Avvalroq prezident Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutq so‘zlayotgani haqida xabar berilgandi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyotini yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligiga asoslangan modelga o‘tkazish bo‘yicha yangi maqsadlarni ma‘lum qildi.

Unga ko‘ra, kelgusi 10 yilda mamlakatga $450 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinadi.

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini saqlab qolish hisobiga 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini $300 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda. Sanoatda esa 2 mln dan ortiq yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun startaplar, venchur moliyalashtirish va sun‘iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarga aylantiriladi.

Prezident kichik biznesni o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarni esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylantirish uchun yaxlit ekotizim yaratilishini ta‘kidladi.

Ushbu maqsadlar amalga oshirilishi natijasida kelgusi 10 yilda jon boshiga YIM $10 mingdan oshishi kutilmoqda.

O‘tgan yilning dekabrida prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida kelgusi besh yilda iqtisodiyotni $240 mlrddan oshirish imkoniyati borligi taʼkidlangandi.

Joriy yilning iyunida prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha yangi maqsadni e‘lon qilgandi.

“Jadal sur‘atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil $180 mlrddan oshishi kutilmoqda” — degan edi davlat rahbari.

Spot, avvalroq, kichik biznesni tekshirishga uch yilga moratoriy e‘lon qilingani haqida yozgandi.