Safia — O‘zbekistonning yirik qandolatchilik tarmoqlaridan biri. Bugungi kunda kompaniya 180 ta filial, 5,5 ming nafar xodim va 2 ta zamonaviy ishlab chiqarish zavodiga ega. Brend tarixi esa oddiy uy oshxonasidan boshlangan: avval buvisi yaqinlari uchun pishiriqlar tayyorlagan, keyinchalik qizi bu mashg‘ulotni professional faoliyatga aylantirgan. Bugun esa oilaning uchinchi avlodi Safiani xalqaro miqyosdagi brendga aylantirish yo‘lida mehnat qilmoda.
2021-yilda Spot Safia bilan katta intervyu e’lon qilgandi. Shundan so‘ng kompaniya rivojlanishda yangi bosqichga chiqdi: 2022-yilda o‘z sohasida birinchilardan bo‘lib xorij bozoriga kirib, Qozog‘istonda ilk qandolat uyini ochdi.
Spot jamoasi Safia asoschilaridan biri Bekzod Samigjanov bilan suhbatlashish uchun Olmaota sari yo‘l oldi. U Qozog‘istondagi ilk filial ochilganida o‘g‘li bilan ko‘chada flayer tarqatgan kunlari, Starbucks bilan raqobat hamda Safia’ning kelgusidagi xalqaro kengayish rejalari haqida so‘zlab berdi.
Bekzod aka, 2022-yilda Safia ilk bor xalqaro bozorga chiqib, Qozog‘istonda birinchi filialini ochdi. Nega aynan Qozog‘iston tanlandi?
Qozog‘iston bizga eng yaqin qo‘shni davlat, qardosh xalq. Madaniyatimiz, an’analarimiz, urf-odatlarimiz va ta’mga bo‘lgan qarashlarimiz juda o‘xshash. Bundan tashqari, bu juda katta bozor. Biz faoliyatimizni aynan Toshkentga eng yaqin xalqaro shahar — Chimkentdan boshlashga qaror qilganmiz.
Agar biroz ortga qarasak, hali 2019-yildayoq bizda xorijga chiqa olmasak kerak, degan qo‘rquv bor edi. Hatto O‘zbekiston ichidagi hududlarga ham borishni o‘ylamagandik, chunki saqlash muddati 24 soat bo‘lgan “ultrafresh” mahsulotlar sotamiz. Yevropa va Amerikada ko‘p novvoyxonalar faqat bitta shaharda ishlaydi va kengaymaydi, chunki bu murakkab. Bizda ham shunday stereotip bor edi.
Ammo sinab ko‘rishga qaror qildik — Andijonga chiqdik. Hech qanday aniq rejasiz, tavakkal qildik. Muammolarga duch kelib, ularni jarayon davomida hal qildik. Chimkentda ham xuddi shunday bo‘ldi. Bu shaharni tanlaganimizdan juda xursandman: aynan shu qadam bizga O‘zbekistondan tashqarida ham o‘sishimiz mumkinligiga ishonch berdi.
Hozir Qozog‘istonda nechta filialingiz bor va ular qaysi shaharlarda joylashgan?
Hozirda Qozog‘istonda 11 ta filialimiz bor: 6 tasi Olmaotada va 5 tasi Chimkentda. Yil oxirigacha butun Qozog‘iston bo‘ylab savdo nuqtalarimiz sonini 25 taga yetkazmoqchimiz — Olmaotaning o‘zida yana 9 ga yaqin filial ochishni rejalashtiryapmiz.
Shuningdek, bugungi kunda Tojikistonda ham faoliyat yuritayapmiz.
Lekin Tojikistonda sizlar franshiza asosida ishlaysiz, Qozog‘istonda esa barcha nuqtalar o‘zingizning boshqaruvingizda. Nega bunday yondashuv tanlagansiz?
Umuman, dunyoda 30−50 ming savdo shoxobchasiga ega qandolatchilik tarmoqlari juda kam. Shunchaki olib, nusxa ko‘chirish mumkin bo‘lgan tayyor benchmarklar yo‘q. Burgerlar uchun McDonald’s, qahvaxonalar uchun Starbucks bor. Qandolatchilik uchun esa yo‘q. Shu sababli haligacha to‘g‘ri biznes-modelini izlayapmiz: o‘z nuqtalarimizni ochishimiz kerakmi yoki franshiza modeli bo‘yicha borishmi.
