyat videoxabarlarni yanada qiziqarli va o‘ziga xos shaklda yuborishga xizmat qiladi. Bunda videoning o‘zi tanlangan shakl chegarasida ko‘rsatiladi.

Biroq bu hozircha Telegram’ning rasmiy funksiyasi emas, balki dizayn konsepti hisoblanadi. Uning muallifi tomonidan taklif qilingan loyiha messenjerning asosiy ilovasiga qachon qo‘shilishi yoki umuman joriy etilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Shuningdek, funksiya Android va iOS foydalanuvchilari uchun qachon taqdim etilishi ham noma’lum. Telegram tomonidan ushbu imkoniyatning rasman ishga tushirilishi haqida e’lon berilmagan.


Avvalroq Spot Telegram Desktop’da hikoyalar joylashtirish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida yozgandi.