Bellissimo Pizza — O‘zbekistondagi yirik pitseriyalar tarmoqlaridan biri. Brend 2015-yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, o‘n yil ichida jadal rivojlanib, mamlakat bo‘ylab 100 tagacha filialga ega tarmoqqa aylangan.
2023-yilda Spot Bellissimo Pizza bilan katta intervyu o‘tkazgandi. O‘shanda kompaniya O‘zbekiston bo‘ylab faol kengayish bosqichida edi. Oradan ikki yil o‘tib, Bellissimo rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi: mahalliy bozor bilan cheklanib qolmasdan, 2025-yilda Qozog‘istonda o‘zining ilk pitseriyasini ishga tushirdi.
Bir yil ichida kompaniya Qozog‘istonning uchta shahrida 11 ta filial ochdi, ilk franshizasini sotdi va Olmaotadagi Papa John’s restoranlari binolarini xarid qildi. Endilikda Bellissimo 2030-yilgacha butun mamlakat bo‘ylab 200 ta restoran ochishni maqsad qilgan.
Spot jamoasi xorijdagi o‘zbek biznesi haqida suhbatlashish uchun Olmaota sari yol oldi. Bu turkumdagi ikkinchi intervyu bo‘lib, uning birinchi mehmoni Safia asoschisi Bekzod Samigjanov edi.
Bu safar Bellissimo Pizza’ning biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Sayyod Matkarimov bilan Olmaotadagi filiallardan birida ko‘rishdik. U Spot’ga Qozog‘istonda nega ayri strategiya zarurligi, o‘zga yurtda restoran ochish qanchaga tushishi hamda O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 100 ta filial bor bir paytda, Qozog‘istonda qanday qilib 200 ta nuqta ochish rejalashtirilgani haqida so‘zlab berdi.
Sayyod aka, o‘tgan yilning may oyida Bellissimo Pizza Qozog‘iston bozoriga kirishini e’lon qilgandi. Bugun esa, oradan bir yil o‘tib, Olmaota markazida siz bilan suhbatlashyapmiz. Nega aynan Qozog‘iston tanlandi? Bu Bellissimo Pizza uchun birinchi xalqaro bozor bo‘ldimi?
Ha, bu bizning birinchi xalqaro bozorimiz. O‘zbekistonda to‘plagan tajribamizdan so‘ng jamoa ichida hazillashib aytganimizdek, deyarli 100 ta restoranga ega bo‘lgan mamlakatimizga endi sig‘may qoldik va boshqa davlatda kengayishga qaror qildik.
Nega aynan Qozog‘iston? Bu bizga qardosh xalq, qo‘shni mamlakat. Bu yerda uydan tashqarida ovqatlanish, xususan, pitsa iste’mol qilish madaniyati juda rivojlangan. Shu sababli Qozog‘iston biz uchun mantiqiy tanlov bo‘ldi. Bu biz uchun chaqiriq. Bu yerda ko‘p jarayonlarni qaytadan boshdan kechiryapmiz, o‘rganyapmiz, boshqa mamlakatlarga chiqish uchun poydevor tayyorlayapmiz.
Shu vaqtga qadar 11 ta restoran ochdik. Ulardan 2 tasi dark kitchenformatida ishlaydi, qolganlari esa standart restoran, fudkort va strit-fud shaklida faoliyat yuritadi.
11 ta filialning hammasi sizning boshqaruvingizdami yoki franshiza ham bormi?
Bitta franshiza Olmaotadan uzoqdagi Qizilo‘rda shahrida joylashgan. Qozog‘istondagi birinchi franchayzi hamkorimiz sifatida bu katta tajriba. Qolgan 10 tasi o‘zimizniki.
Ostonada hozir 3 ta restoran bor: katta o‘yin maydonchasiga ega ikki qavatli restoranlar. 3 tasi Ostonada, 1 tasi Qizilo‘rdada, qolganlari Olmaotada.