Tojikistonda biz gibrid modelni sinab ko‘rdik bu franshizadan ko‘ra ko‘proq hamkorlikka o‘xshaydi. Hamkor nuqtani to‘liq boshqaradi, lekin barcha mahsulotlarni o‘zimiz ishlab chiqaramiz. Qozog‘istonda esa o‘zimiz mustaqil rivojlanyapmiz. Hozircha bularning barchasini sinab, har ikki modelning qanday ishlashini kuzatyapmiz. Shundan keyingina qanday harakat qilishni hal qilamiz.
Ochig‘ini aytsam, “franshiza” so‘zidan biroz qo‘rqamiz. Mahsulotlarimizning saqlash muddati qisqa, shu bois ularga xuddi yosh bolaga qaragandek e’tibor beramiz. Bu bizning obro‘miz, brendimiz va mijozlar ishonchi. Shu sababli bugungi strategiyamiz shunday: nuqtalarni o‘zimiz ochamiz va xomashyo tanlashdan tortib, mahsulotni mijozga yetkazishgacha bo‘lgan barcha jarayonni o‘zimiz nazorat qilamiz.
Shunday bo‘lishi kerakki, siz Toshkent, Olmaota yoki boshqa istalgan shahardagi xohlagan Safia filialiga kirsangiz, hamma yerda bir xil xizmat, muhit va ta’mni his qilishingiz lozim.
Qozog‘iston bozoriga kirganingizda, Safia’ni mahalliy xaridorga noldan qanday tanishtirdingiz?
Bu oson bo‘lmagan. Olmaotada ochilganimizda bizni hech kim tanimasdi. O‘zim o‘g‘lim bilan shu yerda turib, flayerlar va bepul mahsulotlar tarqatganman. Savdo bo‘lmayotganidan xafa bo‘lardik. Ammo asta-sekin, kichik qadamlar bilan odamlar bizni taniy boshladi.
Marketing jamoamiz katta yordam berdi. Shakllangan bozorga kirish oson emas: kelib, ochilib, mijozlar o‘zlari kelishini kutib bo‘lmaydi. Har bir muvaffaqiyat ortida kundalik katta mehnat bor.
Intervyuga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda Qozog‘istonning Safiya qandolatxonasini topdik — nomi deyarli siznikiga o‘xshash, faqat “y” harfi bilan yozilar ekan. Bozorga kirayotganingizda ular haqida bilarmidingiz? Bu holat chalkashliklarga sabab bo‘lmayaptimi?
Ha, bu brendni ko‘rganman. Ularning firma rangi boshqacha — binafsharang, nomi ham boshqacha yoziladi. Tushunishimcha, ular ham asli chimkentlik o‘zbek tadbirkorlari. Balki, mijozlarda chalkashliklar bo‘lib turar, lekin har kimning o‘z yo‘nalishi bor. Men bunda katta muammo ko‘rmayapman.
Biroq Qozog‘istonda bozorida raqobat katta bu yerda Starbucks, Costa Coffee singari yirik xalqaro ishtirokchilar hamda ko‘plab mahalliy loyihalar ham faoliyat yuritmoqda. Bunday kuchli raqobat sharoitida qanday ajralib turish mumkin?
Ishtirokchilar o‘n yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritayotgan shakllangan bozor yangi o‘yinchi uchun murakkab muhit ekanligini tan olaman. Lekin biz har kuni yanada yaxshiroq bo‘lishga harakat qilyapmiz.
Avvalo, mahsulot. Sifatli mahsulotsiz biror jiddiy ish qilish qiyin. So‘ngra, servis, dizayn, muhit, tizim. Joylashuv ham juda muhim: biz odamlar gavjum joylarga, turar-joy dahalariga kirishga harakat qilamiz.
Biznesimiz mayda detallar ustiga qurilgan. Mehmon sezmaydigan yoki e’tibor bermaydigan minglab mayda tafsilotlar ortida juda katta mehnat va puxta tashkil etilgan jarayonlar yotadi. Ayniqsa, har kuni eng yangi mahsulotlarni yetkazib berishimiz va har oqshom ularni hisobdan chiqarishimizni inobatga olsak. Aynan shu jihat bunday biznesni keng ko‘lamda rivojlantirishni ancha murakkablashtiradi.
Safia’ning o‘zbek brendi ekani tanilish va mijozlar ishonchini qozonishda yordam berdimi?
