Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Singapurning Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston — Singapur munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni faol o‘syapti. Singapurning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb $2 mlrdni tashkil etdi.
Singapur ishbilarmonlarining mamlakatdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olindi.
O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapur tajribasini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.



Singapur oliy ta’lim muassasalarining mamlakatdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlandi. Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va JAR preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish boshlagani haqida yozgan edi.