Qozog‘iston bozoriga kirish qanchalik qiyin?
Ancha murakkab. Ko‘proq operatsion va tashkiliy nuqtai nazardan. Bu alohida diqqat-e'tibor, alohida jamoa va alohida strategiyani talab qiladi. Mamlakat haqida gapirmasa ham bo‘ladi, hatto mamlakatning o‘zida ham shaharlar bir biridan farq qiladi. Lekin bu qiziq.
Qayerda qiyinroq bo‘ldi — Olmaotada yoki Ostonadami?
Menimcha, ikkisini ajratish noto‘g‘ri, har bir shaharning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ostona, ehtimol, qiyinroq, chunki bu yer O‘zbekiston tashqarisidagi birinchi shahar va birinchi restoranimiz ochilgan joy. Bunga bir-ikki oy emas, biroz ko‘proq vaqt ketdi: yetkazib beruvchilarni, pudratchilarni tanladik, amalda hammasini noldan boshladik. Ammo hozir, mahalliy jamoa va tanlangan yetkazib beruvchilar mavjud bo‘lganda, deyarli hamma joyda bir xil.
Hozir jamoangizda nechta odam bor va ularning ko‘pi O‘zbekistondanmi?
Umuman olganda, jamoada 150 dan ortiq kishi bor. Deyarli har kuni rivojlanib, xodimlarimizni ko‘paytirmoqdamiz, chunki yangi nuqtalar ochyapmiz — atigi bir hafta oldin Olmaotadagi Mega va Forum savdo markazlaridagi fudkortda yana 2 ta restoranni ishga tushirdik.
Ushbu 150 kishidan O‘zbekiston jamoasi bor-yo‘g‘i 3−4 nafar — tajribani almashish va ishga tushirish uchun. Qolganlar mahalliy jamoa vakillari bo‘lib, ular bu yerning o‘ziga xos jihatlarini yaxshi biladi.
Bellissimo Pizza’ni rivojlantirish uchun o‘zingiz va jamoangizning bir qismi to‘liq Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishingizga to‘g‘ri kelganmi?
Ha. O‘zbekistondan kelganlar butunlay ko‘chib o‘tishdi. Chunki, mamlakatni his qilish va bu yerda 8−9 soat emas, balki kuniga 24 soat ishlash kerak. Boshqa iloj yo‘q.
Ammo bungacha siz IT va telekommunikatsiya sohasida — UMS, Beeline, Tele2 kompaniyalarida ishlagansiz. Fud sohasiga o‘tish qanchalik qiyin bo‘ldi? Axir bu ikki mutlaqo boshqa dunyo-ku?
Avvaliga shok holati bo‘lgan. Ammo jarayonga chuqurroq kirib borganingizda, farqlar unchalik katta emasligini tushunasiz. Biznesning o‘ziga xosligi bitta.
Agar Bellissimo’ga chetdan qarasangiz, mehmon uchun bu shunchaki pitseriya. Ammo ichkarida — bu IT-kompaniya bo‘lib, unda hamma narsa maksimal darajada raqamlashtirilgan: ta’mdan tortib jarayonlar, kuryerni kuzatishgacha. Shuning uchun telekommunikatsiya, IT va oziq-ovqat juda o‘xshash — biznesning mohiyati bitta.





Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Bu yil Bellissimo Pizza ilgari Papa John’s ishlagan joylarni sotib olgani haqida ma’lum qilindi. Bu qanday sodir bo‘ldi?
Gap Papa John’s brendining o‘zi haqida ketmayapti — brendning qozog‘istonlik franchayzisi bizga taklif bilan chiqdi. Uning aktivlarini: binolar ijarasini, ishlab chiqarish quvvatlari va albatta, jamoasini sotib oldik. Bu Bellissimo Pizza’ni Qozog‘istonda rivojlantirishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zbek kompaniyasi Qozog‘iston bozorida o‘zini qanday pozitsiyalashi kerak? Qanchalik moslashtirishga to‘g‘ri keldi?