Ha, albatta. Ko‘plab qozog‘istonliklar Toshkent, Samarqand yoki Buxoroga sayohat qilgan va Safia bilan aynan O‘zbekistonda tanishgan. Ular filiallarimizga kirib: “Ha, bu Safia-ku, men Toshkentda kirganman”, deb aytishadi.
Bundan tashqari, biz Toshkent xalqaro aeroportida ham faoliyat yuritamiz. Ko‘plab mehmonlar O‘zbekistondan qaytishdan oldin aynan shu yerda Safia bilan tanishadi yoki brendni yana bir bor eslaydi. Shu jihatdan o‘zbek brendi ekanimiz bizga muhim ustunlik berdi.


Olmaota va Chimkentda Safia’ning birinchi filiallarining ochilishi
Toshkentda ayrim savdo nuqtalari issiq taomlar taklif qiladigan to‘laqonli kafe sifatida ishlaydi. Qozog‘istonda ham shundaymi?
Ha, biz gibrid formatda ishlaymiz. Besh yil avval biznesimizning asosiy qismi tort va pishiriqlar savdosidan iborat edi. Odamlar asosan tug‘ilgan kun yoki bayramlar oldidan, ya’ni oyiga bir marta kirishardi. Keyinchalik esa Starbucks kabi xalqaro tarmoqlar tajribasidan ilhomlanib, biznesimizni turmush tarzi konsepsiyasi asosida rivojlantirdik. Endi mijozlarimiz bizga faqat bayram uchun emas, balki har kuni nonushta qilish, tushlik qilish, qahva ichish, o‘zlari bilan taom olib ketish yoki uchrashuv o‘tkazish uchun ham kelishadi.
Ko‘rsatkichlarimizga qarasak, mehmonlarimiz o‘rtacha hisobda haftasiga uch marta tashrif buyurishadi. Ilgari bu ko‘rsatkich oyiga bir-ikki martani tashkil etardi.
Qozog‘istonda ham aynan qahvaxona formatini rivojlantiryapmiz. Bu yerga kelib o‘tirish, qahva ichish, nonushta yoki tushlik qilish mumkin. Bar, sendvichlar va salatlar kabi yo‘nalishlarni ham aynan shu layfstayl konsepsiyasi doirasida faol rivojlantira boshladik.
Hozir bizda to‘rtta format mavjud. Birinchisi, flagman filiallar. Bular Toshkentdagi kabi katta, ikki qavatli shoxobchalar. Ikkinchisi, qahvaxona formati. Maydoni 150−200 kv.m. bo‘lib, to‘laqonli bar va qulay o‘tirish hududiga ega. Uchinchisi, ixcham qandolat do‘konlari. Ularning maydoni 60−80 kv.m. bo‘lib, asosan mahsulotni olib ketish uchun mo‘ljallangan. Va to‘rtinchisi aralash format.
Qozog‘istondagi faoliyatimizni flagman filialdan boshladik. Buning uchun Olmaotadagi eng yaxshi joylardan birini tanladik. Uning yonida Starbucks, shahardagi eng yirik Mega savdo markazi va BI kompaniyasining yangi turarjoy majmuasi joylashgan. Brend tanilib, ommalashganidan so‘ng esa kamroq sarmoya va ijara haqi talab qiladigan kichikroq shoxobchalar ochsa ham bo‘ladi.
Qozog‘iston bozoriga jami qancha sarmoya kiritilgan?
Olmaotadagi faoliyatimizning boshida xatolarga ham yo‘l qo‘ydik bu tabiiy hol. Masalan, muzlatish kamerasi uchun joy olganimizda biznes bunchalik tez o‘sishini kutmagandik. Natijada joy yetishmay qolib, kattaroq binoga ko‘chishga majbur bo‘ldik. Ishlab chiqarish sexida ham xuddi shunday holat kuzatildi.
Har bir savdo nuqtasiga taxminan $100-$150 ming ketdi.
Qozog‘istonda savdo nuqtasini ochish Toshkentdagidan qimmatroqqa tushadimi?
Bu yerda narxlar taxminan 20−30% qimmatroq. Ishchi kuchi ham qimmat, ijara haqi yuqori, uskunalarning bir qismini esa O‘zbekistondan olib kelishga to‘g‘ri keladi.
Bitta filial qancha vaqt ichida o‘zini oqlaydi? Filiallar daromadga kirdimi?
