Farruh Abdullayev 29 yoshda. U 7-sinfdaligidanoq ingliz tilini o‘rganishni boshlaydi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi litseyda o‘qib yurgan kezlari IELTS sertifikatini qo‘lga kiritib, 2011-yil yanvar oyida Amerikaga o‘qishga ketadi. U yerda 4 yil tahsil olgach, bir yil “PWC” audit kompaniyasida ishlaydi.

Tadbirkor Amerikaga ketishdan oldin O‘zbekistonga qaytib, olgan bilimlarini qo‘llashni ko‘ngliga tugadi.

Shu sababli Farruh 2015-yil vataniga qaytib, “Bellissimo” pitsaxonasiga asos soladi. Sakkiz yil ichida ushbu biznes 39 ta filialga yetdi.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:


Farruh, “MFaktor"ga bergan intervyuingizda AQShdagi pitsaxonalarni faqat mijoz sifatida o‘rganganingizni aytib o‘tgandingiz. Bu biznesni ichkaridan ko‘rish uchun nega hech bo‘lmaganda bir oy ishlab ko‘rmagansiz?

Agar buning imkoni bo‘lganda, bir oy emas, undan ham uzoq muddatga ishlagan bo‘lar edim. Afsuski, men tahsil olgan oliygohda talabalarga ishlashga ruhsat berilmasdi.

Oliygohni bitirgandan keyin bir yil “PWC” kompaniyasida ishlagansizku.

AQShda talabalar vizasiga ko‘ra, faqat o‘zini yo‘nalishi bo‘yicha ishlashga ruhsat beriladi. Shu sababli yuqoridagi kompaniyada faoliyat yurita olganman.

Lekin shunday bo‘lsa-da pitsaxonalarga tez-tez borib, mijoz sifatida emas, balki biznesni o‘rganishga borgan inson sifatida ularning ish jarayonini sinchkovlik bilan kuzatardim.

Hatto boshida xodimlari tez-tez borib tomosha qilib turganimga hayron bo‘lib, boshqacha ko‘z bilan qarashgan. Keyin sekin-asta ular bilan do‘stlashib ham ketganmiz.

Menejerlar bilan suhbatlashib, pitsa biznesiga oid qimmatli ma’lumotlarni olib, qayd qilib borardim. Bitta pitsaxona menejeri bilan haligacha salom-alik qilib turamiz.

Menejer haqida gap ketgan ekan, 2019-yilgi intervyuingizda amerikalik konsultant (maslahatchi) jalb qilganingiz haqida gapirib o‘tgandingiz. Aynan shu menejer bilan bog‘liq emasmi?

Yo‘q. Masalan, katta fastfud tarmoqlari misolida qaraydiga bo‘lsak, xodimlar faqat berilgan standartlar bo‘yicha ishlashadi. Men aytgan menejer ham standartlar bo‘yicha ma’lumotga ega, lekin ularni qanday joriy qilish, moslashtirishni bilmas, ekspertizaga ega emasdi.

Biz yollagan mutaxassis Tom Lemon esa texnologik jarayonlarni yo‘lga qo‘yishga katta yordam bergan. Bu konsultantimiz Amerikada ham katta tajriba va mavqega ega inson edi.

bellissimo, pitsa, pizza, shaxsiy biznes

Mashhur mutaxassis bo‘lgan bo‘lsa, anchagina sarmoya kiritilgan bo‘lsa kerak.

Ha, shunday.

Qancha mablag‘ kiritilganini ayta olasizmi?

Keling, bu sir bo‘lib qo‘yaqolsin. Chunki rostdan ham katta mablag‘ kiritilgan. Negaki biz ular bilan uzoq muddat hamkorlik qildik. Afsuski, COVID-19 pandemiyasi davrida olamdan o‘tdilar…

Keling 2015-yilga qaytamiz. AQShdan keldingiz, “Bellissimo"ni ochishni nimadan boshlagansiz?

O‘zbekistonga kelgach, asosiy qilingan ish bu “Bellissimo” joylashuvini tanlashdan iborat bo‘lgan. Birinchi filialimizni “Next” savdo markazida ochganmiz.

Nima uchun aynan ushbu nuqtani tanlagansiz?

Biznes muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun bir nechta muhim omil bor. Bunda joylashuv katta ahamiyat kasb etadi.

O‘sha paytda savdo markazlari kam, “Next” esa yangi ochilgan savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Ushbu nuqta brend taniqliliga erishish uchun juda yaxshi joy edi.

Brend nega aynan “Bellissimo” deb nomlangan?

Bu bo‘yicha ko‘p o‘ylaganmiz. Ko‘pchilikka ma’lumki, pitsaning ona vatani Italiyadir. Lekin shunday bo‘sa-da, ushbu mahsulot Amerikada ham juda mashhur hisoblanadi. Biz pitsani Italiyaga bo‘lgan an’anasini saqlab qolish maqsadida nomini “Bellissimo” deb qo‘yganmiz.

Farruh, joylashuv muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdingiz. Aytingchi, filiallaringiz lokatsiyasini tanlashda nimalarga ahamiyat berasiz?