Biz barcha brend tashuvchilarini to‘liq moslashtirdik. Filial fasadi va ichki dizaynidan tortib, hatto plitkalargacha — hamma joyda mahalliy ruh, milliy naqsh va bezaklardan foydalandik. Milliy aydentikani to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha maslahat olish uchun Qozog‘istondan mutaxassislarni ham jalb qildik.
Bu juda muhim: qo‘shni qardosh mamlakatda biznesni yo‘lga qo‘yishda, birinchi navbatda, mahalliy an’analarni hurmat qilish kerak.
Til masalasida ham avval qozoqcha, keyin ruscha. Bir vaqtning o‘zida ikkita tilni joylashtira olmagan joylarda faqat qozoq tilini ko‘rsatamiz. Marketing ham mahalliy jamoalarni jalb qilgan holda to‘liq qozoq tilida olib boriladi.
Aslida, mijoz uchun bu brendning O‘zbekistondan ekanligi alohida ta’kidlanmaydi — shunchaki Bellissimo Pizza, to‘g‘rimi?
Ha, albatta. Bizga ta’mni yetkazish muhim. Siz, ehtimol, Toshkentda Bellissimo’ni tatib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak va biz uchun Olmaotada ham xuddi shu ta’mlarni saqlab qolish juda muhim. Pitsamizni bir marta tatib ko‘rgan mehmon ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi marta aynan ta’m uchun kelishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu brendning asosiy kuchidir.
Marketingga qancha mablag‘ sarflamang, agar mahsulot mijozning hafsalasini pir qilsa, shunchaki mehmonni yo‘qotamiz, xolos. Bu hech qanday marketing emas. Agar mahsulot tayyor bo‘lmasa yoki mahalliy bozorga moslashtirilmagan bo‘lsa, marketingga sarmoya kiritishning hojati yo‘q. Ta’mga va uning aynan bir xil ekanligiga ishonch hosil qilganimizdagina ko‘lamni kengaytirishimiz mumkin.
Biroq bu yerda faqat ta’m emas, servis, ya’ni kassadagi jamoa va yetkazib berish xizmati ham katta ahamiyatga ega. Biznesning katta qismi faqat restorandan iborat emas. Qozog‘istonda uyda ovqatlanish, ya’ni yetkazib berish formati juda rivojlangan.
Yetkazib berishni o‘zingiz amalga oshirasizmi yoki agregatorlar orqali?
O‘zimiz. Yandex yoki Glovo kabi agregatorlardan buyurtmalarni qabul qilish kanali sifatida foydalanamiz. Tezlikni saqlab qolish uchun butun yetkazib berishni o‘z zimmamizga olishga qaror qildik — bu yerda 35 daqiqada yetkazib berish strategiyasi bilan chiqdik.
Bu nima degani: ilovada yoki agregator orqali buyurtma berganingizdan so‘ng, sizning pitsangizni tayyorlash va yetkazib berish uchun 35 daqiqa vaqtimiz bor. Sababi, pitsa, umuman olganda, har qanday mahsulot kabi, 40 daqiqadan so‘ng o‘z ta’mini yo‘qotadi.
Shuning uchun Qozog‘iston bozoriga kafolat bilan chiqdik: 35 daqiqa yoki pitsa sovg‘aga beriladi. Boshida juda qiyin bo‘ldi: o‘rtacha yetkazib berish vaqti 50 daqiqani tashkil etib, ko‘plab bepul pitsalarni yetkazib berdik. Lekin baribir 35 da qoldik — chunki bu biz uchun operatsion jarayonlarni ichkaridan o‘zgartirish va yetkazib berishni tezlashtirishga turtki beradigan kuchdir.
O‘rtacha bitta restoranda 4−5 ta kuryer ishlaydi. Har bir filialning o‘z yetkazib berish hududi mavjud: u trafik va tirbandliklardan kelib chiqib cheklanadi. Shahar markazida hudud yetkazib berishga ulgurish uchun juda kichik bo‘lishi mumkin.