Chimkentdagi biznesimiz allaqachon foydaga chiqqan va rentabellik ko‘rsatkichlari ham yaxshi. Olmaotada esa ikki yildan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsak-da, hozircha minusdamiz. Nolga chiqishimiz uchun hajmni oshirishimiz kerak. Yil oxirigacha Olmaotani break-even darajasiga olib chiqishni rejalashtiryapmiz. Umuman, Qozog‘iston bo‘yicha oladigan bo‘lsak, foydadamiz, chunki Shimkent xarajatlarni qoplayapti.
Biznesda o‘zini oqlash nuqtasidan ko‘ra dinamika muhimroq. Agar zarar $10 mingni tashkil etib, har oy oshib borayotgan bo‘lsa bu yomon signal. Bordi-yu, ongli ravishda minusga kirgan bo‘lsangiz, lekin cheklar soni ko‘payib, mijozlar mamnun bo‘lsa bu normal holat.
Shu bois bu yerda masshtab muhim. Sizda 5 ta yoki 15 ta shoxobcha borligidan qat’i nazar o‘zgarmaydigan xarajatlar bor: ofis ijarasi, logistika, ishlab chiqarish sexi, saqlash kameralari. Bu doimiy xarajatlarni qoplash uchun hajm kerak. Shuning uchun ham hozir Olmaotada faol ravishda yangi shoxobchalar ochyapmiz.

Foto: Ma’murjon Obraxmatov / Spot
Qozog‘istondagi Safia jamoasi qanday shakllantirilgan?
O‘zbekistonda, ham Qozog‘istonda operatsion direktor akam Mirsaid Samigjanov. Olmaotaga chiqish tashabbusi ham asosan undan chiqqan. Bugungi kunda u bino tanlashdan tortib, jamoani shakllantirish va Qozog‘istondagi barcha operatsion jarayonlarni boshqarish bilan shug‘ullanadi. Uning jamoasida ikkita operatsion direktor bor: Laziz Sodiqov Olmaota, Sardor Nazarov esa Chimkent yo‘nalishiga mas’ul. Ikkalasi ham Safiada olti-yetti yildan beri ishlaydi va kompaniyaning o‘zida yetishib chiqqan mutaxassislar. Ular kassirlikdan boshlab, filial boshqaruvchisi, keyin esa Toshkentdagi hududiy menejer lavozimigacha ko‘tarilgan. Yigitlar juda iqtidorli. Ulardan ba’zilari oilasi bilan Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan.
Umuman olganda, butun kompaniyani xalqaro bozorlar, jumladan, ishlab chiqarish va logistikani bosh direktor Sardor Mirzaxmedov boshqaradi. Uning rahbarligi ostida kompaniya sezilarli darajada o‘sib, ichki jarayonlar tizimlashtirildi va biznes barqaror rivojlanish bosqichiga chiqdi. Bugun ham kompaniya o‘sish, operatsion jarayonlarni takomillashtirish va jamoani rivojlantirish ustida izchil ishlamoqda. Qozog‘iston yo‘nalishida esa mening shaxsiy ishtirokim hozircha minimal. Barcha operatsion jarayonlarni jamoaning o‘zi mustaqil boshqaryapti.
Bizning asosiy tamoyilimiz — rahbarlarni kompaniyaning o‘zida yetishtirish. Biznesimiz o‘ziga xos bo‘lgani uchun barcha jarayonlarni amalda o‘rganib, quyi pog‘onalardan bosqichma-bosqich o‘smagan inson uchun bu tizimni samarali boshqarish oson emas.
Hozir Qozog‘istonda qancha kishi ishlaydi?
Taxminan 200 kishi. Ularning aksariyati sotuvchilar, kassirlar, barmenlar, ofitsiantlar. Bundan tashqari, marketing, HR, aloqa markazi jamoalari, servis-menejerlar, merchandayzerlar, operatsion direktorlar, hududiy menejerlar va filiallar boshqaruvchilari bor.
Ular, asosan, mahalliy xodimlarmi?
Ha, asosan, mahalliy.
Xodimlarni o‘qitish jarayoni qanday tashkil etilgan? Bilishimcha, murabbiylar va o‘quv dasturlaringiz Toshkentda joylashgan. Demak, jamoaning barchasi tayyorgarlikdan o‘tish uchun O‘zbekistonga kelganmi?
