Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida ta’lim, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yilda aholi 8 mln nafarga ko‘payganiga qaramay, maktabgacha ta’lim qamrovi 78% ga yetkazildi. Maktablarda esa 1,5 mln qo‘shimcha o‘quv o‘rni yaratildi.
Oliy ta’limda ham talabalar soni 2016-yilda 250 ming nafardan hozirda 1,6 mln nafarga yetdi. Ularning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Mirziyoyev IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishlar orqali 10 mln nafar yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilish maqsad qilingan.
Shuningdek, joriy yilning 5-avgust kuni Xitoyda Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshining orbitaga uchirilgani “alohida g‘urur va iftixor” bag‘ishlashini ta’kidladi. O‘zbekistonning birinchi kosmonavti yaqin yillarda fazoga uchirilishi ma’lum qilindi.
“Mening niyatim, O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qilayotgan markazga aylanishi zarur. O‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratilayotgan til bo‘lishi lozim”, — dedi prezident.
2025-yil dekabr oyida prezident Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan yillik murojaatida sun’iy yo‘ldosh yaratish hamda birinchi o‘zbek kosmonavtini orbitaga chiqarish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Joriy yilning fevral oyidagi taqdimotda milliy fazogirni qisqa muddatga — 10−14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.