Lekin qiyinchiliklar doim bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘sa buyurtmalar soni keskin oshadi va kuryerlar sonini ko‘paytiramiz. Bu doimiy harakatdagi jarayon — bir yildan keyin ham, ikki-uch yildan keyin ham davom etadi va muntazam rivojlanib boradi.
Restoran va yetkazib berishdagi buyurtmalar nisbati qanchalik farq qiladi?
Hajmning taxminan yarmi yetkazib berishga, yarmi esa restoranning o‘ziga to‘g‘ri keladi. Hozircha bu ko‘rsatkich biroz pastroq, lekin aynan shunday maqsadga intilmoqdamiz: yetkazib berish ulushi doim yuqori bo‘lishi kerak, chunki bu xizmat turi yildan-yilga jadal rivojlanib bormoqda.
Asosan buyurtmalar qayerdan keladi? Ilovangiz orqali, agregatorlardan yoki botlar orqalimi?
Buyurtmalarning asosiy qismi mobil ilovamiz orqali keladi. O‘zbekistondan farqli ravishda, Qozog‘istonda Telegram-botni ishga tushirmadik, chunki bu yerda Telegram’dan foydalanish darajasi nisbatan past. Asosan, mobil ilovaga e’tibor qaratganmiz. Agregatorlardan ham kanal sifatida foydalanamiz — u yerda mahsulotimizni izlab keladigan mijozlar allaqachon bor.
Sizlarda dark kitchen formatidagi filiallar ham bormi? Ular faqat yetkazib berishga ishlaydimi?
Ha, 2 ta filialda faqat yetkazib berish xizmati mavjud. O‘zbekistonda hozircha bunday format yo‘q, biz buni bu yerda sinovdan o‘tkazmoqdamiz va keyin tizim qanchalik moslashishini ko‘ramiz.




Foto: Ma’murjon Obrahmatov / Spot
Masofadan turib nazorat qilish tizimi ham bormi? Masalan, O‘zbekistondan kimdir jarayonlar va mahsulot sifatini real vaqt rejimida nazorat qilib turadimi?
Buning bir nechta usuli bor. Xufiya xaridor bu standart amaliyot. Bundan tashqari, biz ta’mni raqamlashtirdik. Pitsani qabul qilgan mehmon qisqa so‘rovnomadan o‘tadi: birdan yettigacha bo‘lgan shkala bo‘yicha bir nechta tugmani bosadi. Buni ofisda real vaqt rejimida diagramma va grafiklar ko‘rinishida ko‘ramiz.
Bu bizga vaziyatdan doimiy xabardor bo‘lib turishga — ta’mdagi o‘zgarishlarni ko‘rish va ularga zudlik bilan munosabat bildirishga yordam beradi. Chunki, ta’m masalliqlarga bog‘liq: agar masalliqlarning ta’mi qayerdadir o‘zgarsa, buni boshqaruv panelida ko‘ramiz va unga tegishli choralar ko‘rishimiz mumkin.
Reseptlarni ham nazorat qilamiz, tayyorlash jarayonini ham kuzatib boramiz. Mahsulotlarga kelsak, pepperonidan tortib go‘shtgacha — barchasi o‘zimizning retseptlar asosida tayyorlanadi. Ular laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib, shundan keyingina restoranga olib kelinadi.
Qozog‘istonlik mijozlarga moslashish uchun retsepturani qandaydir o‘zgartirishga to‘g‘ri keldimi? Yoki bu yerda pitsaning yangi ta’mlari ham bormi?
Asosiy retseptlarni o‘zgartirmadik. Biroq Qozog‘istonda ko‘proq kichik hajmdagi pitsalarni sotib olishadi. Agar O‘zbekistonda restoranga to‘rt kishilik davra kelsa, ular odatda hammaga bitta katta yoki ikkita o‘rtacha pitsa buyurishadi. Bu yerda esa davradagilarning har biri faqat o‘zi uchun alohida kichik pitsa oladi.