Birinchi-ikkinchi nuqtani ochganimizda, ha, butun jamoani Toshkentga olib kelganmiz. U yerda o‘quv markazimiz bor: barmenlar, kassirlar va boshqaruvchilarni o‘qitamiz. Parvoz, turar joy va o‘qish xarajatlarini to‘laganmiz.
Ammo bizda bir nechta nuqtalar ochilib, mahalliy jamoa shakllangandan so‘ng, keyingi xodimlarni shu yerning o‘zida o‘qitdik — bu endi kamroq mablag‘ talab qilardi.
Mahsulotni to‘liqligicha O‘zbekistondan olib kelasizmi yoki Qozog‘istonda ham o‘zingizning ishlab chiqarishingiz bormi?
Bu yerda ham 400 kv.metr maydonga ega kichik sex mavjud.
Tez buziladigan va Toshkentdan yetkazib bo‘lmaydigan ayrim mahsulotlarni Qozog‘istonda noldan tayyorlaymiz. Masalan, quymoq yoki “Napoleon” torti shular jumlasidan. Kruassan, somsa va qatlama kabi xamirdan tayyorlanadigan pishiriqlarni esa filiallarning o‘zida, Italiyaning Unox pechlarida pishiramiz. Bu nafaqat mahsulotning doimo yangi bo‘lishini ta’minlaydi, balki ertalab filiallarni qamrab oladigan yoqimli pishiriq ifori orqali o‘zgacha muhit ham yaratadi.
Qozog‘iston bozori uchun narxlar yoki mahsulotlaringizni moslashtirdingizmi? Masalan, mahalliy iste’molchilarning didi va ta’miga qarab retseptlarga o‘zgartirishlar kiritishga to‘g‘ri keldimi?
Qozog‘istonda narxlar biroz balandroq — bu yerda ish haqi qimmatroq, ijara narxi yuqoriroq, logistika xarajatlari ko‘proq. Lekin retseptlarni hech o‘zgartirmaganmiz.
Ta’mni moslashtirish juda qiyin — butun ishlab chiqarishni qayta sozlashni talab etadi, bizda esa deyarli hamma narsa qo‘l mehnati. Uning o‘lchami yoki dizaynini moslashtirishimiz mumkin. Masalan, O‘zbekistonda katta tortlarni xush ko‘rishadi, Qozog‘istonda esa oilalar kichikroq, shuning uchun u yerda kichikroq hajmdagi tortlar tayyorlay boshladik. Ammo hozircha har bir hudud uchun ta’mni butunlay o‘zgartirishning imkoni bo‘lmayapti.
Qiziq bir fakt: “Sutli qiz” tortini biz assortimentimizga aynan Qozog‘iston bozoriga kirganimizdan so‘ng qo‘shganmiz. U yerda bu tort juda ommabop ekan, bizga ham ma’qul keldi va uni O‘zbekistonda ham sota boshladik. Yoki “Toshkent” choyini olaylik — bunday choy borligini men Qozog‘istonga kelibgina bildim. Aslida bu o‘zimizning limon va yalpizli oddiy choyimiz. Uni ham menyuga kiritdik.
Shu bois yangi bozorlarga chiqish muhim ahamiyatga ega, bu jarayon esa ikki tomonlama natija beradi — o‘zaro tajriba almashish muhim ahamiyatga ega.





Sutli qiz torti. Foto: Safia.
Qozog‘istonda o‘rtacha hisob qancha?
Qozog‘istonda taxminan $10−15 atrofida. Olmaota va Chimkentda biroz farq qiladi, lekin o‘rtacha shu raqamga yaqin.
Qozog‘istonlik xaridor o‘zbekistonlik xaridordan nimasi bilan farq qiladi?
Umuman olganda, biz bir xalqmiz va o‘rtamizda deyarli farq yo‘q. Ammo ayrim nozik jihatlari bor. Qozog‘istonliklar uydan tashqarida nonushta qilishni va kechki ovqatni tanovul qilishni ko‘proq yoqtirishadi, sayrga ham tez-tez chiqib turishadi. Bu yerdagi asosiy auditoriyamiz — yoshlar.
