Oilaviy tarixga ega boʻlgan qandolat doʻkonlari tarmogʻi

Safia bu oilaviy biznes. Mening bobom Akmal Ayupov va buvim Muhayyo Qosimova qandolatchilik biznesini 2001-yilda tashkil etishgan. Ular sovet davridagi pechda pishirilgan teshikkulchalar, tvorogli bulochkalar va boshqa pishiriqlarni bozorda sotishgan. Ushbu mahsulotlarning retseptlari avloddan avlodga oʻtib, bizgacha yetib kelgan. Dastlab onam ham ularni ishlatgan. U bolaligidan pishiriqlarni yaxshi koʻrgan va ularni pishirish uning sevimli mashgʻulotiga aylangan.

Birinchi qandolat doʻkonini 2005-yilda Shifokorlar shaharchasida ochdik. Doʻkon onam Madina Ayupovaning sharafiga “Madinaning qandolat uyi” deb nomlangan edi, keyinchalik “ЦУМ"da savdo shaxobchasi paydo boʻldi. Shirinliklarni onam pishirar edi, biz aka-ukalar esa ularni sotishga yordam berardik. Biznesimiz oʻsa boshladi, ammo uning 2015-yilgacha maʼlum bir tizimi boʻlmagan, shuning uchun o‘sha paytlarda ishlash biroz qiyinlashardi.

Oʻshanda biz bir narsani tushundik — biznesni yopish yoki uni oʻzgartirish kerak edi.

Natijada biz yangi brend yaratishga qaror qildik, chunki Toshkentda boshqa koʻpgina pishiriq doʻkonlari ochilayotgan edi. Kompaniyamizni akamning qizi — jiyanim Safiya nomiga “Safia” deb nomlashga qaror qildik.

Natijada, ikkita shaxobchamiz qandolat doʻkonlari tarmogʻiga aylandi. Ota-onam — kompaniyaning bosh direktori, akam — moliyaviy masalalar, ukam esa turli operatsion ishlarga javobgar bo‘ldi. Men chakana savdo uchun masʼuluyatni o‘z zimmamga oldim.

Biznes qanday rivojlandi

Bizning raqobatchilarimiz deyarli yoʻq edi. Biz ishga tushirganimizda, bozor hali rivojlanmagan edi, faqat “Ecorn” va “Bon!” faoliyat yuritardi o‘shanda. Biz 10 million soʻm evaziga dizaynerlarni yolladik va provans uslubidagi qahvaxona yaratdik. Shunda bizga oʻz mablagʻimizdan taxminan 200 million soʻm kerak boʻldi. Bu summa hisobiga barni jihozladik va oʻsha paytda hali unchalik mashhur boʻlmagan donli kofe sotib oldik.

Ilgari Safia-ning har bir punktida mini-sexlar mavjud edi, hozir esa biz markazlashgan boshqaruvga oʻtganmiz. Hozirda 600 nafar ishchi ishlaydigan zavodimiz bor. U yerda texnologlar va xavfsizlik xizmati ham faoliyat yuritadi. Bunday format bilan ishlab chiqarishning boshqaruvi osonlashadi. Biz hali ham buvimning koʻplab retseptlaridan foydalanamiz, shu bilan birga, yangi turdagi shirinliklarni ishlab chiqaradigan tajribali xodimlarimiz ham bor.

Assortimentning oʻzi yiliga uch-toʻrt marta yangilanadi. Hozir 500 dan ortiq mahsulot turi: oshirma hamda koʻp qatlamli mahsulotlar, tortlar va boshqa pishiriqlar mavjud. Undan tashqari, biz cheburek, kotlet, chuchvara va muzqaymoq kabi yarim tayyor mahsulotlarni ham ishlab chiqaramiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Korxona uchun uskunalarni koʻrgazmalardagi sheriklarimizdan sotib olamiz. Biz har yili turli xil koʻrgazmalarda, shu jumladan, Germaniyaning Nyurnberg shahrida joylashgan “Südback” ko‘rgazmasida ham qatnashib kelamiz. Odatda biz bunday tadbirlarda uskunalarni yetkazib berish uchun sherik qidiramiz. Mana shunday tajribalar natijasida maʼlum markadagi pechkalar, mikserlar va muzlatgichlar sotib olish tizimini oʻrnatdik.