Mahalliy yangiliklarimizdan biri tarili sirniklar. Tari — qovurilgan don bo‘lib, u an’anaviy ravishda sutli choyga (tari choy) solinadi.
Qozog‘istonda bitta filial ochish taxminan qanchaga tushadi?
Dastlabki restoranlar ancha qimmatga tushgan. O‘shanda jarayonlarni yo‘lga qo‘ygunimizcha narxga unchalik e’tibor bermaganmiz. Hozir, jarayonlarni optimallashtirishni hisobga olgan holda, bitta restoran taxminan $150 mingga tushadi.
Bitta filial necha oydan keyin o‘zini-o‘zi oqlaydi?
12 oyni maqsad qilganmiz. Lekin shunday filiallar borki, ular juda yaxshi o‘smoqda.
Qozog‘istonda nechta pitsa sotasizlar?
Qozog‘istonda yangi o‘yinchimiz, shuning uchun hozircha ko‘p emas. 9 ta restoran va 2 ta dark kitchen bilan oyiga taxminan 50 mingdan ortiq pitsa.
Bu yaxshi ko‘rsatkich, ammo baribir O‘zbekistonga qaraganda ancha kam: u yerda o‘tgan yili oyiga yarim milliondan ortiq pitsa sotganmiz. Hozirgi hajmlar katta, lekin bizda o‘sish uchun joy bor.
Kuniga qancha buyurtma kelib tushadi?
Hozir soat kunduzgi 4 va bu filialda buyurtmalar soni 100 tadan oshishga ulgurdi. O‘rtacha bitta filial kuniga 150−160 ta buyurtmani qabul qiladi, shu jumladan yetkazib berish xizmati ham. Va bu doimiy ravishda o‘sib bormoqda — har oyda 15−20% ga.
O‘rtacha buyurtma narxi qancha?
Taxminan $11−12.
Menyularni bu yerdagi narxlarga moslab qayta hisoblashga to‘g‘ri keldimi?
Ha, narxda biroz farq bor: taxminan 10−15%. Logistika tufayli bizda mahsulotlarning katta qismi import qilinib, bu narxga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo Toshkentdagi Bellissimo’dan narxi biroz yuqori bo‘lishiga qaramay, bozor bilan taqqoslaganda, mahsulotimiz boshqa yirik o‘yinchilarga qaraganda arzonroq.





Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Demak, barcha mahsulotlar O‘zbekistondan yetkazib beriladimi yoki mahalliy yetkazib beruvchilar ham bormi?
Mahsulotlarning aksariyati Gretsiya, Indoneziya va Janubiy Koreyadan import qilinadi. Xamir uchun masalliqlar, pishloq hammasi chetdan keltirilgan. Bularning barchasi laboratoriyamiz tomonidan tasdiqlangan va ishlab chiqilgan mahsulotlardir.
Mahalliy darajada laboratoriya sinovlarisiz birorta mahsulotni o‘zgartirmaymiz. Ta’mlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, yangi mahsulotlarni topish bilan shug‘ullanadigan alohida tadqiqot jamoamiz bor. Hech bir restoran o‘zboshimchalik bilan masalliqni almashtirishi mumkin emas. Yetkazib berish bizning ishlab chiqarish markazimizdan markazlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Mahalliy bozordan faqat sabzavot va mevalarni olamiz, ular yangi bo‘lishi shart. U yerda ham laboratoriya sinovlaridan o‘tadigan tanlangan yetkazib beruvchilar bor.
Toshkentda eng ko‘p sotiladigan mahsulotlardan biri Bellissimo sinnamonlaridir. Ular Qozog‘istonda bormi?
Ha, bu yerda ham juda yaxshi ko‘rishishdi. Faqat sinnamon buyurtma qiladiganlar ham bor.