Yana bir muhim jihatni payqadik: qozog‘istonliklar fikr-mulohazalarni juda faol o‘qiydi va yozadi. Qaysi muassasaga borishni tanlashda ham ular sharhlar va reytinglarga katta e’tibor beradi. Biz bu tajribani O‘zbekistonda ham joriy qildik. Bugungi kunda har bir operatsion direktorning Yandex Xaritalar va 2GIS platformalaridagi o‘rtacha reyting bo‘yicha alohida KPI ko‘rsatkichi mavjud.
Buning uchun Safia haqidagi barcha ma’lumotlarni bir platformaga jamlaydigan Rocket tizimi mavjud. Biz kalit so‘zlar va iboralarni belgilab qo‘yganmiz — agar kimdir ularni internetda ishlatsa, bizga avtomatik ravishda bildirishnoma keladi. Biz deyarli hech bir izohni javobsiz qoldirmaymiz.
Sifat borasidagi shikoyatlarni shaxsan o‘zim o‘qib chiqaman — men uchun eng nozik masala. Har bir filialimizda shikoyatlar daftari bor: har bir yozuv ro‘yxatga olinib, qayta ko‘rib chiqiladi. Zarur bo‘lsa, mehmonning ko‘nglini olamiz, uzr so‘raymiz. Bizning nuqtai nazarimiz shunday: har bir shikoyat — bu bizning ko‘zimiz. Har qanday taklifga juda ochiqmiz, chunki aynan ular bizni yaxshiroq qiladi.
Qozog‘istonda yetkazib berish xizmati bormi? Bu o‘zingizning ichki kuryerlik xizmatingizmi yoki agregatorlar bilan integratsiyami?
Ha. Umuman olganda, Qozog‘iston yetkazib berish va naqdsiz to‘lovlar borasida juda rivojlangan — bu allaqachon madaniyatning bir qismiga aylangan. Biz Wolt va Yandex bilan ishlaymiz, bundan tashqari, o‘zimizning shaxsiy yetkazib berish xizmatimiz ham bor.
Elektron tijorat — juda faol rivojlantirayotgan yo‘nalish. O‘z segmentimizda yetakchi hisoblanamiz. Ikki yil oldin kuniga 50−60 ta buyurtma yetkazib bergan bo‘lsak, hozir bu ko‘rsatkich 2 mingdan oshgan. Bugungi kunda elektron tijoratning umumiy aylanmadagi ulushi qariyb 6% ni tashkil etadi va bu bizning sohamiz uchun juda yaxshi natija.
Ilgari Safia’da kofe-avtomatlar turardi, hozir esa barista ishlaydigan to‘laqonli bar bor. Bu biznesni qanday o‘zgartirdi?
Bu operatsion direktorimiz Mirsaidning katta xizmati — u barni deyarli noldan yo‘lga qo‘ydi. Hozirda biz O‘zbekistonda kofe sotish hajmi bo‘yicha yetakchimiz. 180 ta filialimiz bor va har birida qahvaxona mavjud. Biz Italiyaning Lavazza’sidan, sifatli siroplardan foydalanamiz, menyuni doimiy yangilab turadigan kuchli bar-menejer Vladimirni ishga yollaganmiz. Bar tufayli tushum sezilarli darajada o‘sdi.
Biz sifat masalasiga sinchkovlik bilan yondashamiz. Barcha mahsulotlarga ochilgan sanasi ko‘rsatilgan tamg‘a qo‘yiladi: sabzi — tozalangan va qadoqlangan holda, sut — ochilgan sanasi bilan, bunkerdagi qahva — solingan sanasi bilan. Agar mahsulotning belgilangan saqlash muddati tugasa, uni hech ikkilanmay hisobdan chiqaramiz. Bu biz qat’iy amal qiladigan tamoyil.
Mahsulotlaringizning saqlash muddati 24 soat. Bunday sharoitda hisobdan chiqariladigan mahsulotlar ulushi qanchani tashkil qiladi?
Agar tizimlashtirish va nazorat qilishni bilsangiz, yo‘qotishlar kam bo‘ladi. Biz har bir mahsulot turidan kuniga taxminan qancha ketishini bilamiz va shunga yarasha yetkazib beramiz. Lekin qatlama va sariyog‘li pishiriqlarni har kecha hisobdan chiqaramiz — ular saqlanmaydi. Bu tabiiy hol, butun dunyo shunday ishlaydi. Asosiysi, prognozlash tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish.
Zaharlanish holatlari bo‘lganmi?