Reklama: “sarafan radiosi” va Instagram. Ish boshlaganimizda marketing hali rivojlanmagan edi, biz ham esa yosh bo‘lganmiz. Xatolar qildik va uning ustida doimiy ishlab bordik. O‘sha paytlari jiddiy targʻibot yoʻq edi, ammo ogʻzaki tavsiyalar katta rol oʻynagan. Biz sifat, xizmat koʻrsatish va atmosfera uchun ishlashga harakat qildik. Bu, oʻz navbatida, yangi mijozlarni jalb qilishga yordam berardi.

2017-yilda garchi oʻsha paytda ushbu ijtimoiy tarmoq hali mashhur boʻlmasa ham, Instagram-da o‘z sahifamizni ochdik. Hozirda esa bu sahifa bizning asosiy vositamizga aylangan.

Xodimlar tarkibi qanday o’zgardi

Xodimlarimiz soni 10 nafardan 1000 nafargacha oʻsdi. 2005-yilda birinchi doʻkonimizni ochganimizda, bizda atigi oʻnga yaqin odam ishlardi. Rebrending qilishga qaror qilganimizda, korxonamizda 40 ga yaqin mutaxassis bor edi xolos. Keyingi olti yil ichida esa biz 1000 nafar xodim bilan 31 savdo nuqtasini tashkil qildik.

Biz faol ravishda chet el tajribasini oʻzlashtiramiz. 2015-yilda Germaniya dasturidan foydalanishni boshladik, uning yordamida pensiya yoshidagi mutaxassislar bepul ravishda boshqa mamlakatlarda vaqtincha ishlab kelishlari mumkin edi. Bir oy davomida bizga har xil turdagi pishiriq mahsulotlarini oʻrgatadigan chet ellik mutaxassis — ekspatni taklif qildik.

Umuman olganda, yiliga ikki marta xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun byudjetimizdan zarur mablagʻlar ham ajratib boramiz.

Bundan tashqari, biz xodimlarimizni muntazam ravishda xorijiy amaliyotlarga joʻnatib boramiz. Masalan, xodimlarimiz 2018-yilda Italiya, 2019-yilda esa Qozogʻistonga borib kelishdi. Tez orada oʻzimiz ham qandolatchilar uchun maxsus maktab ochmoqchimiz.

Foto: Safia

Biznes tafsilotlari

Biz yoʻnalishni biroz oʻzgartirdik va OTMlar qoshida doʻkon ocha boshladik. Talabalar — bizning kelajakdagi isteʼmolchilarimiz, ular ulgʻaygandan so‘ng ham Safia-ni nostalgiya bilan eslashadi. Shuning sabab, qahva va pishiriqlar bilan tamaddi qilish mumkin boʻlgan mini-formatli qandolat doʻkonlarimizni aynan oliy o‘quv yurtlarida ochdik. Dastlab bu amaliyotni INHA, Singapur, Amity, Gyote kabi xorijiy universitetlardan qo‘llay boshladik. Yaqin kelajakda davlat universitetlariga kirishni ham rejalashtirmoqdamiz.

Maqsad foyda olish emas, kelajakdagi isteʼmolchilarning sadoqatini qozonish.

Bizda B2B yoʻnalishi ham mavjud. Biz 100 dan ortiq kafe va restoranlar bilan ishlaymiz, ularga qandolat mahsulotlarini yetkazib beramiz. Shu bilan bir qatorida biz “Safia Catering” xizmatini ham yaratdik. Uning yordamida katta tadbirlarni tashkil qilamiz. Masalan, yaqindagina Humo Arenada boʻlib oʻtgan uch kunlik tadbir davomida 1500 nafardan ziyod mehmonga xizmat koʻrsatdik.

Ish boshlangan birinchi kundanoq foydadamiz. Bugungi kunda biznesning marjinalligi taxminan 10% ni tashkil etadi. Muassasaning oʻrtacha cheki yirik chakana savdo shoxobchalari uchun 50 ming soʻmni va universitetlardagi mini-qandolat doʻkonlari uchun 20 ming soʻmni tashkil etadi. Odatda mijozlarimiz mahsulotni o‘zlar bilan olib ketadilar va biz ham shunga ko‘proq e’tibor qaratamiz, sababi bu daromadimizning 90%ini tashkil qiladi, ammo qo’shimcha qilishim kerak, har bir nuqtada mijozlar oʻtirishi uchun ajratilgan joylarimiz mavjud. Baʼzi muassasalarimizda, masalan, Mega Planet, Ardus va Compass savdo markazlarida toʻlaqonli oshxonalar ishlab turibdi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Qiyinchiliklar

Qiyinchiliklarning aksariyati operatsion faoliyat bilan bogʻliq. Biz yangi va tez ayniydigan masalliq bilan ishlaymiz, shuning uchun yaroqlilik muddatini diqqat bilan nazorat qilishimiz kerak. Bu borada tizimsiz ish sabab ba’zan tartibsizlik ham yuzaga keladi. 2021-yilda har bir narsani AT orqali maksimal tarzda avtomatlashtirishni maqsad qildik va bu, oʻz navbatida, mahsulotlarning yaroqlilik muddatini onlayn tarzda tekshirishga imkon beradi.