Ular uchun dolchin Indoneziyadan keltiriladi — faqat u yerdagi bir hududdagina achimtir bo‘lmagan dolchin bor. Shakar Janubiy Koreyadan. Bu amalda bir-biri bilan uyg‘unlashgan mahsulotlar to‘plamidir. Shuning uchun birorta ham masalliqni o‘zgartirmaymiz.
Agar mijoz Bellissimo franshizasini sotib olsa, barcha mahsulotlar va ta’minot ishlarini o‘zingiz amalga oshirasizlarmi?
Ha, hammasi markazlashtirilgan. Hozir ham Qizilo‘rdaga barcha mahsulotlarni Olmaotadan olib kelamiz. Boshqa yo‘l bilan sifat va ta’mni saqlab bo‘lmaydi.
Franshiza paketiga yana nimalar kiradi?
Franshizaning bir necha turlari mavjud bo‘lib, ularning har biri turli joylashuv va turli budjetga mo‘ljallangan.
Kirishdagi eng arzon joy — kichik maydonli fud-kort bo‘lib, 60 kv.m dan, investitsiya hajmi esa $80 mingdan boshlanadi. Strit-formati — 150 kv.m, investitsiya hajmi esa $150 mingdan, o‘tirish imkoniyati 30 o‘rindan boshlanadi. Bunday format markaziy ko‘chalarda, ofislar va biznes markazlari yaqinida yaxshi ishlaydi.
Bizning asosiy formatimiz — oilaviy format. 200 kvadrat metrdan va $200 mingdan boshlab investitsiya kiritish mumkin. Bu endi 50 o‘rindan kam bo‘lmagan, katta (50−60 kv m li) bolalar maydonchasiga ega to‘laqonli restorandir.
Paushal badali — taxminan $10 ming. Bu uncha katta summa emas, chunki biz uchun kirishda pul ishlash emas, balki hamkorning ishga tushishi va barqaror ishlashi muhimdir. Keyinchalik biz uni boshqaruv kompaniyamizga bog‘laymiz va to‘liq kuzatib boramiz.
Paketga quyidagilar kiradi: ta’mirlash standartlari, chizmalar, joy tanlashda yordam, IT-platformamizga ulanish — bu kassa, ombor, yetkazib berish, tahlil — barchasi bir tizimda. Bundan tashqari, haftasiga ikki marta oziq-ovqat yetkazib berish. Hech bir restoran masalliqlarni o‘zi sotib olmaydi — hammasi biz orqali o‘tadi, aks holda ta’mni saqlab qolishning iloji yo‘q.
Moliyaviy modelga ko‘ra, agar oilaviy format haqida gapiradigan bo‘lsak: oylik daromad taxminan $70 ming, o‘zini oqlash muddati taxminan 14 oy. Ammo bu hisob-kitob modeli — haqiqiy raqamlar joylashuv, jamoa va bozorga bog‘liq.
Franshiza bo‘yicha barcha jarayonning o‘zi 3−5 oy davom etadi. Bu muddatga lokatsiya tanlash, ta’mirlash, uskunalarni o‘rnatish, jamoani o‘qitish va ishga tushirish jarayonlari kiradi. Muhim jihati shundaki, biz siz bilan faqat zalni ko‘ramiz. Ammo oshxona hududi taxminan ikki baravar katta bo‘ladi. U yerda sovutish kameralari va mahsulotlarni kamida 2−3 kun saqlash imkonini beradigan barcha zarur uskunalar mavjud.
Master-franshiza hamda subfranshiza shakllari ham mavjud. Toshkentda yangi gibrid format — sheriklik shaklidagi hamkorlik amaliyotga tatbiq etilgan.
Qozog‘iston bo‘yicha — hozirda turli shaharlardan juda ko‘p so‘rovlar kelib tushmoqda. Lekin shoshilmaymiz. Avval operatsion modelni tuzamiz, baza tayyor bo‘lgach, kengayishni boshlaymiz.