Ommaviy holatlar bo‘lmagan. 180 ta savdo shoxobchangiz bo‘lib, oziq-ovqat bilan shug‘ullansangiz, bu juda katta mas’uliyat degani. Biz ISO 22000 xalqaro sertifikatini oldik. Bunga ikki yil tayyorgarlik ko‘rib, laboratoriyalar qurdik.
Oziq-ovqat xavfsizligi biz uchun birinchi raqamli ustuvor vazifa. Farzandlarim, mehmonlarimizning farzandlari, mehmonlarning o‘zlari ham mahsulotlarimizni iste’mol qilishadi. Bu borada hech qanday murosaga o‘rin yo‘q.
Agar kimdir yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotni qayta markirovka qilsa, darhol ishdan bo‘shatamiz. Bizda hisobdan chiqarish uchun jarimalar yo‘q: mahsulot aynigan bo‘lsa, hisobdan chiqarasiz — vassalom. Buning uchun hech qanday jazo ko‘zda tutilmagan.
Kelajakda franchayzing ochishni ko‘rib chiqyapsizmi?
Ha, ko‘rib chiqyapmiz. Aynan shu maqsadda Tojikistonda loyihani sinov tariqasida ishga tushirdik. U yerda gibrid sxemadan foydalanamiz: hamkorlarimiz do‘konlar va jamoalarni boshqaradi, biz esa barcha mahsulotni Toshkentda ishlab chiqaramiz. Hozirda konsalting kompaniyasi yollangan, shartnomalar tuzilmoqda.
Lekin strategiyamiz quyidagicha: avval yangi mamlakatda 5−10 ta o‘zimizning shoxobchani ochamiz, biznes modelining daromadliligini ko‘rsatamiz va shundan keyingina franchayzing taklif qilamiz. Brend ma’lum bir bozorda tanilmaguncha, bizning holatimizda yuz foizlik franchayzing ish bermaydi. Keyingi rejalarimizda Ozarbayjon, so‘ngra Turkiya va Yaqin Sharq bor. Franchayzing albatta bo‘ladi, lekin barcha jarayonlarni yo‘lga qo‘yish uchun bunga yana 2−3 yil kerak.
Nima uchun keyingi davlat sifatida aynan Ozarbayjonni tanladingiz? Axir u yerda til ham, bozor ham butunlay boshqacha.
Biz uchun Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan logistika yo‘lagi muhim. Yetkazib berish masofasi asosiy mezon: biz Yaponiyaning Chateraise kompaniyasi tajribasini o‘rgandik, uning vitse-prezidenti bilan uchrashdik. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yetkazib berishning maksimal masofasi taxminan 1,5−2 kmni tashkil etadi. Bu radiusda biz uchun Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon joylashgan. Lekin shu sababli biz, masalan, Dubayda ochila olmaymiz. Turkmanistonni ham rejalashtirganmiz, ammo u yerdagi bozor kichik.
Har bir mamlakatda kichik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish osonroq emasmi? Shunda biznesingiz O‘zbekistondagi ishlab chiqarishga hududiy jihatdan bog‘lanib qolmaydi.
Bizda 400 xil turdagi mahsulot bor va ularning deyarli barchasi qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi. Xuddi shunday zavodni boshqa mamlakatda qurib, o‘sha darajadagi nazoratni ta’minlashning jismonan iloji yo‘q. Ayni paytda fabrikamizda 2,5 mingga yaqin kishi ishlaydi.
Bu yerda avtomatlashtirish masalasi ham bor. Agar uskunalarni to‘liq sotib oladigan bo‘lsak, ular o‘zini faqat 10 yildan keyin oqlaydi. Chunki ulardan oyiga atigi bir-ikki kun foydalanilgan bo‘lardi. 400 xil turdagi mahsulot uchun 400 ta ishlab chiqarish liniyasini o‘rnatib bo‘lmaydi.
Hozirda biz O‘zbekistonda, Yangihayot tumanidagi EIZ hududida yangi yirik zavod qurmoqdamiz. Bu yerdan butun Markaziy Osiyo va Ozarbayjonga mahsulot yetkazib berishni rejalashtiryapmiz. Agar kelajakda Yaqin Sharqda bozor paydo bo‘lsa, u yerda kichikroq sex ochishimiz mumkin. Lekin har bir mamlakatda to‘laqonli zavod qurish rejasi yo‘q.
