Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda mamlakatda Chevrolet, BYD, KIA va Hyundai kabi brendlar bilan hamkorlikda 5 ta avtomobil zavodi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda Volkswagen, Foton va JAC zavodlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Buning natijasida bozorda tanlov kengayib, uzoq navbatlar barham topgani qayd etildi. Joriy yilda avtomobil savdosiga 20 ta bank jalb qilinib, avtomobillarning 95%i bo‘lib-bo‘lib to‘lash va qulay kredit tizimi orqali sotildi.

Ayni paytda qo‘shni davlatlar uchun ham avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish rivojlanmoqda. Soha atrofida yangi kooperatsiya zanjirlari shakllanib, 10 mingdan ortiq yoshlar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlamoqda. 300 dan ziyod korxona Chevrolet, 40 ga yaqin korxona KIA va BYD uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda.

Taqdimotda avtomobilsozlikda ishlab chiqarish hajmini va band bo‘lganlar sonini 1 mlntaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Yengil va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish hamda yig‘ish bo‘yicha ko‘plab loyiha takliflari kelib tushayotgani O‘zbekistonda qulay investitsiya muhiti va yuqori daromadli bozor shakllanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, har bir loyiha bozor talabi va iqtisodiy samara asosida baholanishi, asosiy eʼtibor tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lishga qaratilishi zarurligi taʼkidlandi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Taqdimotda Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi haqida axborot berildi.

Rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida yirik uzelli ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilgan. Keyingi bosqichda Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida to‘liq siklda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish rejalashtirilgan.

Bugungi global vaziyat avtomobilsozlik sohasiga sezilarli taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shu bois, texnologik mustaqillikni taʼminlash, innovatsiyalarni joriy etish va eksport hamda logistika cheklovlariga kamroq bog‘liq bo‘lgan raqobatbardosh milliy mahsulotlar yaratish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Bu borada Andijon va Jizzaxda zamonaviy muhandislik maktablari ochilgani, yosh tadqiqotchilar va muhandislar shakllanayotgani, umuman, mahalliy mahsulotlarni kengaytirish va yakuniy mahsulot yaratish uchun zarur intellektual salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu maqsadda O‘zavtosanoat tizimida Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati rivojlantirilishi belgilandi.

Sohadagi yana bir katta imkoniyat — ehtiyot qismlar bozori ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ehtiyot qismlar bozorini tartibga solish, mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, sertifikatlash tizimini takomillashtirish va zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

2026-yil yakuniga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Avtomobil ehtiyot qismlar bozorini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident avtomobilsozlik sanoati mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri ekanini taʼkidlab, sohada raqobatni kuchaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, milliy muhandislik maktabini rivojlantirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

2025-yilning iyunida Volkswagen O‘zbekistonda avtomobillarni yirik qismlardan yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.

Spot, avvalroq, Toshkentda JAC Motors zavodi ochilgani, ilk model M3 avtomobili bo‘lgani haqida yozgandi.