Zarur mahsulotlarning olib kelinishi — bu ogʻriqli nuqta. Ilgari bu jarayon betartib amalga oshirilgan: yetkazib beruvchilar masalliqlarni istalgan vaqt olib kelib qolishi mumkin edi. Toʻlov bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgani sababli maxsus qoidalarni ishlab chiqdik, unga ko‘ra tovarlarni maʼlum kunlarda qabul qilib,toʻlovni amalga oshiradigan bo‘ldik. Sifatni nazorat qilish boʻyicha mutaxassislar yangi yetkazib beruvchilar bilan ishlaydi, yetkazib berish shartlarini tekshiradi, keyin texnologlarimiz yangi mahsulotni sinab koʻrishadi.

Endi biz yetkazib beruvchilarni tanlash masalasiga yana-da masʼuliyat bilan qaray boshladik. Bizda sifat jihatidan juda qattiq talablar mavjud, chunki yaqin kelajakda oziq-ovqat xavfsizligi xalqaro standarti boʻyicha ISO 22000 sertifikatini olishni rejalashtirmoqdamiz. Hatto import qilingan mahsulotlarni ham halol boʻlishiga harakat qilamiz, ular tarkibida spirtli ichimliklar yoʻq. Oziq-ovqat xavfsizligi sertifikatini olgandan soʻng, biz HALAL sertifikatini ham olishni rejalashtirmoqdamiz.

Biz uzoq muddatlar bilan ishlaymiz. Oʻzbekistonda yetkazib beruvchilar sinovdan oʻtishga odatlanmagan, ammo bizning laboratoriyamizda har bir masalliq bizning standartlarimizga muvofiq sinovdan oʻtkaziladi. Safia kengaymoqda, shuning uchun biz sotuvchilar bilan uzoq muddatli sheriklik asosida ishlaymiz. Lekin bizda hali ham bozorlardan sotib oladigan yangi mahsulotlarimiz bor.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Raqobatning xususiyatlari

Bozor hali to‘liq egallanmagan. Biz endi ish boshlaganimizda, soha hozirgi kabi yaxshi rivojlanmagan edi. Endilikda esa odamlar qayerdan pishiriq sotib olishni tanlay boshladilar. Bugungi kunda ushbu segmentda bizdan keyingi eng yirik tarmoq “Bon!” boʻlib, ularning 10 ta savdo nuqtalari mavjud. Undan keyin yettita filiali bor “Cake Lab” va oltita muassasaga ega “ЧайКоф” turadi.

Bularning barchasini hisobga olganimizda ham qandolat bozori hali to‘liq egallanmagan, rivojlanish uchun hali ham imkoniyatlar mavjud.

Kelajakda yoʻnalishni oʻzgartirish kerak boʻlishi mumkin. Yaqinda chet el mutaxassisi bizning tortlarimiz haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning fikriga koʻra, Yevropada bunday mahsulotlarni topish juda qiyin, chunki bizda barcha ish — har bir qatlam va krem ham qoʻlda tayyorlanadi. Shu bilan birga, bitta tort arzon ishchi kuchi evaziga oʻrtacha $20−30 turadi. Yevropada esa bu narx 200−300 yevrogacha boradi, chunki qandolatchi oshpaz oʻz ishi uchun soatiga 30 yevro oladi.

Ekspatning soʻzlariga koʻra, biz har qanday holatda ham nisbatan oddiyroq mahsulotlarni ishlab chiqarish nuqtasiga kelamiz, chunki narx siyosati bunday mualliflik tortlarini arzon narxlarda qabul qilishga yoʻl qoʻymaydi.

Pandemiya ta’siri

Karantin paytida filiallarning 80 foizi yopildi va yetkazib berish xizmati ishga tushirildi. Yaxshiyamki, ijara egalari bizga taʼtil berishdi va bizdan ijara haqi olishmadi. Odamlarning harakatlanishi bilan bogʻliq qiyinchiliklar boʻldi, shu sababli har bir mutaxassisni ishga olib kelish va olib borib qoʻyish uchun mashinamiz kuniga taxminan 600−700 km yoʻl bosib oʻtdi.