Siz Safia besh yilda $50 mlnlik eksport hajmiga chiqishni rejalashtirayotganini aytgandingiz. Bu qaysi davlatlar hisobiga amalga oshiriladi?
Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va, ehtimol, Yaqin Sharq mamlakatlari. Hozirda eksportimiz qariyb $8-$10 mlnni tashkil etadi. Besh yil bu ancha uzoq muddat. Agar Qozog‘iston va Tojikistonda o‘z modelimizni to‘g‘ri sinovdan o‘tkazib olsak, keyin ishlarimiz tezlashib ketadi.
Kompaniya xalqaro bozorga chiqishga tayyor ekanini qanday anglashi mumkin?
Qozog‘istonga 2022-yilda kirib bordik va umumiy ovqatlanish sohasida birinchilardan bo‘ldik. Birinchilarga doim qiyinroq kechadi. Ammo kimdir birinchi qadamni qo‘yib, buning iloji borligini ko‘rsatishi bilanoq qolganlardagi psixologik to‘siq ham yo‘qoladi.
Xorijga chiqish uchun asosiy signal o‘z ichki bozoringni to‘yintirganingni his qilishdir: barcha hududlarni qamrab olingan, chakana savdo, bozorlar, supermarketlarga kirib borgani. Mamlakat ichidagi keyingi o‘sish cheklanganini tushunsangiz, demak, yangi bozorlarni izlash vaqti kelgan.
Lekin nima uchun kompaniyalar tavakkal qilib, chet elga chiqishi kerak? O‘zingiz aytdingiz-ku, bu — xatolar, tavakkalchilik, moliyaviy yo‘qotishlar deb.
Bu o‘zing uchun chaqiriq.
Shaxsiy vazifam — asli o‘zbekistonlik bo‘lgan xalqaro kompaniyani barpo etish. London, Parij va Nyu-Yorkda ham Safia’ni tanishlarini istayman. Bu menga g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Yana bir muhim jihat: yangi bozorga chiqqaningizda, o‘z yurtingizda hech qachon ololmaydigan tajribaga ega bo‘lasiz. Mamlakatlar qancha ko‘p bo‘lsa, butun tarmoq bo‘ylab qo‘llaydigan bilimlaringiz ham shuncha ortadi.
Bu O‘zbekiston nufuzi uchun ham foydali: brendlarimiz xalqaro brendlardan hech bir jihatdan qolishmaydi. Biz bemalol raqobat qila olamiz.
Qozog‘iston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan o‘zbek kompaniyalari uchun 5 ta maslahat bera olasizmi?
Birinchidan, bu yo‘lni bosib o‘tganlar bilan gaplashing. Muammolar, nozik jihatlar, soliqqa tortish, bojxona, madaniy o‘ziga xosliklar haqida so‘rang. Bu ancha vaqt va pulingizni tejaydi.
Ikkinchidan, qo‘rqmang. Harakat qilib ko‘rmaguncha, natijasini bilmaysiz. Ba’zida ish o‘xshamay qolishi tabiiy hol. Do‘konni yopish fojia emas. Sinab ko‘rish kerak.
Uchinchidan, bozorni professional darajada o‘rganing. Biz 2022-yilda ko‘proq sezgimizga tayanib ish tutgandik. Hozir bo‘lganda, marketing kompaniyasini yollab, qaysi joylar, qanday formatlar va auditoriyaning qiziqishlari qanaqaligi borasida tadqiqot o‘tkazgan bo‘lardim.
To‘rtinchidan, mahsulotni moslashtiring. Turli bozorlarda hamma narsa bir xil ishlayvermaydi. Koreyaning Paris Baguette misoliga qarang: ular har bir mamlakatda mahalliy mahsulot turlarini ishlab chiqadi, halol sertifikatini oladi. Bu juda muhim.
Beshinchidan, tartibsizlikni kengaytirmang. Agar o‘z ishlaringizda tizim hali yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, xorijiy bozorga chiqishga hali erta. Yangi bozorga kirish diqqatni jamlashni talab qiladi va ichki jarayonlar izdan chiqqan bo‘lsa, ahvol faqat yomonlashadi. Avval, O‘zbekistonda tizimni yo‘lga qo‘ying, shundan keyingina yangi bozorlarga chiqing.
Intervyuni rus tilida video-formatda tomosha qilishingiz mumkin:
Material Mastercard va Uzbekistan Airways hamkorligida tayyorlandi.