Biz avvalo iste’molchilarga yaqin bo‘lishga harakat qilamiz, shuning uchun ularga qulay bo‘lgan nuqtalarni afzal ko‘ramiz. Masalan, ishdan uyga qaytadigan yo‘lni tanlaymiz, bunda mijozlar yo‘l-yo‘lakay mahsulotimizni uyga olib keta olishlari oson bo‘ladi.

Bundan tashqari, gavjumlikka, ya’ni nechta odam o‘tishi, avtomobil qatnovi, hamda yon-atrofda yashovchi xonadonlar hisobini olamiz. Bu bo‘yicha kompaniya algoritmi mavjud.

bellissimo, pitsa, pizza, shaxsiy biznes

Pitsa G‘arbda tanish va mashhur mahsulot, lekin O‘zbekistonda emas, ayniqsa bu siz bozorga kirib kelganingizda bo‘lgan. Mijozlarni jalb qilishda qiyinchiliklar bo‘lganmi?

Bu uzoq davom etadigan jarayon deb hisoblayman. To‘g‘risini aytsam, ushbu mahsulot O‘zbekistonda haligacha mashhur emas, lekin sekin-astalik bilan uni iste’mol qilish madaniyati rivojlanib bormoqda. Buning uchun biz menyudagi pitsalar xilma-xilligini oshirishga harakat qilib boramiz.

2017-yilda bir qiziq voqea bo‘lgandi. Pishloqni cho‘zilishi o‘sha paytda ko‘pchilikka yangilik bo‘lganligi sababli bir mijozimiz pitsani olib ketganidan biroz o‘tgach qaytarib olib kelib, “bu pitsa hali xomku” degan edi.

Endi esa pishloq qanchalik ko‘p cho‘zilsa shuncha yaxshi degan fikr shakllanib bormoqda.

Loyihaga mijozlar qanday jalb qilingan?

Oxirgi vaqtda “Pitsa kuni” degan an’anani yo‘lga qo‘ydik. Ya’ni har bir filialimiz ochilgan kunida eng mashhur pitsalarimizdan bo‘lgan peperoni pitsani 50%gacha bo‘lgan chegirma bilan sotamiz. Bu mijozlarni ushbu filialdagi pitsadan yana ta’tib ko‘rishga sabablardan biri bo‘lmoqda.

Reklamada ko‘proq mahsulotimizga e’tibor qaratamiz, mijozlar kutgan ta’mni berishga intilamiz. Masalan, yaqinda donar pitsani yo‘lga qo‘ydik. Bu ko‘pchilikka ma’qul keldi, chunki iste’molchilarimiz oxirgi paytda go‘shtli pitsani kutishayotgandi.

Agar mahsulot yaxshi bo‘lib odamlarga ma’qul keladigan bo‘lsa, reklamaga hojat qolmaydi — “sarafan radiosi” o‘z ishini bajaradi.

bellissimo, pitsa, pizza, shaxsiy biznes

2017-yil rebrending o‘tkazgach, kompaniya sentabr oyida bepul yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Shu-shu pitsalar bepul yetkazib berilmoqda. Nima uchun bunday qarorga kelingan? Axir, mijozlar bazasini yig‘ib olgach, ushbu xizmatni o‘chirish yoki belgilangan muddatgacha qilib qo‘yish mumkin ediku.

Albatta, bunday qarorga, birinchi navbatda mijozlarga qulay bo‘lishi uchun kelingan. Biz avval boshdan ushbu xizmatni mijozlarni jalb qilish yoki brend taniqliligiga erishish uchun yo‘lga qo‘ymaganmiz. Va hisob-kitoblarimizga ko‘ra, bu xizmat qolishiga ishonchimiz komil bo‘lgan.

Oxirgi paytlarda xarajatlar qimmatlashdi. Masalan, yetkazib beruvchilarimiz asosiy qismining avtomobillari gazda yuradi. Anomal sovuqda gaz taqchilligi sababli kuryerlarimiz benzinda harakatlandi.

Shu tufayli xarajatlarimiz ko‘paygan bo‘lsa-da, xizmatni o‘chirmadik. Negaki birinchi navbatga mijozlar va ularning ishonchi biz uchun muhimdir.

Lekin bir qator mutaxassislarning ta’kidlashicha bepul yetkazib berish xizmati o‘zini oqlamaydi.

Bilasizmi, ushbu xizmatni yo‘lga qo‘yayotgan paytimizda ko‘pchilik kelib “buni qilmagin, bu boshi berk ko‘cha, bankrot bo‘lishing mumkin” deb aytgan. Lekin biz o‘z fikrimizda qat’iy qolganmiz.

Bunga biznes yuritishning bir xarajati sifatida qaraymiz va shundayligicha qoladi.

Demak, bu yo‘lni tanlaganda ham foyda ko‘rish mumkin, zarariga ishlanmaydi.

Bu narsa masshtabga ham bog‘liq — iloji boricha ko‘proq mijozga yetkazib berishga harakat qilamiz. Bepul yetkazib berish bo‘lganligi uchun buyurtmalar soni ko‘pligi hisobiga bu rentabel hisoblanadi.