Ammo Qozog‘iston bozori allaqachon shakllangan bo‘lib, bu yerda uzoq vaqtdan beri ham xalqaro, ham ichki o‘yinchilar bor. Bunday sharoitda yangi o‘yinchi uchun maydonga tushish qanchalik qiyin?
Bu unchalik oson emas, chunki bu yerda strategiya mutlaqo boshqacha. O‘zbekistonda yetakchimiz — yetakchilikni saqlab qolamiz va har yili rivojlanib boramiz. Bu yerda esa “yangilarmiz”, hamma narsani noldan boshlashimiz va bozorning har bir ulushi uchun kurashishimiz kerak. Bu qozog‘istonlik mehmonlar oldidagi katta mas’uliyatdir. Gap faqat aksiyalarda emas — bunda biz boshlagan uslubni doimo saqlab qolish muhimdir.
Raqobat qayerda kuchliroq bo‘ldi — Ostonadami, Olmaotadami yoki Qizilo‘rdadami?
Taxminan bir xil. Katta tarmoqni qurgan o‘yinchilar ham bor. Hamma joyning o‘z qiyinchiliklari bor.
Lekin Toshkent bilan solishtirganda raqobat muhiti baribir qattiqroqmi?
Ha. Lider strategiyasi bilan bozorning har bir ulushi uchun kurashayotgan tomonning strategiyasi baribir ikki xil narsadir.
Umuman olganda, bozorda qanday ajralib turish mumkin, axir pitsa yetarlicha standart mahsulot-ku?
Bu qiziqarli taʼmlar — go‘yo pitsa bilan mos kelmaydigandek tuyulsa-da, aslida juda mukammal uyg‘unlashgan taʼmlarni sotuvga chiqarishdir. Masalan, Qozog‘istonda juda iliq kutib olingan o‘sha go‘shtli “donar” pitssalar bunga misol bo‘la oladi.
Demak, o‘zbekona o‘ziga xoslik baribir o‘zini oqlayaptimi?
Ha, o‘zini oqlayapti. Eng muhimi — uni umumiy konsepsiyaga mos tarzda to‘g‘ri joriy qilish.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / Spot
Bellissimo Pizza Qozog‘istonda 200 ta filial ochishni rejalashtirayotganini aytdingiz. Bunday katta rejani qanday amalga oshirish mumkin?
Hozirning o‘zida 11 ta filialimiz bor. Shuning uchun 200 ta filial — mutlaqo real maqsad. Bu gibrid formatda amalga oshiriladi: ham o‘zimizga tegishli restoranlar, ham franchayzing asosida.
Franchayzing — hozir aynan shu yo‘nalish ustida ishlayapmiz. Avvalo, katta franchayzing tarmog‘iga xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘lish uchun operatsion modelimizni shakllantiryapmiz. Hozirning o‘zidayoq Qozog‘istonning barcha shaharlaridan juda ko‘p so‘rovlar kelmoqda. Biz ularni qabul qilyapmiz, lekin o‘zimiz ham bunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Shoshilmayapmiz, avval, mustahkam bazani tayyorlab olish, shundan keyingina tarmoqni rivojlantirishni boshlash kerak. Bu boshqa bozorga chiqishni rejalashtirayotgan har qanday kompaniya uchun muhim.
Bu faqat Olmaota va Ostona emas, boshqa shaharlarda ham bo‘ladimi?
Qozog‘istonning barcha hududlarida. Men mamlakatning barcha shaharlarida bo‘lganman. Qozog‘iston hududi va shaharlar sonini hisobga oladigan bo‘lsak, 200 ta restoran — bu, ehtimol, katta boshlanish bo‘ladi. Keyinchalik rivojlanish davom etadi.
Bellissimo yana 5 ta yangi mamlakat bozoriga chiqish rejalari haqida gapirgandi: Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya. Nega aynan shu mamlakatlar?
