Avvalroq 19-may kuni Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish av ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Toshkent va Angrenda Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozukulov O‘zbekiston 24 telekanaliga berga intervyusida davlat rahbari topshirig‘i asosida Germaniya kompaniyasi bilan “anchadan beri” ish olib borilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Volkswagen bilan hamkorlikdagi loyiha “yangi pog‘onaga chiqmoqda”.

“Birdaniga yettita modelni ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyiha ikkita bosqichdan iborat: dastlab Toshkentda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, kelgusida esa Angren erkin iqtisodiy zonasida eng zamonaviy va katta zavod quriladi. Bugun prezidentimiz bunga ruxsat berdilar”, — dedi Rozukulov.

U hozirgi kunda Volkswagen sotuv hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lishiga qaramay, daromadlar borasida yetakchi ekanini ta’kidladi. Bundan tashqari, kompaniya asosan R&D'ga sarmoya kiritadi. Rozukulovga ko‘ra, bu hamkorlik ilmiy-tadqiqot va zamonaviy ishlab chiqarish standartlarini joriy etish imkonini beradi.

Bundan tashqari, yangi avtomobillarni nafaqat O‘zbekiston bozori, balki MDH, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga eksport qilish ham ko‘zda tutilgan. O‘zavtosanoat raisi bu orqali eksport salohiyati oshishiga ishonch bildirdi.

“Prezidentimiz strategik rivojlanish bo‘yicha 2030-yilgacha 1 mlnga chiqish vazifasini qo‘ygan va loyiha, albatta, ushbu natijalarga erishishimizga o‘z hissasini qo‘shadi. 2026-yilning o‘zida ishlab chiqarish jarayoni boshlanib, YIMga ham, soliq nuqtayi nazaridan ham to‘lovlar amalga oshiriladi”, — dedi u.

2025-yilning iyunida Volkswagen O‘zbekistonda avtomobillarni yirik qismlardan yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Unda sedanlar va yo‘ltanlamaslarning sakkizta modeli yirik uzelli yig‘ish orqali mahalliy ishlab chiqariladi, butlovchi qismlar esa Xitoydan yetkazib berilishi aytilgan.

Spot, avvalroq, Toshkentda JAC Motors zavodi ochilgani, ilk model M3 avtomobili bo‘lgani haqida yozgandi.