Keling raqamlar haqida gaplashamiz. Birinchi nuqtani ochishga qancha mablag‘ kerak bo‘lgan?

Birinchi nuqtamizni ochishga $30 ming sarflangan.

Bu mablag‘ qanchadan keyin o‘zini oqladi?

Bilasizmi, bisnes endi boshlaganimiz va filialimiz soni bitta bo‘lganligi sababli xarajatlar faqat filialga tegishli bo‘libgina qolmay, balki ofis chiqimlarini ham qoplashi kerak bo‘lgan. Ochig‘ini aytaman, birinchi filiamiz qancha vaqtda o‘zini oqlaganini hisoblamaganman.

bellissimo, pitsa, pizza, shaxsiy biznes

Tasavvur qilaylik, hozirda biror bir tadbirkor ushbu biznesga kirib kelmoqchi. Unga tahminan qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?

Bunda aniq bir summani ayta olmayman, negaki pitsaxonalarning masshtabi har xil bo‘ladi. Masalan, aytaylik, jahon standartlariga ko‘ra ochiladigan bo‘lsa $100 mingdan ortiqroq mablag‘ kerak bo‘ladi.

Kichikroq formatdagi, aytaylik, faqat yetkazib berishga ishlaydigan yoki oddiyroq jihozlar bilan ochilganda $20−30 ming kerak bo‘lishi mumkin.

Bir orqaga qaytib ko‘ring. Boshlanishiga bir oyda tahminan nechta pitsa sotilganini eslay olasizmi?

Boshlanishiga, buyurtmalar soni haqiqatda kam — bir kunda 40−50 tani tashkil etardi. Bugungi kunga kelib esa 100 dan 300 tagacha yetadi.

To‘rt yil avval “Bellissimo” franshizasi stavkasi $10 mingdan $30 minggacha edi. Hozirga kelib stavka qanchaga o‘sdi?

“Bellissimo"ning bitta filialini ochish xarajati bir necha baravarga oshdi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. O‘tgan vaqt mobaynida biz o‘z ustimizda ishlashga, jihozlarni va sharoitlarni yaxshilashga harakat qildik.

Masalan, avval oshxonamiz hajmi 30 kv m ni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 80−90 kv m ga yetdi. Shuningdek, mijozlar o‘tiradigan joylarni ham kattaroq qilishga harakat qilyapmiz.

Necha barobar oshishiga olib keldi?

Uch-to‘rt baravarga.

Kompaniya saytiga ko‘ra, franshiza berish vaqtincha to‘xtaligan, bu nima bilan bog‘liq?

2023-yilgi rejalarimizda filiallar soni ham bor. Nuqtalarimiz sonini 60 taga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Bunda nechtasi franshiza bo‘lishi va nechtasini o‘zimiz ochishimiz belgilangan.

Franshiza bo‘yicha ochiladigan filiallar shartnomasini tuzib bo‘ldik, shuning uchun bu 2024-yilgacha to‘xtatildi.

bellissimo, pitsa, pizza, shaxsiy biznes

Filiallar soni haqida gap ketar ekan to‘rt yil avval 2020-yil oxirigacha filiallar sonini 40 taga yetkazish rejalashtirgandi. Qanday sabablarga ko‘ra ushbu ko‘rsatkichga erishilmadi?

2020-yilgi pandemiya nafaqat “Bellissimo”, balki juda ham ko‘p biznesga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. O‘sha vaqtda filiallarimiz yopilgan, ishlamagan kunlar bo‘ldi. Biznes qilish qiyin bo‘lib qoldi. 40 ta filialga chiqa olmaganimizning asosiy sababini shunda deb bilaman.

Lekin mana hozirda 39 ta filialimiz mavjud bo‘lib, 40-chisini ochish arafasidamiz.

Yosh tadbirkorlarga, ya’ni O‘zbekiston umumiy ovqatlanish sohasida faoliyatini yo‘lga qo‘yayotganlarga nimalarni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

Eng asosiysi, nafaqat umumiy ovqatlanish yo‘nalishida, balki har qanday biznes boshlayotgan vaqtda uning konsepsiyasidan boshlash kerak deb o‘ylayman. Ya’ni, aksar hollarda ko‘p tadbirkorlar qaysidir biznes yaxshi yurganini ko‘rib, “bo‘ldi men ham huddi shunday qilaman, ko‘chirsam shunday rivojlanib bir xil darajada bo‘laman” deb o‘ylashadi.

Aslida esa bu narsa ishlamaydi, chunki, aytaylik, mijozning o‘rgangan brendi bor. Ularning boshqa brendga o‘tish masalasi turganda “nima uchun, bu nimasi bilan farq qiladi” degan savol tug‘iladi. Ular berayotgan mahsulot yoki xizmat qaysidir jihatlari bilan farqlanishi kerak.

Shuning uchun agar konsepsiya boshidan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa biznes muvaffaqiyatli bo‘ladi.

bellissimo, pitsa, pizza, shaxsiy biznes