17-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bir qator qo‘shma loyihalarni boshlab berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi. Davlat rahbarlari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgan va yangilarini boshlashni rejalashtirayotgan Germaniyaning yetakchi kompaniyalari vakillarini qutladi.

Shuningdek, ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.

Ikki mamlakat yetakchilari huzurida bir qator qo‘shma investitsiya loyihalariga start berildi. Shulardan biri Toshkent shahrida Volkswagen avtomobillarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish loyihasi boshlandi.

Uchrashuvdan olingan suratda Germaniyaning Volkswagen brendiga tegishli City Mall dilerlik markazidan jonli efir lavhasi ham aks etgan.

Shuningdek, Toshkent viloyatida Henkel kompaniyasi ishtirokida suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Andijon viloyatida esa O‘ztemiryo‘lkonteyner va Rhenus Group hamkorligida logistika markazini barpo etish boshlandi.

Bundan tashqari, uchrashuv doirasida ta’lim sohasiga oid yana ikkita loyiha ishga tushirildi. Toshkentda Germaniyaning Deutsche Bahn kompaniyasi bilan hamkorlikda temiryo‘l sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash hamda nemis tili bo‘yicha TELC imtihon markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

2025-yilning iyunida Volkswagen O‘zbekistonda avtomobillarni yirik qismlardan yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Unda sedanlar va yo‘ltanlamaslarning sakkizta modeli yirik uzelli yig‘ish orqali mahalliy ishlab chiqariladi, butlovchi qismlar esa Xitoydan yetkazib berilishi aytilgan.

Joriy yilning may oyidagi taqdimotda Germaniya kompaniyasi bilan birinchi bosqichda Toshkentda yirik uzelli ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilgani ma’lum qilindi. Keyingi bosqichda Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida to‘liq siklda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish rejalashtirilgan.

O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozukulovning qayd etishicha, Volkswagen’ning 7 ta modeli ishlab chiqariladi. Avtomobillarni MDH, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga ham eksport qilish rejalashtirilmoqda.