O‘zbekistonning yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasi $49,5 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 8,1% ga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.
Eksport 3,6% ga kamayib, $19,93 mlrdni tashkil etdi. Import esa 17,8% ga oshib, $29,6 mlrdga yetdi. Natijada tashqi savdo balansidagi manfiy saldo 2,18 baravarga — $4,44 mlrddan $9,67 mlrdgacha oshdi.
Yil boshidan buyon monetar bo‘lmagan oltin eksporti 2,7 baravarga kamayib, $2,8 mlrdni tashkil etdi. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $7,59 mlrd bo‘lgan.
Xitoy $11,26 mlrdlik tovar ayirboshlash hajmi bilan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Bu umumiy tashqi savdo aylanmasining 22,7%iga teng. Keyingi o‘rinda $8,12 mlrd bilan Rossiya turibdi. Ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro savdo hajmi mos ravishda 33,6 va 11,8% ga oshgan.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston — $3,26 mlrd (+24%), Turkiya — $1,64 mlrd (+2,3%) va Afg‘oniston — $1,23 mlrd (+45,8%).
Tashqi savdo bo‘yicha kuchli o‘ntalikka Fransiya — $1,08 mlrd (+30,7%), Janubiy Koreya — $1,07 mlrd (+8,7%), BAA — $928,7 mln (+37,3%) va Turkmaniston — $779,4 mln (+15,9%) ham kirdi. O‘nlikni Gonkong yakunladi. U bilan savdo hajmi 9,1 baravarga oshib, $776,8 mlnni tashkil etdi.
Import
Tovarlar importi tarkibida mashinasozlik mahsulotlari yetakchilikni davom ettirmoqda — $9,7 mlrd (+20%). Bu yo‘nalishda avtomobillar va boshqa transport vositalari importi $2,4 mlrd (+27,9%), elektrotexnika mahsulotlari esa $1,59 mlrd (+38,1%)ni tashkil etdi.
Sanoat uchun mo‘ljallangan umumiy uskunalarni xarid qilishga $1,43 mlrd (+0,5%), maxsus mashinalarga esa $1,38 mlrd (-11%) sarflangan. Aloqa va audio uskunalari importi 87,5% ga oshib, $1,01 mlrdga yetgan. Elektr energiyasi generatorlari importi esa $989,7 mlnni (+48,2%) tashkil etdi.
Yil boshidan buyon avtomobillar uchun ehtiyot qismlar va aksessuarlar importi $1,08 mlrdni (+10,9%), yengil avtomobillar va boshqa transport vositalari importi esa $920,4 mlnni (+73,5%) tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinda sanoat mahsulotlari turibdi — $4,38 mlrd (+10,1%). Cho‘yan va po‘lat importi $1,71 mlrdga (+0,9%), rangli metallar importi $612,9 mln (+87,2%), to‘qimachilik iplari va matolar importi esa $350,1 mln (+8,6%)ga yetdi. Shu bilan birga, metall buyumlar importi $587,4 mln (+1,3%), rezina mahsulotlari importi esa $305,5 mln (-4%)ni tashkil etdi.
Kimyo sanoati mahsulotlari importi 15,6% ga oshib, $3,58 mlrdga yetdi. Tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlariga $1,11 mlrd (-0,8%), birlamchi plastmassalarga $653,7 mln (+11,9%), kimyoviy materiallar va mahsulotlarga esa $550,4 mln (+27,9%) sarflangan.
Yana oziq-ovqat mahsulotlari importiga $3,28 mlrd (+41,9%) yo‘naltirildi. Shundan don mahsulotlari importi $864,9 mln (+60,7%), go‘sht va go‘sht mahsulotlari — $574 mln (+36,7%), shakar va qandolat mahsulotlari — $434 mln (+51,2%), sabzavot va mevalar — $352,8 mln (+31,9%), qahva, choy, kakao va ziravorlar — $312,9 mln (+22,5%)ni tashkil etdi.
Yoqilg‘i-energetika resurslari importiga sarflangan mablag‘ 10,7% ga oshib, $2,51 mlrdga yetdi. Neft va neft mahsulotlari importi $1,34 mlrd (+15,1%)ni, jumladan, yoqilg‘i va moylash materiallari $921,5 mln (+0,4%)ni tashkil etdi.
Benzin importi $426 mln (+60,8%), dizel yoqilg‘isi importi $163,3 mln (+1,1%) bo‘ldi. Gaz importi 8,2% ga oshib, $1,01 mlrdga yetdi. Shundan propan importi $105,4 mlnni tashkil etib, 3,6 baravarga oshgan. Ko‘mir importiga $108,4 mln (+3,6%), elektr energiyasiga esa $55,8 mln (-17,9%) sarflangan.
Bundan tashqari, xizmatlar importi $3,62 mlrdga (+13,3%) yetdi va umumiy import tarkibidagi ulushi 12,2% ni tashkil etdi. Xizmatlar orasida sayohatlar (turizm) $1,58 mlrd bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda transport ($989,6 mln) va IT sohasi ($331,5 mln) turibdi.