Daromad deyarli 85 foizga kamaydi, ammo yetkazib berish xizmati va ochiq qolgan savdo shoxobchalari yordamida biz pandemiyada omon qoldik.

Pasxa va 15 mingga yaqin maxsus pishiriq. Assortimentimizdan 500 dan ortiq mahsulot borligi sabab toʻplamlar ishlab chiqarishni boshladik, chunki bu biz va mijozlarimiz uchun qulay edi. Shu o‘rinda muammolar ham paydo boʻldi: biz Telegram orqali olgan 700 ga yaqin buyurtmani qaytadan qoʻlda Excel formatiga oʻgirdik. Hozir esa buyurtmalarni Excelga qayd etadigan Telegram-botini allaqachon ishga tushirildi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Logistika va yetkazib berish masalalari

Jarayonlarni oʻzimiz nazorat qilish uchun logistikani autsorsga topshirmadik. Filiallarimiz oʻrtasida mahsulotlarni tashish uchun 20 ta yuk mashinasiga ega avtoparkimiz bor. Ularda videokuzatuv mavjud, ular har kuni dezinfektsiya qilinadi, yuviladi va texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.

Yuk mashinalarimiz turli xil formatda, masalan, doʻkon tor koʻchada joylashgan boʻlsa, u yerga katta mashina kirolmaydi, shu sabab biz buni ham hisobga olganmiz. Yoʻllardagi tirbandliklar bilan bogʻliq muammolar tufayli ilgari 20 daqiqa vaqt sarflanadigan jarayon bir soatga cho‘zilmoqda, shuning uchun baʼzi shoxobchalarga pishiriqlarni tunda yetkazib beramiz. Vaqt oʻtishi bilan bunday jarayonni tungi vaqtga oʻtkazishni oʻylayapmiz, chunki mahsulotlarimizni tashish tobora qiyinlashib bormoqda. Buning ustiga, doʻkonlarda ham kichik hajmdagi mahsulotlarni saqlashda qiynalmaydi. Odamlar tort sotish oson, deb oʻylashadi, lekin aslida buning ortida katta mehnat, masʼuliyat va tizim turadi.

Yetkazib berish uchun dastlab MyTaxi Express-dan foydalanganmiz, ammo keyinchalik boshqa tizimga oʻtdik. Bizga Took kompaniyasi bilan ishlash yana-da foydali bo‘ldi. Endi buyurtmalar avtomatik ravishda aloqa markaziga yuboriladi va tizim mashinani chaqiradi. Mahsulotlarni qadoqlash paytida ularning mashinasi allaqachon kutib turgan boʻladi.

Foto: Safia

Rejalar

Rejalarimizda milliy brendga aylanish va qoʻshni bozorlarga chiqish bor. Qozogʻistonda biz kabi mahalliy brendlar juda kam, balki ularda yakka doʻkonlar bordir. Shu bilan birga, biz Oʻzbekistonning bir qator hududlarini bozorga tayyor yoki tayyor emasliklarini aniqlamoqdamiz.

Hozirda oʻz personajimizni rivojlantirish ustida ishlayapmiz — brendimizni ommalashtirishda yordam berish uchun boʻy baravar qoʻgʻirchoq yasayapmiz. Bundan maqsad esa oʻz brendimizni qanchalik taniqli ekanligini tahlil qilish va tortlarimizni bu qizcha (qo‘g‘irchoq) bilan bogʻliq holda tasavvur qilinishiga erishishdir.

Biz 2025-yilga qadar respublikada 100 ta chakana savdo shoxobchalarini ochib, milliy brendga aylanmoqchimiz. Shuningdek, qoʻshni davlatlar — Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistonda ham o‘z tarmoqlarimizni kengaytirishga harakat qilmoqdamiz. Bu borada ushbu bozorlarni tahlil qildik va biznikiga oʻxshash mahsulotlar yoʻqligini aniqladik. Birgina misol: Qozogʻiston, Xitoy, Novosibirsk va boshqa joylarda 78 punktga ega boʻlgan “Куликовский” qandolat uyini olaylik. Ular faqatgina muzlatilgan mahsulotlar bilan ishlaydi, biz esa u bilan bemalol raqobatlasha olamiz.