Raqamli rivojlanish vazirligi Yaponiyaning ELF-IN studiyasi bilan animatsiyani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, “yumshoq ko‘nikmalar"ni rivojlantirish, qo‘shma o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va raqamli xizmatlar eksporti kabi mavzular muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar animatsiya sanoati va kompyuter grafikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. ELF-IN studiyasi O‘zbekistonda sho‘ba korxona ochishni rejalashtirmoqda.

Hamkorlik doirasida Yaponiya bozoriga yo‘naltirilgan animatsiya sohasida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu maqsadlar uchun $700 mingdan ortiq grant mablag‘lari ajratiladi.

Qayd etilishicha, kelishuv o‘zbek milliy animatsiyasini (anime) yaratish va uni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, hamkorlik ijodiy sanoatni rivojlantirish va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shu bilan birga, vazirlik Yaponiya kompaniyalarida, jumladan, dizayn va animatsiya sohalarida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ishga qabul qilish boshlanganini e’lon qildi. Ro‘yxatdan o‘tish havola orqali amalga oshiriladi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik avtobus haydovchilar Yaponiyaga ishga yuborilishi haqida yozgandi.

Toshkentda o‘quv poligoni qurilib, amaliyot uchun o‘ng boshqaruvli avtobuslar olib kelinadi.