Yana bir mamlakat bor — qo‘shni, qardosh davlat Qirg‘iziston. U yerda ham yaqin vaqt ichida ish boshlaymiz. Qolgan mamlakatlarda esa uydan tashqarida ovqatlanish madaniyati, pitsa iste’moli va raqamlashtirish darajasi juda yuqori. Bizning ta’mlarimiz u yerda ham iliq kutib olinadi, deb hisoblaymiz. Biroq ta’mlar albatta mahalliy madaniyatga moslashtiriladi.
Brend ham Qozog‘istondagidek moslashtiriladimi?
Albatta. Bu har qanday bozorga kirishning asosiy qismlaridan biridir. Har bir mamlakatda, har bir hududda Bellissimo Pizza brendning asosiy mohiyati va strategiyasi saqlangan holda biroz o‘ziga xos bo‘ladi.
O‘zbekistonda qanday rejalar bor?
Rivojlanishni davom ettiramiz. Shunday shaharlar borki, u yerda mavjud restoranlarimiz mehmonlarga xizmat ko‘rsatishga ulgurmayapti. O‘zbekistonda 100 ta restoran bo‘lishi ham hali kam. Yangi joylarni izlash, qurish va yangi restoranlarni ochishda davom etamiz.
Qozog‘iston bozoriga chiqishni rejalashtirayotgan tadbirkorga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
Bilasizmi, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, har bir kompaniya o‘z xatolari va o‘ziga xos qiyinchiliklari bilan kirib keladi. Ammo umuman olganda, birinchi navbatda — mahalliy jamoa. Bozorning o‘ziga xos jihatlarini yaxshi biladigan asosiy jamoa kerak. Biznesni odamlar yuritadi, shuning uchun jamoa har doim birinchi o‘rinda turadi.
Ikkinchidan, operatsion model, marketing va pozitsiyalashni to‘liq tayyorlash, bozor tadqiqotini o‘tkazish kerak. Uchinchidan, hisob-kitoblarda qo‘shimcha vaqtni ham inobatga olish lozim.
Masalan, uch-to‘rt oyda ishga tushirishni rejalashtirsangiz, amalda bu muddat uzoqroq cho‘zilishi mumkin. Chunki, ishning boshlang‘ich bosqichida yetkazib beruvchilar va pudratchilarni tanlashning o‘zi ham doim vaqt talab qiladi.
Kompaniya xalqaro bozorga chiqishga tayyor ekanini anglatadigan biror mezon yoki holat bo‘ladimi?
Bo‘ladi. Bu kompaniyaning har bir bo‘limi, har bir departamenti o‘z sohasining mutaxassislari bilan to‘liq shakllangan va ular bir mamlakat misolida butun modelni — operatsion, moliyaviy va boshqa jarayonlarni ishlab chiqib, sinovdan o‘tkazgan payt.
Shundan keyin xalqaro bozorga chiqish mumkin. Ammo boshqa mamlakatda, albatta, o‘zgarishlar bo‘ladi. Biz “tayyorgarlik”, deb ataydigan narsa — bu asos, tayanch model. Keyingi bosqichda esa u yangi bozorga moslashtiriladi.
Bellissimo Pizza’dan Qozog‘istonda nimalarni kutish mumkin? Demak, siz bu yerda uzoq muddat qolishni rejalashtiryapsiz?
Asosiy maqsadimiz 2030-yilgacha 200 ta restoran ochish. Balki bu maqsadga 2028-yildayoq erisharmiz. Buning imkoni bor.
Agar bozor ulushi yoki boshqa ko‘rsatkichlar haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirgi asosiy maqsadimiz — buyurtmalar sonini oshirish. Mahsulotimizni imkon qadar ko‘proq mehmonlarga yetkazish, ularni restoranimizga taklif qilish va hech bo‘lmaganda bir marta tatib ko‘rib, ta’mimizni his qilishlariga imkon berish.
Intervyuni rus tilida video-formatda tomosha qilishingiz mumkin:
Material Uzbekistan Airways hamkorligida tayyorlandi.













